Asosiy menu

Oʻzbеkiston Rеspublikasi Prеzidеnti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi


Hurmatli senator va deputatlar!

Qadrli yurtdoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

2019 yilda mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasini bayon etishga ruxsat bergaysiz.

Bugun biz shiddat bilan oʻzgarib borayotgan zamonda yashamoqdamiz. Dunyo miqyosida manfaatlar kurashi, raqobat tobora avj olib, xalqaro vaziyat keskinlashib bormoqda.

Biz kelgusi yil uchun amaliy rejalar tuzar ekanmiz, xalqaro maydondagi ana shunday murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, taraqqiyotimizning ustuvor yoʻnalishlarini aniq-ravshan belgilab olishimiz zarur.

Aziz doʻstlar!

Biz har bir yilga ezgu niyat bilan nom beramiz va oʻz oldimizga ulkan marralarni qoʻyamiz.

Buyuk Imom Buxoriy hazratlarining «Al-Jomeʼ as-Sahih» asari «Barcha ezgu amallar niyatga bogʻliq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi» degan hadis bilan boshlanishida albatta juda chuqur maʼno bor.

Biz 2018 yilga «Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili» deb nom berib, Davlat dasturi doirasida 21 trillion soʻm va 1 milliard dollarga teng 76 mingta loyihani amalga oshirganimiz oʻtgan yili yaxshi niyat bilan boshlagan ishlarimizning natijasini koʻrsatib turibdi.

Sanoat, qishloq xoʻjaligi, kapital qurilish, transport-kommunikatsiya, servis va xizmat koʻrsatish sohalarida salmoqli yutuqlar qoʻlga kiritildi.

Ayniqsa, har qachongidan ham ogʻir boʻlgan bu yilgi mavsumda mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilganlarini alohida taʼkidlashni istardim.

Aholi farovonligini oshirish maqsadida joriy yilda ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori oʻtgan yillarga nisbatan sezilarli ravishda oshirildi. Xususan, pedagog xodimlarning ish haqi soʻnggi 10 yilda birinchi marta 50 foizgacha koʻpaytirildi.

Koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli aholining real umumiy daromadlari 2017 yilga nisbatan 12 foizga oshdi.

«Har bir oila – tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz» kabi dasturlar doirasida 2 trillion soʻmga yaqin mablagʻ ajratilib, joylarda 2 ming 600 dan ortiq biznes loyihalari amalga oshirildi.

Bu yildan boshlab, soliqlarning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan hududlarda 5,5 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ qoldirildi.

Bu, oʻtgan yilga nisbatan 6 barobar, 2016 yilga nisbatan esa – shunga eʼtibor berishingizni soʻrayman – 32 barobar koʻpdir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Yakuniga yetib borayotgan yil barchamiz uchun muqaddas Vatan timsoli boʻlgan qishloqlarimiz, mahallalarimizni obod qilish boʻyicha ulkan ishlar boshlangan yil boʻldi.

Xususan, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari xalqimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi. Joriy yilda bu boradagi qurilish va obodonlashtirish ishlariga 3 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Natijada 416 ta qishloq yangicha qiyofaga ega boʻldi.

Oʻtayotgan yilda hayotimizning boshqa sohalarida, jumladan, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat, sport sohalarini rivojlantirish yoʻlida ham muhim qadamlar qoʻyildi. Ayniqsa, yurtimiz yoshlari Indoneziyada boʻlib oʻtgan Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, Argentinada oʻtkazilgan oʻsmirlar Olimpiadasida yuqori oʻrinlarni olgani barchamizni quvontirdi.

Hurmatli parlament aʼzolari!

Xalqaro munosabatlarda ochiq va amaliy, faol tashqi siyosat olib borilayotgani tufayli ishonchli hamkor sifatida mamlakatimizning xalqaro obroʻsi tobora ortib bormoqda.

Barcha qoʻshnilarimiz bilan doʻstona va oʻzaro ishonch ruhidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash bizning asosiy vazifalarimizdan biriga aylandi.

2018 yilda 18 ta davlatlararo rasmiy tashriflar amalga oshirildi va 52 milliard dollarlik 1 ming 80 ta loyiha boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom va Osiyo taraqqiyot banklari, boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdagi investitsiyalar hajmi 8,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Bugungi kunda yurtimizda, chet el investitsiyalari hisobidan qiymati 23 milliard dollarlik 456 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar tobora kuchayib borayotganini hisobga olib, biz yangi Mudofaa doktrinasini qabul qildik.

Qurolli Kuchlar tarkibidagi barcha qoʻshin turlarining tuzilma va vazifalari qayta koʻrib chiqildi.

Armiya va xalq birligini taʼminlash maqsadida barcha hududlarda harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi.

Albatta, yil mobaynida amalga oshirgan ishlarimiz roʻyxatini uzoq davom ettirish mumkin. Lekin bunday misollarni keltirish, qayd etishdan maqsad – koʻkrakka urib maqtanish emas. Biz bundan mutlaqo yiroqmiz. Bizning maqsadimiz – oʻtgan bir yillik taraqqiyot yoʻlimizni xolisona va tanqidiy baholashdan iborat.

Fursatdan foydalanib, islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelayotgan, barcha qiyinchilik va sinovlarni mardona yengib, oʻzining fidokorona mehnati bilan jonajon Vatanimiz ravnaqiga ulkan hissa qoʻshayotgan olijanob xalqimizga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

Yana sanoqli kunlardan keyin yurtimizga yangi – 2019 yil kirib keladi. Yangi yil arafasida anʼanamizga koʻra 2019 yilga qanday nom berish toʻgʻrisida bugun sizlar bilan maslahatlashib, bir qarorga kelsak, ayni muddao boʻladi.

Albatta, biz bu haqda koʻp oʻyladik. Joylarda xalq bilan muloqotlar davomida va murojaatlarda bildirilgan fikrlar, taklif-mulohazalarni atroflicha koʻrib chiqdik.

Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan boʻlsa, oʻz iqtisodiyotining barqaror oʻsishiga erishgan.

Shu sababli ham investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, oʻzbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Investitsiya bilan birga turli soha va tarmoqlarga, hududlarga yangi texnologiyalar, ilgʻor tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib keladi, tadbirkorlik jadal rivojlanadi.

Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: investitsiya deymiz, islohotlar deymiz, modernizatsiya, deymiz.

Lekin bu oʻzgarishlardan koʻzlangan asosiy maqsad nima oʻzi?

Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson millati, tili va dinidan qatʼi nazar, erkin, tinch va badavlat umr kechirishi, bugun hayotdan rozi boʻlib yashashi – bizning bosh maqsadimizdir.

Bu yoʻnalishda oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi birinchi navbatda ijtimoiy sohadagi islohotlarimiz samarasi bilan chambarchas bogʻliq.

Yoshlarimizga munosib taʼlim berish, ularning ilm-fanga boʻlgan intilishlarini roʻyobga chiqarishimiz kerak. Shu maqsadda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishimiz, oʻrta va oliy oʻquv yurtlarining moddiy-texnik bazasini, ilmiy va oʻquv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilashimiz kerak.

Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, biz uchun hayotiy muhim masaladir. Takror aytaman, tinchlik va sogʻliqni taʼminlasak, qolgan hamma narsaga erishamiz.

Nogironligi boʻlgan shaxslar, boquvchisini yoʻqotganlar, yolgʻiz keksalar, umuman, koʻmakka muhtoj qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash, albatta, ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi.

Kelgusi yilda tadbirkorlik, biznes uchun yanada qulay muhit yaratish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, aholi daromadlarini koʻpaytirish, pensiya taʼminotini yaxshilash boʻyicha ham koʻp ishlar qilishimiz lozim.

Shularning barchasini hisobga olib, 2018 yilda boshlagan ishlarimizni mantiqiy davom ettirish va yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida, men kirib kelayotgan yangi – 2019 yilga «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili», deb nom berishni taklif etaman.

Aziz doʻstlar!

Yilga bunday nom berganimiz barchamizga juda katta vazifalar va masʼuliyat yuklaydi. Investitsiyalarni qanday qilib koʻpaytiramiz, ijtimoiy muammolarni qanday hal qilamiz, degan savollar oldimizda koʻndalang boʻlib turibdi.

«Oynai jahon» orqali bizni kuzatib turgan xalqimiz ana shu savollarga bizdan javob kutishga toʻla haqli.

Bu vazifalarni hal qilishga bugundan boshlab kirishmasak, bor kuch va imkoniyatlarimizni shu yoʻlda safarbar etmasak, koʻzlagan maqsadga, marraga erishish qiyin boʻladi.

Har bir rahbar – u vazir yoki markaziy idora boshligʻi boʻladimi, deputat yoki senator boʻladimi, kompaniya yoki xoʻjalik birlashmasi raisi, viloyat yoki tuman hokimi boʻladimi – barcha-barchamiz bu ishni eng birinchi vazifamiz, deb bilishimiz zarur.

Biz faqat investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishga erishamiz.

Iqtisodiyotdagi ijobiy natijalar esa ijtimoiy sohada toʻplanib qolgan muammolarni tizimli hal etish imkonini yaratadi.

Buni hammamiz chuqur tushunib olishimiz va ishimizni shu asosda tashkil etishimiz shart.

Qadrli yurtdoshlar!

Iqtisodiyot sohasida oldimizda turgan vazifalar haqida gapirganda, avvalo, keng qamrovli iqtisodiy islohotlar negizida quyidagi maqsadlar mujassam ekanini qayd etish lozim:

– ochiq iqtisodiyot, sogʻlom raqobat, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash uchun zarur sharoitlarni yaratish;

– iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy sektorni jadal rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish;

– iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mehnat unumdorligini oshirish orqali yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlash;

– «yashirin» iqtisodiyotga qarshi kurashish, uning hajmini keskin qisqartirish;

– valyutani erkinlashtirish siyosatini izchil davom ettirish, barqaror monetar siyosatni amalga oshirish;

– iqtisodiyotni rivojlantirishga doir strategik vazifalarni roʻyobga chiqarishga qodir malakali kadrlarni tayyorlash.

Bu maqsadlarga erishish uchun quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish talab etiladi.

Birinchidan, biz makroiqtisodiy barqarorlikni va yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlashimiz shart.

Avvalo, inflyatsiyani jilovlamasdan turib, makroiqtisodiy barqarorlikka erishish mumkin emas.

Jahon tajribasini puxta oʻrganib, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda, monetar siyosatni takomillashtirish va narx-navo barqarorligini taʼminlash konsepsiyasini ishlab chiqishimiz zarur.

Oʻtish davrida iqtisodiyot sohasida statistik hisobotlarni toʻgʻri yuritish va davlatning iqtisodiy salohiyatini aniq baholash juda muhimdir.

Shu orqali yalpi ichki mahsulotni xolisona baholashga erishish mumkin.

Shu maqsadda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xalqaro valyuta fondining Milliy hisoblar tizimini respublikamizda 2020 yil 1 yanvardan boshlab toʻliq joriy etishimiz lozim.

Iqtisodiyotning barqaror oʻsishi, birinchi navbatda, yetakchi sohalar rivojiga bevosita bogʻliqdir.

Qaysi sohada yuqori qiymatga ega mahsulot yaratilsa, biz ana shu sohani birinchi navbatda qoʻllab-quvvatlaymiz.

Shuning uchun iqtisodiyot rivojiga jiddiy turtki beradigan sohalarni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishimiz lozim.

Vazirlar Mahkamasi mamlakatni 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib, xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilishni kelgusi yil 1 aprelgacha yakunlasin.

Byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish tizimini yanada takomillashtirish zarur.

Byudjet hisobidan mablagʻ ajratiladigan har qanday dastur yoki loyihaning sifat va miqdor koʻrsatkichlaridan iborat, natijaga yoʻnaltirilgan indikatorlari boʻlishi kerak.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ushbu vazifalarni amalga oshirish yuzasidan taklif kiritish topshiriladi.

Kelgusi yil uchun Davlat byudjeti defitsiti 4,5 trillion soʻm atrofida boʻlishi va yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,1 foiz boʻlishi rejalashtirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi hozirdan boshlab qoʻshimcha imkoniyat va manbalar hisobidan byudjet daromadlarini koʻpaytirish, shu orqali kutilayotgan defitsitni kamaytirish yuzasidan aniq choralar koʻrsin.

Shuningdek, bir oy muddatda tashqi bozordagi oʻzgarishlarning iqtisodiyotimizga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha «Yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish lozim.

Iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan Raqamli iqtisodiyot milliy konsepsiyasini ishlab chiqishimiz kerak. Shu asosda «Raqamli Oʻzbekiston – 2030» dasturini hayotga tatbiq etishimiz zarur.

Raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foizga oʻstirish, korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini beradi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar oʻtkazgan tahlillar ham buni tasdiqlamoqda.

Shuning uchun Hukumatga ikki oy muddatda raqamli iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha «Yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish topshiriladi. Bu borada axborot xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish zarur.

Ikkinchidan, iqtisodiyotimiz rivojining muhim sharti boʻlgan faol investitsiya siyosatini izchil davom ettiramiz.

2019 yilda barcha manbalar hisobidan qariyb 138 trillion soʻmlik yoki 2018 yilga nisbatan 16 foiz koʻp investitsiyalarni oʻzlashtirish moʻljallanmoqda.

Bu borada toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar miqdori joriy yilga nisbatan qariyb 1,5 barobar oshirilib, 4,2 milliard dollarga yetkaziladi. Natijada 142 ta zamonaviy korxona ishga tushiriladi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijasi jahondagi yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan eʼtirof etilayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Masalan, dunyodagi nufuzli «Fitch Ratings» va «Standart & Pooʻrs» reyting agentliklari birinchi marta mamlakatimizning xalqaro suveren kredit reytingini belgiladi.

Ana shu reyting baholari «Barqaror» prognoziga ega boʻlib, bu yaqin 12-18 oy davomida ushbu koʻrsatkichning pasayish ehtimoli kamligini bildiradi.

