Asosiy menu

G‘alla yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi

Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan g‘alla ekilgan sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosilolishi yer ijara shartnomasi bekor qilinishigacha bo‘lgan choralar qo‘llanilishiga olib keladi.
Bundan tashqari, g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga yagona yer solig‘ini hisoblashda soliq stavkalariga hosildorlikka qarab koeffitsientlar qo‘llanilishi belgilanadi.
Ya’ni, gektaridan o‘rtacha 30 sentner va undan past hosil olinganda 2 barobar, hosildorlik 31 sentnerdan 40 sentnergacha bo‘lganida esa 1,5 barobar ko‘paytiruvchi koeffitsientlar qo‘llaniladi.
Mazkur tartib g‘alla yetishtiruvchilarni sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish borasidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida kiritildi.
2019 yil hosili uchun yetishtiriladigan 3-sinfli yumshoq bug‘doyning har bir tonnasi uchun kafolatlangan davlat xaridining o‘rtacha narxi 1 200 000 so‘m miqdorida belgilandi (o‘tgan yilgiga nisbatan 1,6 barobar ko‘p).
Davlat xaridi uchun yetishtirilgan mahsulotlarni tabaqalashtirilgan narxlarda, ya’ni ustama va chegirmalar qo‘llagan holda sotib olish tartibi joriy qilindi. Boshqacha qilib aytganda, yetishtirilgan g‘alla hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan g‘alla xarid narxiga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qo‘llaniladi.
Bunda, xarid narxiga g‘alla hosildorligi har gektaridan 41 sentnerdan 50 sentnergacha bo‘lganida – 10 foiz (120 ming so‘m), 51 sentnerdan 60 sentnergacha bo‘lganida – 20 foiz (240 ming so‘m), 61 sentner va undan yuqori bo‘lganida – 25 foiz (300 ming so‘m) ustama qo‘llaniladi.
Aksincha, davlat xaridi narxlari hosildorlik 30 sentner va undan kam bo‘lganida – 25 foiz (300 ming so‘m), 31 sentnerdan 40 sentnergacha bo‘lganida – 15 foiz (180 ming so‘m) chegirma bilan hisob-kitob qilinadi.
G‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish tizimini ham takomillashtirildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, imtiyozli kredit davlat xaridi uchun yetkazib beriladigan g‘alla qiymatining 60 foizigacha ajratilgan bo‘lsa, endilikda g‘alla yetishtirish uchun 100 foizigacha yillik besh foiz stavka bilan imtiyozli kredit beriladi.