Asosiy menu

2020 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Xalqimiz milliy yuksalish va milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan hozirgi vaqtda barcha ezgu qadriyat va an’analarimiz qatori Navro‘z bayramining ham hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Ayniqsa, ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yasharish va yangilanish, yaxshilik va bag‘rikenglik, tabiatni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash kabi o‘lmas g‘oyalar bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi va ma’no-mazmuniga g‘oyat hamohang ekanini ta’kidlash lozim.
Xalqimiz asrlar davomida katta shodu xurramlik bilan nishonlab kelayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida belgilangan Navro‘zi olamning ana shunday beqiyos ahamiyatini hisobga olib hamda bu ayyomni yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasi, obro‘-e’tibori va nufuziga har tomonlama munosib tarzda o‘tkazish maqsadida:
1. 2020 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mita Navro‘z bayramini Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha «Navro‘zing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O‘zbekistonim!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan Navro‘z umumxalq bayramini o‘tkazish konsepsiyasi va tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
2. Mazkur konsepsiya va dasturni tayyorlashda barcha tadbirlarni tom ma’noda umumxalq sayli va shodiyonasi sifatida o‘tkazish, ularda keng xalq ommasining faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:
Navro‘z kunlarida inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tibor yaqqol o‘z ifodasini topishini ko‘rsatib beradigan, atrof-muhitni, uning ne’matlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;
so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni Navro‘zning azaliy qadriyat va an’analariga hamohang tarzda, ta’sirchan usullarda ifoda etish;
barcha shahar va qishloqlarda tashkil etiladigan bayram tadbirlarida, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, har bir hudud aholisi o‘rtasida uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odat va an’analarning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;
xalqimizga xos bo‘lgan mehr-muruvvat, ahillik va hamjihatlik fazilatlari asosida nuroniy keksalarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
yurtimizda millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalari, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan turli millat va elat vakillarining Navro‘zni nishonlashga oid urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarini keng namoyish etish;
obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z bayrami arafasida shahar va qishloqlarda, mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
tadbirlar bo‘lib o‘tadigan joylarda hunarmandchilik ko‘rgazmalari, kitob rastalari, ko‘chma savdo do‘konlari, ko‘klam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini tashkil qilish.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Navro‘z umumxalq sayillarini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
Navro‘z umumxalq sayillari o‘tkaziladigan asosiy maydonlar, xiyobonlar va ko‘chalarni belgilash, ularni milliy uslubda bayramona bezatish hamda sahnalarni o‘rnatish;
joylarda bo‘lib o‘tadigan umumxalq sayillariga mahalliy folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, sirk san’ati vakillari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarini keng jalb etish;
bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos bo‘lgan xalq o‘yinlari, tomoshalar, ko‘rgazmalar va musobaqalarni o‘tkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalarni joylashtirish;
b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, ko‘chalar, xiyobonlar va maydonlarni bezatishda katta mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, ijodkorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;
v) O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Navro‘z umumxalq sayillariga xorijiy va mahalliy turistlarning tashrifini tashkil etish maqsadida keng targ‘ibot va tayyorgarlik ishlarini amalga oshirsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:
Toshkent shahrida respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti va viloyatlarda mahalliy budjetlar hisobidan qoplanadi.
5. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, «Dunyo» axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

             O‘zbekiston Respublikasi
                      Prezidenti                                                                                                         Sh. Mirziyoyev



president.uz