Oʻzbekiston erishayotgan bunday reyting baholari koʻpgina rivojlanayotgan davlatlarga nisbatan yuqori ekanini qayd etish lozim.

Ushbu reyting agentliklari Oʻzbekistonda valyuta, savdo va narx siyosati erkinlashgani, davlat boshqaruvidagi institutsional oʻzgarishlar, mamlakat oltin-valyuta va byudjet zaxirasi yetarli ekani, davlat qarzining kamligi singari omillarga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Kelgusi yilning birinchi choragida yurtimiz tarixida ilk marta Oʻzbekistonning suveren davlat obligatsiyalarini xalqaro moliya bozorlariga chiqaramiz.

Bu borada biz «J.P.Morgan», «Citibank», «Deutsche Bank» kabi yetakchi xalqaro investitsiya banklari bilan hamkorlik olib bormoqdamiz.

Xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun mamlakatimizning investitsiya salohiyatini toʻla namoyon etish choralarini koʻrishimiz kerak.

Biz iqtisodiyotimizga sarmoya kiritishga intiladigan investorlar uchun hududlar va tarmoqlar boʻyicha investitsiya loyihalarini puxta shakllantira olsak, bu masalada ijobiy natijaga erishish mumkin.

Bu borada erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida biznes subyektlarini joylashtirish, ularga imtiyoz va preferensiyalar berishni tashkiliy va huquqiy jihatdan tartibga solish lozim.

Birinchi navbatda, eksportga mahsulot chiqarayotgan, innovatsion va yuqori texnologik ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga va chet ellik investorlarga shunday imkoniyat yaratish kerak.

Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda aniq kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish, jumladan, mamlakatimizni Global raqobatbardoshlik reytingiga kiritish boʻyicha tegishli ishlarni amalga oshirish topshiriladi.

Uchinchidan, bank va moliya tizimida islohotlarni jadal davom ettirish, sohaga zamonaviy bozor mexanizmlarini keng joriy etish zarur.

Bugungi kunda bank tizimidagi eng asosiy muammo – ular kapitalining asosiy qismi, yaʼni, 83 foizi davlatga tegishli ekanidir. Bu, oʻz navbatida, bank sektorida sogʻlom raqobatga toʻsiq boʻlib, xizmat koʻrsatish sifatiga salbiy taʼsir qilmoqda.

Hukumat va Markaziy bank xalqaro moliya institutlari koʻmagida bank-moliya tizimini rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqishi lozim.

Bunda bank tizimiga xususiy va xorijiy kapital kirib kelishi hisobidan biz davlat banklari ulushini bosqichma-bosqich kamaytirib boramiz. Bu esa sohada raqobat muhitini yaxshilashga, tijorat banklari faoliyatini, kreditlash sifati va madaniyatini har tomonlama oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, moliya bozorlari, jumladan, fond bozorini rivojlantirish ham yangi iqtisodiy sharoitda asosiy maqsadlarimizdan biri boʻlishi kerak.

Yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish va obligatsiyalar chiqarish orqali, bank xizmatlari koʻlamini yanada kengaytirish, ilgʻor axborot texnologiyalari asosida bank tizimini rivojlantirish zarur.

Investorlar mamlakatimizda oʻzini imkon qadar erkin his qilishlari uchun valyuta bozorini yanada erkinlashtirish talab etiladi.

Toʻrtinchidan, fuqarolarimiz soliqdan qochish emas, uni vaqtida toʻlashdan manfaatdor boʻlishi kerak.

2019 yildan boshlab joriy etilayotgan yangi soliq konsepsiyasining eng asosiy gʻoyasi soliq yukini kamaytirish, sodda va barqaror soliq tizimini qoʻllashni koʻzda tutadi. Shu orqali iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish, tadbirkor va investorlar uchun har tomonlama qulay muhit yaratishga erishish mumkin.

Afsuski, yalpi ichki mahsulotda «yashirin» iqtisodiyotning ulushi katta boʻlib, bu mamlakat rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Soliq yukini kamaytirish, biznes yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish «yashirin» iqtisodiyotga barham berishning yagona yoʻlidir. Shuning uchun bu borada taʼsirchan choralarni nazarda tutadigan alohida dastur ishlab chiqishimiz zarur.

Bundan tashqari, oʻzimizda ishlab chiqarilgan va import qilinayotgan yuqori likvidli mahsulotlar markirovkasini joriy etish boʻyicha jadal ish olib borish talab etiladi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida mamlakat taraqqiyotining tayanchi boʻlgan insofli, halol soliq toʻlovchilarni ragʻbatlantirish, yashirin faoliyat yuritadiganlarni esa jazolash koʻzda tutilishi shart.

Maʼlumki, soliq stavkalari pasaytirilishi yoki ayrim soliqlar bekor qilinishi bilan byudjetga tushadigan mablagʻ albatta kamayadi.

Buni samarali soliq maʼmuriyatchiligi orqali bartaraf etish va byudjet barqarorligini taʼminlash mumkin. Aynan shunga erishish birinchi galdagi vazifamizdir.

Soliq maʼmuriyatchiligi shunday boʻlishi kerakki, qoʻshilgan qiymat soligʻi keng joriy qilinsa ham bu holat isteʼmol tovarlarining narxi oʻsishiga olib kelmasligi shart va zarur.

Moliya vaziri va Davlat soliq qoʻmitasi raisi soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligi hamda byudjet va isteʼmol mahsulotlari narxining barqarorligini taʼminlashga shaxsan masʼul etib belgilanadi.

Soliq yukini kamaytirish hisobiga barchaga bir xil adolatli soliq rejimini joriy etish, soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilish lozim.

Zero, berilgan imtiyoz raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini tadbirkorlarning oʻzlari ham eʼtirof etmoqdalar.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ana shu masala boʻyicha «Yoʻl xaritasi» ishlab chiqish vazifasi topshiriladi.

Beshinchidan, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlar jadal davom ettiriladi.

Buyuk alloma Najmiddin Kubro hazratlari «Muvaffaqiyatni – saʼy-harakatda, muvaffaqiyatsizlikni esa – loqaydlik va dangasalikda koʻrdim», deb bejiz aytmaganlar.

Haqiqatan ham, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz.

Jahon bankining biznes yuritish sohasidagi reytingida mamlakatimiz qurilish boʻyicha 134-oʻrinni egallagan.

Bu esa sohada koʻplab muammolar borligidan dalolat beradi.

Misol uchun, qurilish sohasida ruxsat berishga oid 17 ta tartib mavjud boʻlib, ularni olish uchun oʻrtacha 246 kun sarflanadi. Bu adolatsizlik emasmi?

Vazirlar Mahkamasi zudlik bilan ushbu sohaga doir norma va qoidalarni takomillashtirish choralarini koʻrib chiqishi kerak.

Oltinchidan, iqtisodiyotni boshqarishda davlat aralashuvini keskin kamaytirish lozim.

Bugungi kunda mamlakatimizda 603 ta aksiyadorlik jamiyati faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ularning 486 tasida davlat ulushi 52 trillion soʻmni tashkil etmoqda.

