Asosiy menu

Yangi qaror aholini don, un va non bilan ishonchli taʼminlashga yoʻnaltirilgan

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 13 sentyabrda “Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Unda 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab yoshga doir, nogironlik boʻyicha nafaqa, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolaligidan nogiron boʻlgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, nogiron boʻlgan 16 yoshgacha bolalarga nafaqa, shuningdek, yoshga doir pensiyaning belgilangan miqdoridan kam pensiya va nafaqa boʻyicha har bir nafaqa oluvchiga un va qolipli non xarid qilish boʻyicha qoʻshimcha xarajatlarni qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik pul kompensatsiya toʻlashi joriy etiladi.

Bundan tashqari, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar uni parvarish qilish boʻyicha nafaqa oluvchi har bir oila, oʻzini oʻzi boshqarish organlari orqali moddiy yordam oluvchi kam taʼminlangan oilaga ham xuddi shunday imkoniyat bor.

Ushbu qarorda ayni masalalarga eʼtibor qaratilgan.

Shuningdek, ayni sanadan boshlab 14 yoshgacha farzandlari boʻlgan oilalarga bolalar sonidan kelib chiqqan holda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan belgilanadigan nafaqa eng kam oylik ish haqiga nisbatan quyidagicha toʻlanadi:

– bir nafar farzandi boʻlgan oilaga – 60 foiz;

– ikki nafar farzandi boʻlgan oilaga – 100 foiz;

– uch nafar va undan koʻp farzandi boʻlgan oilaga – 140 foiz.

Hududlardagi tuman va shaharlar hokimlariga kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash shartlariga muvofiq 2019 yil 1 yanvarigacha hokimliklarning zaxira jamgʻarmalari, shuningdek, tuman va shaharlar byudjetlari daromadlari prognoz parametrlarining oshirib bajarilishidan tushgan mablagʻlar hisobiga oilaning har bir aʼzosi hisobga olingan holda eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida pul kompensatsiyasi ajratish huquqi beriladi.

Ushbu toifadagi oilalarga (shaxslarga) pul kompensatsiyasi tegishli oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan hisoblanadi.

Bundan tashqari, qarorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha samarali va manzilli chora-tadbirlarni koʻrishi, respublikaning barcha aholi punktlarida turli toifadagi isteʼmolchilarga un va non uzluksiz sotilishi uchun shaxsan masʼul ekani belgilab qoʻyildi.

Bu boradagi saʼy-harakatlar aholini maqsadli va tizimli ijtimoiy himoya qilish, ishlab chiqarishda raqobatni kuchaytirish orqali, aholiga sifatli non va non mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida tashkil etilmoqda.

UzA