Asosiy menu

G‘alla xirmoni - xalq boyligi

G‘alla – xalq boyligi, bobo dehqonlarning ertayu-kech qilgan mehnatlarining samarasi, yoshu-qari, otaxonu-onaxonlarimizning rizq-ro‘zimizning serob bo‘lishi, turmushimizda to‘kin-sochinlik, farovonlik hukm surishini so‘rab qilgan ezgu niyatlarining ijobatidir. O‘zbek millati nonni ushog‘ini ham non bilib, ko‘zga surib e’zozlaydi, nonni ham donni ham uvol qilmaslikni jajji farzandiyu-nabiralariga pandu-nasihatlar bilan uqtirib yashaydi. Har yilning shu pallasida keksalardan tortib yoshlarigacha xosil unumli bo‘lishi, xirmonlarimiz bug‘doyga to‘lishini so‘rab duo qilishadi. Joriy yilda ham mana shu ezgu tilaklar o‘z ro‘yobini topdi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
2018 yilgi boshoqli don ekinini o‘z vaqtida sifatli yig‘ishtirib olish hamda davlat resurslariga g‘alla sotish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini bajarish maqsadida g‘alla hosili yig‘im-terim mavsumi «O‘zdonmahsulot» AK va tarkibdagi tizim korxonalarida sifatli tashkil etildi. Buning samarasi o‘laroq, respublikamiz miqyosida g‘alla hosilini davlat resurslariga tovar va urug‘lik don sotish bo‘yicha topshiriq rejasini bajardi.
Mavsum davomida g‘allakorlarning shijoati samarasi o‘laroq, barcha viloyat va tumanlar kesimida yuqori natijalarga erishildi. Jumladan, Buxoro viloyati g‘allakorlari shartnomaviy rejani birinchilardan bo‘lib bajardi. Shuningdek, Andijon viloyatida, Xorazm viloyati, Navoiy viloyati, Toshkent viloyati, Farg‘ona viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan viloyati, Samarqand viloyati, Surxandaryo viloyati, Qashqadaryo viloyati xamda Jizzax viloyati g‘allakorlari rejada ko‘rsatilgan g‘alla topshirish ko‘rsatkichlarini ortig‘i bilan bajardilar.
Joriy yilda g‘alla qabul qilish jarayonining elektron shaklga o‘tqazish, don qabul qilish shaxobchalarda ish unumdorligini ta’minlabgina qolmay, fermerlarga qulaylik yaratishga xizmat qildi.
Xalq manfaati, el-yurt farovonligi yo‘lida xizmat qilish eng oliy baxt, buyuk saodatdir. Dasturxonimiz ko‘rki nonimiz va donimiz mo‘l-qo‘lligi yo‘lida zahmat chekib, o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan g‘allakorlarimiz hamisha sog‘ bo‘lishsin.
Axborot xizmati.