Yoqilgʻi-energetika, neft-gaz, kimyo, transport va bank sohalarida davlat ishtiroki yuqori darajada saqlanib qolayotgani ularni bozor mexanizmlari asosida rivojlantirish, investitsiyalar jalb etishga toʻsqinlik qilmoqda.

Ayrim vazirliklar oʻzi nazorat qiladigan sohadagi korxonalarda taʼsischi ekani erkin va sogʻlom raqobatga yoʻl bermayapti, buniyam bugun ochiq aytish kerak. Bunday tizimni endi oʻzgartirmasak, ushbu tarmoqlarda ham va umuman, iqtisodiyotda barqaror rivojlanishga erishib boʻlmaydi.

Davlat aktivlari tartibsiz boshqarilayotgani ham samaradorlikka salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Masalan, hozirgi vaqtda 972 ta davlat korxonasi aktivlarining atigi 21 foizi Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan, qolgan 79 foizi vazirlik va idoralar hamda xoʻjalik birlashmalari tomonidan boshqarilmoqda.

Bunday yondashuv soʻnggi 27 yil davomida davlat korxonalarini qanday ahvolga olib kelgani hech kimga sir emas. Aviasozlik sanoati kabi butun bir soha yoʻq boʻlib ketdi.

Mavjud tizimni tartibga solish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish markazi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni mustaqil agentlik etib qayta tashkil qilish lozim.

Bu Agentlik davlat mulkini boshqarish, davlat korxonalarini isloh qilish, aksiya va obligatsiyalar chiqarish yoʻli bilan ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish, xususiylashtirish jarayonlariga bosh-qosh boʻladi.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda mazkur taklifni amalda joriy etish vazifasi topshiriladi.

Yettinchidan, biz erkin bozor tamoyillarini oʻrnatmoqchi ekanmiz, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini isloh qilish va rivojlantirish orqali sogʻlom raqobat muhitini yaratishimiz shart.

Bu borada birinchi qadam sifatida «Oʻzbekenergo» va «Oʻzbekiston havo yoʻllari» tizimini tubdan isloh qilish haqida qarorlar qabul qildik.

«Oʻzbekiston havo yoʻllari» milliy aviakompaniyasi qayta tashkil etilib, parvozlarni amalga oshirish, aeroportlarni boshqarish va aeronavigatsiya xizmatlari bir-biridan ajratildi.

Kelgusi yilda boshqa strategik tarmoqlarni ham, jumladan, «Oʻzbekneftgaz», «Oʻzkimyosanoat» jamiyatlari, Navoiy kon-metallurgiya kombinatini bosqichma-bosqich isloh qilishni davom ettiramiz.

Mahsulot ishlab chiqarish hajmi va uning narxini belgilash amaliyotini butunlay qayta koʻrib chiqib, bozor tamoyillarini joriy etish zarur.

Vazirlar Mahkamasiga ushbu masalalar yuzasidan ikki oy muddatda Hukumat dasturlari va «yoʻl xaritalari»ni ishlab chiqish topshiriladi.

Sakkizinchidan, iqtisodiyotimizni jahon bozoriga integratsiya qilish va eksportni qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifadir.

Kelgusi yili eksport hajmini 30 foizga oshirib, 18 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qoʻymoqdamiz.

Biz eksportga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotga oʻtishimiz, ichki bozorda raqobat muhitini shakllantirishimiz zarur.

Shuningdek, transport-logistika tizimini takomillashtirish ham eng dolzarb masaladir. Chunki dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklangani uchun mahsulotni eksport qilishda koʻplab qiyinchiliklar paydo boʻlmoqda.

Shu bois, «Uzbekistan Eyrveys» va «Oʻzbekiston temir yoʻllari» kompaniyalari tovarlarimizni eksport qilish boʻyicha zamonaviy logistika yoʻnalishlarini yaratishlari zarur.

Vazirlar Mahkamasi eksport yuklarini qoʻshni davlatlardan temir yoʻl orqali imtiyozli narxlarda oʻtkazish boʻyicha muzokaralar olib borishi kerak. Shu bilan birga, Jahon bankining «Logistika samaradorligi indeksi»dagi mamlakatimiz oʻrnini yuqori pozitsiyaga koʻtarish choralarini koʻrish lozim.

Kelgusi yilda bojxona tartiblarini keskin soddalashtirish, bojxona nazorati punktlari hamda yuklarni rasmiylashtirish postlarini tubdan isloh qilish zarur.

Yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy talablarga javob beradigan, «yagona darcha» tamoyili asosida faoliyat koʻrsatadigan bojxona komplekslarini barpo etish kerak.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda yuqorida qayd etilgan masalalar boʻyicha «Yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish vazifasi topshiriladi.

Toʻqqizinchidan, hududlarni kompleks rivojlantirish tadbirlarini izchil davom ettirish lozim.

Iqtisodiyotdagi tizimli oʻzgarishlar natijasida yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ulushi joriy yilda 35 foizdan 37 foizga ortishi kutilmoqda. Biroq ayrim shahar va tumanlarda bu oʻta muhim masalaga yetarlicha eʼtibor berilmayapti.

Oqibatda, respublikaning 27 ta tumanida sanoatning ulushi viloyat koʻrsatkichining 1 foiziga ham yetmaydi. Shu sababli, har bir tuman va shahar sanoatini rivojlantirish boʻyicha oʻrta va uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqish kerak. Bu masalani, avvalo, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar rahbarlari alohida nazoratga olishi kerak.

Yangi yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari ijrosi uchun 4 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratish koʻzda tutilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizning urbanizatsiya darajasi 35,5 foizni tashkil etadi va hozirdan boshlab zarur choralar koʻrilmasa, ushbu koʻrsatkich yaqin kelajakda pasayishi mumkin.

Bosh vazir A.Aripov mamlakatimiz aholisining urbanizatsiya darajasini 2030 yilga qadar 60 foizga yetkazish boʻyicha Davlat dasturi ishlab chiqish uchun shaxsan masʼul etib belgilanadi.

Bu borada faqat poytaxt va viloyat markazlari boʻlgan shaharlarni emas, avvalo, hududlarda joylashgan shahar va posyolkalarni kompleks rivojlantirish eʼtibor markazida turishi kerak.

Qishloq joylarda namunaviy uy-joylar qurish dasturlaridan bosqichma-bosqich shahar va posyolkalarda koʻp qavatli uylar qurishga oʻtishimiz lozim. Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ham uy-joylarni qurish dasturlari bilan uzviy bogʻliq holda rivojlanishi darkor.

Bu ishlarga Iqtisodiyot vazirligi bosh-qosh boʻlishi lozim.

Shu bilan birga, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun maxsus jamgʻarma tuziladi. Binolar va inshootlar joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar ana shu jamgʻarmada toʻplanadi.

Biz bu yangi tizim orqali hududlarimiz qiyofasini yanada obod qilishga va aholi farovonligini oshirishga erishamiz.

Oʻninchidan, qishloq xoʻjaligi sohasini boshqarish tizimini isloh qilish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash eng muhim vazifamizdir.

