Asosiy menu

Qolipli non erkin bozor narxida sotiladi

Sir emas, jahonda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab ortib borayotir. Mamlakatimizda barcha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qatori boshoqli va dukkakli ekinlar yetishtirish hajmi ortib, ularni qayta ishlash kengayib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va foydalanish meʼyorlari takomillashtirilmoqda.

Don, un va nonni sotishga, shuningdek, mamlakatning donni qayta ishlash tarmogʻiga bozor mexanizmlarini joriy qilish, un va qolipli non xarid qilish boʻyicha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarida qoʻshimcha xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiyalar toʻlashning samarali mexanizmlarini yaratish tizimi joriy etilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 13 sentyabrdagi “Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yangi tizimlashgan loyihalarni hayotga tatbiq etishda huquqiy asos boʻladi.

Mazkur hujjatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan 2018 yil 15 sentyabrdan boshlab bir kilogramm 1-nav bugʻdoy unini ulgurji sotish narxi 1 ming 400 soʻm miqdorda belgilanadi. Shuningdek, qolipli nonni talab va taklif asosida shakllantiradigan erkin bozor narxi boʻyicha sotish tartibi joriy etildi.

“Oʻzdonmahsulot“ aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari tomonidan spirt ishlab chiqaruvchilar va chorvachilik (parrandachilik, baliqchilik) korxonalariga don, shuningdek, oliy navli bugʻdoy uni birja savdolari orqali cheklovlarsiz sotiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda un narxi shakllanishi yuzasidan amaliy monitoring oʻrnatadigan boʻldi. Unga koʻra, 2018 yil 1 noyabrgacha 1-nav bugʻdoy uni uchun ulgurji sotish narxini belgilash tartibini bekor qilishga oid takliflar koʻrib chiqiladi.

Ushbu qaror ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ishlar sohadagi mavjud tarmoqlar faoliyatini yanada rivojlantirish va aholiga qulaylik yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.


UzA