Asosiy menu

Kitob va kitobxonlik – inson ma’naviyati ko‘zgusi

17 avgust kuni «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir shunday nomlandi. Unda taniqli shoira, «Saodat» jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, «Tafakkur» jurnali bosh muharriri Erkin A’zam hamda yosh, iste’dodli shoir-qalamkashlar Muxtasar Toshmamatova, Nargiz Xasanova va Ravshan Haqmurodov shuningdek, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan kitobning inson hayotidagi muhim ahamiyati xususida so‘z yuritishdi. Kitob inson kamolotining sarchashmasi, ilm bo‘stonining nuri, tafakkur ko‘zgusi sanaladi. Shu bilan birga u insoniyat ongli hayoti va ma’naviyat olamining bosh timsollaridan saladi. Kitob – bepoyon olam: bag‘ri keng, osmoni baland, tubi teran... Bizdan burungi zamonlarda, uzoq va yaqin o‘tmishda yashagan insonlar o‘zlarida va atrofdagilarda kechgan jami zavq-shavq hamda lazzat, ilm-hunar gavharini o‘zlaridan keyingi avlodlarga me’ros bo‘lsin deya kitob sahifalariga muhrlab ketganlar.
Tadbir doirasida shuningdek, «Mushoira kechasi» ham o‘tkazilib insonni xayolot olamining olis manzillariga yetaklab, kalblarga o‘zgacha iliq hislar uyg‘otuvchi sara misralar she’riyat ustalari tomonidan o‘qib eshittirildi. Mamlakatimizning jadal rivojlanayotgan bir davrida ajdodlarimiz va donolar fikrida o‘z aksini topgan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki yosh avlodni har tomonlama shakllanishida kitob mutolaasining o‘rni beqiyosligini anglagan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvarda «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilindi. Bu farmoyishda aholining keng qatlamini kitob o‘qishga jalb qilish, kitob o‘qish va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, voyaga yetayotgan farzandlarimizni bog‘cha yoshidan boshlab kitobga mehrli qilib tarbiyalash, kitob mahsulotlarining mazmuniga e’tibor qaratish, ularni chop yetish sifatini yaxshilash hamda chekka qishloq va ovullargacha borib yetishini ta’minlash, turli mazmundagi kitoblar bilan to‘ldirilgan kitob do‘konlarini ko‘paytirish, kutubxonalar fondini boyitishga alohida ye’tibor qaratish, chop etilayotgan kitoblarni aholi o‘rtasida ommaviy axborot vositalari asosida kitob targ‘iboti – reklamalarini tashkil qilish, qiziqish uyg‘otish va ushbu jarayonda faol kutubxonachi va targ‘ibotchilar orasida turli tanlovlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratishini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joizki, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasida tashkil etilgan «Mutolaa xonasi» ishchi xodimlar bilan hamisha gavjum. Unda joy olgan huquqiy, ilmiy, tarixiy va sohaviy adabiyotlar, jahon va o‘zbek badiiy adabiyotining sara namunalari doim o‘z o‘quvchilarini topmoqda.
Tadbir so‘nggida ijodkorlar o‘zlarining betakror ijod namunalari joy olgan kitoblarni «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi «Mutolaa xonasi»ga taqdim qilishdi. 

Axborot xizmati.