Keyingi yilda klaster usulida paxta yetishtirishni kamida 52 foizga yetkazish uchun 48 ta paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Shu bilan birga, gʻalla va meva-sabzavot klasterlari faoliyatini har tomonlama rivojlantirish kerak. Bu soha biz uchun nisbatan yangi ekanini inobatga olib, uni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, jumladan, kredit tizimini soddalashtirish, xarajatlarni subsidiyalash, yer ajratish bilan bogʻliq tartiblarni qayta koʻrib chiqish talab etiladi.

Urugʻchilikda asl navlarni yaratish maqsadida tajriba-seleksiya ishlarini tubdan jonlantirish lozim.

Buning uchun urugʻchilik va seleksiya bilan shugʻullanadigan institutlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, davlat-xususiy sheriklik asosida urugʻchilik klasterlarini tashkil qilish talab etiladi.

Qishloq xoʻjaligi ekinlari va chorvachilik boʻyicha yangi tarmoqlarni rivojlantirishimiz zarur.

Bugungi kunda fermer xoʻjaliklarining yillik chorva ozuqasiga boʻlgan ehtiyojining faqat 35 foizi mahalliy imkoniyatlar hisobidan qoplanmoqda.

Shu sababli yangi yerlarni oʻzlashtirish orqali ekin maydonlarini kengaytirish evaziga chorvaning ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek, baliqchilik, parrandachilikni rivojlantirish hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari hajmini keskin koʻpaytirishimiz kerak.

Yana bir muhim vazifa – suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini keng qoʻllashdan iborat.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda bu masala boʻyicha «Yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish topshiriladi.

Qishloq xoʻjaligi maqsadlarida yer berish tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish kerak.

Yerdan samarali foydalanib, moʻl hosil olayotgan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklariga oʻz faoliyatini kengaytirishi uchun qoʻshimcha yer maydonlarini ajratish lozim.

Agrar sohada eng katta muammo – fermerlarning qishloq xoʻjaligi sohasida yetarli bilimga ega emasligidir.

Toʻgʻri, ularda kuch-gʻayrat, tashabbus, yerga mehr bor, koʻpchiligining koʻzi yonib turibdi.

Lekin, afsuski, birgina xohish bilan biz yuqori hosildorlikka va pirovard natijaga erisha olmaymiz.

Bizga qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini mukammal egallagan, zamonaviy ishlab chiqarish va innovatsiya usullaridan xabardor fermerlar suv bilan havodek zarur.

Fermerlar kengashi Qishloq xoʻjaligi va Suv xoʻjaligi, Innovatsion rivojlanish vazirliklari bilan hamkorlikni kuchaytirishi, fermerlarni oʻqitish va qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqishi lozim.

Qishloq xoʻjaligidagi islohotlardan maqsad – iqtisodiy foyda koʻrish bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xalq farovonligini oshirishdan iboratdir. Buni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz zarur.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda «2019-2024 yillarda mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash milliy dasturi»ni qabul qilishi kerak.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi mamlakatimizda meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha klaster tizimi qanday holatda ekanini chuqur tahlil qilib, 2019 yil 1 martga qadar bu boradagi mavjud toʻsiqlarni bartaraf etishga doir takliflarni kiritsin.

Hurmatli parlament aʼzolari!

Iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy himoya oʻzaro uzviy bogʻliq tushunchalar boʻlib, ularni bir-biridan ajralgan holda tasavvur qilib boʻlmaydi.

2019 yil – «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish zarur.

Birinchidan, aholi oʻrtasida ishsizlikni kamaytirish, odamlar va oilalarning daromadini oshirish lozim.

Hukumat bir oy muddatda 2019 yil uchun bandlikka koʻmaklashishning yangi davlat dasturini tasdiqlashi kerak.

Bu borada ishsizlarni kasbga oʻqitish, ularga huquqiy va boshqa maslahatlar berish hamda boshqa ijtimoiy yordam usullaridan keng foydalanish kerak.

Xalqimizning hayot darajasini yuksaltirish uchun mehnatga munosib haq toʻlash tizimini shakllantirish va aholi real daromadlarini oshirishimiz zarur.

Eng kam oylik ish haqi miqdorini belgilash tartibini qayta koʻrib chiqish, soliq va boshqa toʻlovlarning eng kam ish haqi miqdori bilan bogʻliq boʻlishiga barham berish kerak.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu masalani hal etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin.

Ikkinchidan, pensiya va nafaqalarni tayinlash va toʻlash tartibini qayta koʻrib chiqish, pensiya tizimini tubdan isloh qilish zarur.

Xabaringiz bor, yaqinda ushbu masala boʻyicha Prezident farmoni qabul qilindi. Unga koʻra, 2019 yil 1 yanvardan boshlab, ishlaydigan barcha pensionerlarga pensiyalar toʻliq miqdorda toʻlanishi belgilandi.

Shuningdek, pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdorini eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan 10 barobarigacha oshirish boʻyicha yangi tizim joriy etilmoqda.

Islohotlarning keyingi bosqichida ushbu cheklovlar ham butunlay bekor qilinadi.

Ayni vaqtda nogironligi boʻlgan bolalar va ularning oila aʼzolarini, boquvchisini yoʻqotganlarni oʻn olti yoshgacha ijtimoiy muhofaza qilish masalasi doimo eʼtiborimiz markazida turishi kerak. Umrini nogiron farzandiga qarash, uni parvarish qilishga bagʻishlagan onalar uchun alohida ijtimoiy nafaqa turini joriy etamiz.

Uchinchidan, ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish zarur.

Xalqimizda «taʼlim va tarbiya beshikdan boshlanadi» degan hikmatli bir soʻz bor. Faqat maʼrifat insonni kamolga, jamiyatni taraqqiyotga yetaklaydi.

Shu sababli, taʼlim sohasidagi davlat siyosati uzluksiz taʼlim tizimi prinsipiga asoslanishi, yaʼni, taʼlim bogʻchadan boshlanishi va butun umr davom etishi lozim.

Rivojlangan mamlakatlarda taʼlimning toʻliq sikliga investitsiya kiritishga, yaʼni, bola 3 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan davrda uning tarbiyasiga sarmoya sarflashga katta eʼtibor beriladi. Chunki ana shu sarmoya jamiyatga 15-17 barobar miqdorda foyda keltiradi. Bizda esa bu koʻrsatkich atigi 4 barobarni tashkil etadi.

Binobarin, inson kapitaliga eʼtiborni kuchaytirishimiz, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishimiz shart.

Shu yoʻldagi muhim amaliy qadam sifatida bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini bugungi 34 foizdan 2019 yilda 44 foizga yetkazamiz.

Umumiy oʻrta taʼlim tizimini bugungi kun talablari asosida tashkil etish, farzandlarimiz har tomonlama kamol topishi uchun barcha sharoitlarni yaratish lozim.

Xususiy maktablar tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan keng foydalanish kerak.

Oliy taʼlim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur.

