Asosiy menu

Gʻalla maydoni kamaydi, lekin hosildorlik kam boʻlmaydi

«Sardor Sarbon» fermer xoʻjaligi bugʻdoydan moʻl hosil yetishtirishda nafaqat Peshku tumani, balki Buxoro viloyatida ham yuqori natijaga erishgan peshqadam xoʻjaliklardan biri.

Joriy yil hosildorlikni 75 sentnerga yetkazgan xoʻjalik mirishkorlari kelgusi yilda yanada yuqori marralarni koʻzlamoqda.

– Xirmon barakali boʻlishi koʻp jihatdan donni kuzda, qulay ob-havo sharoitida sifatli ekib olishga bogʻliq, – deydi fermer xoʻjaligi rahbari Oʻktam Elov. – Shuning uchun joriy yilda bu muhim agrotexnik tadbirga alohida eʼtibor qaratyapmiz. 16 gektar ochiq maydonga don ekishni tugatdik. Ayni paytda paxta hosilidan boʻshayotgan 19 gektar yerdagi gʻoʻza qator oralariga urugʻ tashlash yakuniga yetkazilmoqda. Mutaxassislar tavsiyasiga koʻra, ekish oldidan gektariga 125 kilogramm fosforli, 75 kilogrammdan kaliyli oʻgʻit kiritilmoqda. Bu maysaning yaxshi rivojlanishini taʼminlaydi.

Viloyatning 3 ming 600 dan ortiq fermer xoʻjaligida kuzgi don ekish ishlari tezkorlik bilan olib borilmoqda. Bunda maydonlar puxta tayyorlanayotgani, texnikalarga yoqilgʻi-moylash materiallari oʻz vaqtida yetkazib berilayotgani, zarur texnik xizmat koʻrsatish sifatli yoʻlga qoʻyilgani muhim omil boʻlayotir.

Urugʻ tanlashda ham uning mahalliy iqlim sharoitiga mosligi, ertapishar va hosildorligiga eʼtibor qaratildi. Maydonlarning qariyb 60 foiziga «Starshina» navi qadaladi. Shuningdek, «Grom», «Gratsiya», «Vassa», «Yuka» hamda tajriba dalalarida sinovdan oʻtgan «Antonina» navi ham ekilmoqda. Hozirda bu tadbir koʻzda tutilganidek, 21,5 ming gektar maydonda amalga oshirildi. Yaqin kunlarda paxta hosilidan boʻshaydigan 40,1 ming gektar maydonda ham gʻoʻza qator oralariga don ekishni nihoyasiga yetkazish koʻzda tutilgan.

Aytish kerakki, garchi bugʻdoy maydonlari sabzavot va boshqa ekinlarga ajratish hisobidan oʻtgan yilga nisbatan 1,5 ming gektarga kamaygan boʻlsa-da, gʻallakorlar kelgusi yilda hosildorlikni yanada oshirishni maqsad qilgan.

UzA