Asosiy menu

Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Davlat xaridlari tizimining shaffofligini taʼminlash hamda uni yanada takomillashtirish hisobiga korporativ buyurtmachilar, shu jumladan, strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar mablagʻlarining maqsadli sarflanishini taʼminlash hamda samaradorligini oshirish, davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish maqsadida:

1. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi «Xoʻjalik jamiyatlari va strategik ahamiyatga ega korxonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-3487-son qarori bilan tasdiqlangan strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar:

eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli orqali xaridlarni amalga oshirishdan oldin davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida
eʼlon joylashtiradi. Eʼlonda xarid komissiyasi tomonidan takliflarni qabul qilib olishning oʻn besh kundan kam boʻlmagan soʻnggi muddati hamda Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari toʻgʻrisida»gi qonunining 52-moddasida nazarda tutilgan axborot boʻlishi kerak;
xarid komissiyasining eng yaxshi takliflarni tanlab olish boʻyicha bayonini u rasmiylashtirilgan kuni davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida ikki ish kuni muddatga jamoatchilik muhokamasiga joylashtiradi;

davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisida maʼlumotlarni ular tuzilgan sanadan boshlab uch ish kundan kechiktirmasdan belgilangan tartibda davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritadi;

xaridlarni elektron doʻkon va boshlangʻich narxni pasaytirish
uchun oʻtkaziladigan auksion orqali qonunda belgilangan mezonlarga
muvofiq amalga oshirishga haqli.
2. Tanlov va tender savdolari orqali davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron shaklga oʻtkazish boʻyicha «yoʻl xaritasi»1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2020-yil 1-yanvardan
boshlab davlat buyurtmachilariga elektron doʻkonning qoʻshimcha sahifasidan foydalangan holda, davlat xaridlarini hududlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat koʻrsatuvchilar) oʻrtasida amalga oshirish huquqi beriladi. Bunda, elektron doʻkonning qoʻshimcha sahifasida xarid qilish tartib-taomili yakuniga koʻra tovar (ish, xizmat) mavjud emasligi sababli shartnoma tuzilmagan boʻlsa, davlat buyurtmachisi elektron doʻkonning asosiy sahifasidan foydalanmasdan mustaqil ravishda tanlangan yetkazib beruvchi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga haqli emas.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda bir oy muddatda davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalidagi elektron doʻkon savdo maydonchasida davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarini hududlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat koʻrsatuvchilar) oʻrtasida amalga oshirish imkoniyatini beruvchi qoʻshimcha sahifa yaratilishini taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yil 1-yanvardan boshlab Moliya organlari va byudjet tashkilotlari moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv markazi bazasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning xodimlari uchun oʻquv jarayoniga sohadagi yetakchi mutaxassislarni keng jalb qilgan holda davlat xaridlari boʻyicha maxsus kurslar tashkil qilsin.

7. 2020-yil 1-apreldan boshlab byudjet tashkilotlarining chet el valyutasidagi mablagʻlariga nisbatan Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochish orqali gʻazna ijrosi mexanizmi joriy etilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.


Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                                                                      Sh.MIRZIYOYEV


Toshkent shahri,

2019-yil 5-dekabr



OʻzА