Oʻzbekistonda oliy va oʻrta maxsus taʼlim maskanlari bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish oʻtgan davrda 9-10 foiz darajasida boʻlib kelayotgan edi. Soʻnggi ikki yilda koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli, biz bu raqamni 15 foizdan oshirishga erishdik.

Lekin bu hali yetarli emas. Chunki dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan boʻlsak, bu koʻrsatkich ularda 60-70 foizni tashkil etadi.

Shuning uchun 2019 yilda mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 20 foizga yetkazish va kelgusi yillarda oshirib borish – muhim vazifamizdir.

Oliy oʻquv yurtlari nufuzini oshirish, nodavlat taʼlim maskanlari sonini koʻpaytirib, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va raqobatni kuchaytirish lozim.

Yoshlarimizga bir vaqtning oʻzida bir nechta oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berishimiz, oʻylaymanki, ularning taʼlim olish huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Oliy taʼlim muassasalariga real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etish kerak.

Bakalavriat yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda oʻqishni davom ettirish imkoniyatlari yanada kengaytiriladi.

Chunki jamiyatimizda oliy maʼlumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha koʻp boʻlsa, rivojlanish shuncha tez va samarali boʻladi.

Vazirlar Mahkamasi ushbu takliflar yuzasidan ikki oy muddatda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqishi kerak.

Oliy taʼlim muassasalarida ilmiy salohiyatni yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash koʻlamini kengaytirish – eng muhim masalalardan biridir.

Har bir ishlab chiqarish sohasida tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari, konstruktorlik byurolari, tajriba-ishlab chiqarish va innovatsion markazlar boʻlishi maqsadga muvofiqdir.

Biz mamlakatimizda investitsiyalarni faqatgina iqtisodiyot tarmoqlariga emas, balki ilmiy ishlanmalar «nou-xau»lar sohasiga ham keng jalb qilishimiz kerak.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini tubdan isloh qilish hamda ilmiy ishlanmalar boʻyicha amaliy natijadorlikni oshirish yuzasidan aniq takliflar tayyorlash topshiriladi.

Toʻrtinchidan, xalqimiz genofondini mustahkamlash maqsadida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va koʻlamini kengaytirish lozim.

Bizning bosh maqsadimiz – nafaqat kasallikni davolash, balki uning oldini olishdan iborat.

Tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish jarayonida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini kengaytirish lozim. Davlat tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar doirasi belgilanib, pullik va bepul davolanish oʻrtasida aniq chegara oʻrnatilishi kerak.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat shifoxonalarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.

Nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak. Kelgusi yilda Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya tibbiyot institutlari bilan qoʻshma fakultet va filiallar ochish boʻyicha amaliy choralarni koʻramiz.

Navbatdagi dolzarb muammo – aholi oʻrtasida onkologik kasalliklar koʻpayib borayotgani bilan bogʻliq.

Misol uchun, yurtimizda yiliga 22 mingdan ortiq bemorda onkologik kasallik aniqlanmoqda.

Bu, oʻz navbatida, mazkur kasallikka qarshi kurash tizimini takomillashtirishni talab etib, yuqori texnologik tibbiy yordamga ehtiyojni kuchaytirmoqda.

Ushbu yoʻnalishdagi kasalliklarni barvaqt aniqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda alohida qaror va dastur qabul qilish, uni moliyalashtirish manbalarini aniq belgilash vazifasi yuklatiladi.

Koʻpayib borayotgan bir qator jiddiy kasalliklar profilaktikasi boʻyicha xalqaro institutlar, nufuzli xorijiy shifoxonalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarur.

Xalqimiz genofondini saqlash uchun homilador ayollar va bolalarning ovqatlanish ratsioni boʻyicha amaldagi meʼyorlarni xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqish lozim.

Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda bu borada oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan dastur ishlab chiqish vazifasi topshiriladi.

Beshinchidan, xotin-qizlar va yoshlarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish lozim.

Bu borada joriy yilda koʻrilgan amaliy choralarga qaramasdan, haligacha ogʻir turmush sharoitida yashab, ish bilan taʼminlanmagan 13 mingdan ziyod xotin-qizlar borligi achinarlidir.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Xotin-qizlar qoʻmitasi hududiy hokimliklar bilan birgalikda bir oy muddatda ana shunday ayollarni ish bilan taʼminlashga qaratilgan dastur ishlab chiqishi zarur.

Markaziy bank, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlariga 2019 yilda turmush sharoiti ogʻir boʻlgan 1 ming 600 nafar xotin-qizlarni imtiyozli kreditlar asosida arzon uy-joylar bilan taʼminlash vazifasi topshiriladi.

Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan yoshlar bilan ishlash masalasi, bundan buyon ham eng asosiy vazifalarimizdan biri boʻlib qoladi.

Yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning bandligini taʼminlash maqsadida «Yoshlar – kelajagimiz» jamgʻarmasi faoliyatini yanada kengaytirish zarur.

2019 yilda jamgʻarma uchun 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratish va shu orqali 50 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratish lozim.

Farzandlarimizning turli radikal va zararli gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishiga yoʻl qoʻymaslik – asosiy vazifamizdir. Bu boradagi ishlarni yangicha yondashuvlar bilan davom ettirishimiz kerak.

Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi madaniyat va istirohat bogʻlarini tashkil etish, ularni zamonaviy yoshlar maskanlariga aylantirish choralarini koʻrish zarur. Ushbu bogʻlar tarkibida birinchi navbatda sport maydonchalari, amfiteatr va kichik sahnalar, kutubxona, «Kitob kafelari» boʻlishi lozim.

Bugungi kunda yoshlarimizning bilim va maʼlumot olishining asosiy manbai Internet ekani hech kimga sir emas.

Shu sababli tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlagan holda, jamoat joylarida bepul «vay-fay» hududlarini tashkil etish choralarini koʻrishimiz kerak.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda ushbu masalalar boʻyicha dastur ishlab chiqish yuklatiladi.

Oltinchidan, aholi turmush sharoitini yaxshilash, uni munosib turar joy bilan taʼminlash, xalqimiz farovonligini oshirish doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Kelgusi yilda ham arzon uy-joylar qurish dasturi izchil davom ettiriladi.

Namunaviy uylarning loyihalarini takomillashtirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni qoʻllash, zamonaviy va arzon qurilish materiallaridan foydalanishga alohida ahamiyat berish kerak.

Ayni paytda yurtimizdagi 34 mingdan ortiq koʻp qavatli uylarning aniq holatini yana bir bor oʻrganib, bu masala boʻyicha amaliy choralar koʻrish zarur.

Hukumat uch oy muddatda koʻp qavatli uy-joy fondini toʻliq xatlovdan oʻtkazishni taʼminlashi kerak.

Dunyodagi yirik megapolislarning bu boradagi tajribasini oʻrgangan holda, renovatsiya dasturini, yaʼni, eskirib qolgan koʻp qavatli uylar oʻrnida eng zamonaviy sharoitga ega boʻlgan yangi uylar qurish dasturini ishlab chiqish lozim.

Maʼlumki, kommunal xoʻjalik sohasi uzoq yillardan buyon koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.

Shuning uchun 2019 yildan boshlab tarmoqda davlat-xususiy sheriklik boʻyicha investorlar bilan hamkorlikda ishlashni boshlaymiz.

Uy-joy mulkdorlari shirkatlarida maʼmuriy xarajatlarni kamaytirish uchun professional boshqaruv kompaniyalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash kerak.

Kelgusi yilda aholini markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini hozirgi 65 foizdan 75 foizga yetkazishimiz lozim.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqishi zarur.

Yettinchidan, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish yana bir dolzarb vazifadir.

Sportni jadal rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga bundan buyon ham katta ahamiyat beramiz.

Yosh avlodimiz oʻrtasida sportni ommalashtirish maqsadida eng chekka tumanlarda ham bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini tashkil etamiz.

2020 yilda Tokioda oʻtkaziladigan yozgi Olimpiadaga puxta tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz lozim.

Yana bir muhim masala – mamlakatimizda qishki sport turlari boʻyicha xalqaro talablar darajasida sportchilar tayyorlash samarali tizimini yaratish kerak.

Poytaxtimizda barpo etilayotgan «Humo» muz sporti saroyi, shuningdek, yaqinda Toshkent viloyatining Amirsoy dam olish maskanida ishga tushiriladigan zamonaviy majmua ham ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Afsuski, hozirga qadar yurtimizda Olimpiya yoki Osiyo oʻyinlari kabi nufuzli sport musobaqalari oʻtkazilmagan.

Shu bois yaxshi niyat bilan kelgusida yozgi Osiyo oʻyinlaridan biriga mezbonlik qilish boʻyicha istiqbolli reja ishlab chiqishni boshlashimiz kerak.

Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda bu masala boʻyicha tegishli dastur loyihasini tayyorlash topshiriladi.

Sakkizinchidan, turizmni rivojlantirish, sohaga investitsiyalar jalb etish, kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha kompleks choralar koʻrishimiz lozim.

Bizda turizm koʻpincha qadimiy shaharlarimiz, tarixiy-madaniy yodgorliklar doirasida cheklanib qolmoqda.

Vaholanki, mamlakatimizning betakror tabiati, milliy qoʻriqxonalar, togʻli hududlarda turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud.

Ayniqsa, tibbiyot turizmi, ziyorat turizmi va ekoturizmni rivojlantirish nafaqat iqtisodiyot, balki ijtimoiy sohalar rivojiga ham katta turtki beradi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2019-2025 yillarda Turizmni rivojlantirish milliy konsepsiyasini ishlab chiqishi va ijrosini taʼminlashi zarur.

Shu asosda 2025 yilda yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini 7 million nafarga, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga yetkazish lozim.

Toʻqqizinchidan, oldimizga qoʻygan ulkan vazifalarni amalga oshirishda biz uchun kuch-qudrat manbai boʻladigan milliy gʻoyani rivojlantirishimiz zarur.

Xususan, milliy oʻzligimizni anglash, Vatanimizning qadimiy va boy tarixini oʻrganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, gumanitar soha olimlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz lozim.

Oʻtmishga berilgan baho albatta xolisona, eng muhimi, turli mafkuraviy qarashlardan xoli boʻlishi zarur.

Afsuski, yurtimiz tarixini oʻrganishda oʻtgan davrda arxeologik tadqiqotlar yetarli darajada olib borilmadi.

Shuning uchun Fanlar akademiyasining Arxeologiya va Sanʼatshunoslik institutlari faoliyatini, oliy oʻquv yurtlari va muzeylardagi arxeologik izlanishlarni chet ellik hamkorlar bilan birga tashkil etish zarur.

Buyuk alloma va adiblarimiz, aziz-avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak.

Shu maqsadda, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida «Oʻzbekiston tarixi» kanalini tashkil etib, ilmiy jamoatchilik, ijodkor ziyolilarimiz bilan birgalikda uning dasturlarini puxta shakllantirish kerak.

Mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan tarixiy eksponatlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish, har bir muzeyning katalogini yaratish lozim.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda bu borada tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi yuklatiladi.

Aziz doʻstlar!

Barchamizga ayonki, islohot – bu yangilanish, oʻzgarish degani. Islohotlar ijobiy natija berishi uchun, avvalo, rahbarlarimiz va odamlarimiz oʻzgarishi kerak. Inson oʻzgarsa, jamiyat oʻzgaradi.

Bu maqsadga erishish uchun birinchi navbatda, barcha darajadagi rahbarlar va xalq deputatlari, barcha yetakchilar oʻz faoliyatini tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik asosida tashkil etishlarini bugun hayotning oʻzi talab etmoqda.

Zamonaviy, oqilona boshqaruv tizimini joriy etish – oldimizga qoʻygan vazifalarni bajarishning asosiy shartidir.

Bu borada quyidagi dolzarb masalalarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, parlamentning muhim qarorlar qabul qilish va qonunlar ijrosini nazorat etish faoliyatini kuchaytirish lozim.

Hozirgi kunda Konstitutsiyaga muvofiq, parlament Bosh vazirni tasdiqlaydi. Lekin vazirlarni lavozimga qoʻyishda qatnashmaydi.

Shuning uchun Hukumat aʼzolari parlament oldida masʼuliyatni yetarli darajada his etayotgani yoʻq. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyotini kiritishni taklif etaman.

Boʻlajak vazir parlament aʼzolari oldida sohani rivojlantirish boʻyicha oʻz dasturini himoya qilsin va unga erishish yoʻllarini asoslab bersin.

Bir soʻz bilan aytganda, lavozimga munosib ekanini isbotlasin.

Ayni vaqtda joylardagi mahalliy kengashlarda ham viloyat va tuman idoralari rahbarlarini tasdiqlash boʻyicha mana shunday amaliyotni joriy etish kerak.

Parlament nazoratining taʼsirchan shakllaridan biri boʻlgan Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosini koʻrib chiqishga alohida ahamiyat berishimiz zarur. Bu ishni yuqori professional darajada yoʻlga qoʻyish uchun Oliy Majlis qoshida Davlat byudjeti boshqarmasini tashkil etish maqsadga muvofiq boʻlur edi.

Ikkinchidan, ijro hokimiyati tizimini optimallashtirish, maʼmuriy islohotlarni davom ettirish va davlat boshqaruvida zamonaviy menejment usullarini keng qoʻllash zarur.

Barcha davlatlarda Hukumat islohotlar ijrosi uchun javob beradigan yuqori vakolatli organ hisoblanadi.

Hozirgi kunda Hukumat komplekslari tarkibiga 160 dan ortiq idora va tashkilotlar kiradi, Bosh vazirning soha va tarmoqlar boʻyicha 8 nafar oʻrinbosari mavjud.

Lekin Vazirlar Mahkamasi va uning tarkibidagi idoralarning islohotlar jarayonidagi oʻrni bugungi kun talabiga javob beradimi? Bu savolga, afsuski, ijobiy javob berolmaymiz.

Vazirlar va kompaniya rahbarlari arzimagan masala boʻyicha ham Vazirlar Mahkamasiga qatnashga oʻrganib qolgan. Oqibatda, Hukumat faqat kundalik joriy masalalarni hal qiladigan tuzilmaga aylanib bormoqda.

Iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi muammolarni chuqur tahlil qilish va joylardagi haqiqiy ahvolni oʻrganish esa eʼtibordan chetda qolmoqda.

2019 yilga «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili», deb nom berganimiz munosabati bilan Tashqi ishlar vazirligi va uning chet eldagi vakolatxonalari ham oʻz ishini qayta koʻrib chiqishlari lozim boʻladi.

Bundan buyon bizning xorijdagi elchilarimizga ham talab oʻzgaradi. Ularning faoliyatiga birinchi navbatda investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha qanday ishlayotganiga hamda ana shu investitsiya miqdoriga qarab baho beriladi.

Shu munosabat bilan, Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda yuqorida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, Hukumat va uning tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda idoralar faoliyatini optimallashtirish va takomillashtirish, ish samaradorligini oshirish, rahbar kadrlarning shaxsiy javobgarligi va masʼuliyatini kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va ijrosini taʼminlash vazifasi yuklatiladi.

Prezident qabulxonalarining ikki yillik ish tajribasi shuni koʻrsatdiki, biz yaqin oʻtmishda xalqdan, uning tashvish va muammolaridan ancha uzoqlashib qolgan ekanmiz.

Biz fuqarolar bildirgan fikr-mulohaza va takliflarni inobatga olib, davlat boshqaruv tizimini isloh qilishimiz, ilgʻor davlat menejmenti va «aqlli» boshqaruv prinsiplariga bosqichma-bosqich oʻtishimiz lozim.

Bu shuni bildiradiki, endi davlat muassasalari bevosita fuqaro bilan ishlashga oʻtadi.

Davlat idoralari xalqqa, jumladan, tadbirkorlarga yaqin koʻmakchi boʻlishi zarur.

Davlatning boshqaruv sohasidagi baʼzi funksiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida, jumladan, «autsorsing» shaklida xususiy sektorga topshirish lozim.

Uchinchidan, davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish maqsadida davlat xizmatiga malakali mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan yagona kadrlar siyosatini shakllantirish zarur.

Bugun oddiy bir haqiqatni tan olishimiz kerak. Davlat idoralarida malakali va yetuk kadrlar yetishmayapti.

Hanuzgacha davlat xizmatchilarining maqomi belgilanmagan, davlat xizmatiga qabul qilishning oshkora mexanizmlari ishlab chiqilmagan.

Bu boradagi muammolarni hal etish uchun, avvalo, davlat xizmatchilari faoliyatini xolisona baholash boʻyicha samarali tizim joriy etish zarur.

Eʼtiboringizni yana bir muhim masalaga qaratmoqchiman.

Davlat organlarida ertaga, istiqbolda qanday vazifalar dolzarb boʻlishi, sodda qilib aytganda, besh, oʻn, yigirma yildan keyin qanday muammolar oldimizda koʻndalang boʻlishini prognoz qiladigan tizim hali shakllangani yoʻq.

Prezident Administratsiyasiga tarmoqlar faoliyatini samarali boshqarishda strategik tahlil, rejalashtirish va prognoz tamoyillariga asoslangan uzoq muddatli davlat siyosati Konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatiladi.

Bunda davlat boshqaruvi idoralarida strategik tahlil va prognozlashtirish tuzilmalarini tashkil etish lozim.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida alohida Ekspert kengashi tashkil etilib, unga xorijiy mamlakatlarning nufuzli olimlari va amaliyotchilari jalb qilinishi lozim.

Toʻrtinchidan, mahalliy hokimiyat organlarining vakolat va masʼuliyatini qayta koʻrib chiqishimiz, ularning mustaqilligini yanada oshirishimiz lozim.

Hududlarni rivojlantirishga oid masalalarni hal etishda aksariyat hokimlarda masʼuliyatni oʻz zimmasiga olib, mustaqil qaror qabul qilish va tashabbuskorlik yetishmayapti.

Maʼlumki, 2018 yilda Toshkent shahrida eksperiment tariqasida davlat boshqaruvining yangi tartibi joriy etilib, shahar hokimi va tuman hokimlariga moliya, iqtisodiyot, investitsiya, qurilish, uy-joy va kommunal xizmat sohalari rahbarlarini tayinlash vakolati berildi.

Natijada 30 dan ortiq komissiya va kengashlar tugatilib, ularning vakolatlari tegishli hududiy organlarga berildi. Samarasiz ishlayotgan 12 ta davlat unitar korxonasi tugatildi.

Davlat byudjetiga tushadigan mablagʻlarning bir qismini mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldirish tartibi oʻrnatilgani tufayli Toshkentda soliq tushumi prognozga nisbatan 2 trillion soʻmga koʻpaydi.

Davlat boshqaruvi sohasida ijobiy natija berayotgan ana shu eksperimentni endi boshqa hududlarda ham joriy etishimiz zarur.

Kelgusida hokimning ayni vaqtda xalq deputatlari Kengashi raisi sifatida faoliyat koʻrsatishiga doir tartib bekor qilinishi lozim.

Oliy Majlis palatalari rahbarlariga (N.Yoʻldoshev, N.Ismoilov) 2019 yil davomida ushbu masalalarni parlamentda atroflicha muhokama qilib, amaliy choralar dasturini qabul qilish tavsiya etiladi.

Kelgusi yili mamlakatimizda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga navbatdagi saylov oʻtkaziladi.

Yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan ushbu siyosiy jarayonni milliy qonunchiligimiz va xalqaro standartlar asosida yuqori saviyada oʻtkazish uchun har tomonlama tayyorgarlik ishlarini boshlashimiz zarur.

Beshinchidan, xalq bilan uzluksiz muloqot va inson manfaatlari uchun xizmat qilish, barcha darajadagi rahbarlar uchun nafaqat majburiyat, balki hayotiy tamoyilga aylanishi shart.

Aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotlar tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish huquqini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratish yangi yilda ham faoliyatimizning muhim va ajralmas qismi boʻlib qoladi.

Hurmatli senator va deputatlar!

Sizlarga maʼlumki, yurtimizda soʻnggi yillarda qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu oʻzgarishlar inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, odil sudlovga erishish, huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan.

Men bu masalaga Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan anjumanda atroflicha toʻxtalib oʻtganim uchun bu haqda batafsil gapirmoqchi emasman.

Faqat mazkur sohada oldimizda turgan asosiy ustuvor vazifalarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish lozim.

Sudyalar korpusini shakllantirish tizimini sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga toʻliq moslashtirish, bu jarayonda keng jamoatchilik ishtirokini taʼminlash zarur.

Buning uchun tuman, shahar va viloyat sudi sudyalarini tanlash va tayinlash vazifasini Sudyalar oliy kengashi toʻliq oʻz zimmasiga olishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada jamoatchilik fikri va sudyalarning ular oldida hisobot berish masalasi oʻz ifodasini topishi zarur.

Ikkinchidan, xalqimiz tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni barvaqt oldini olish ishlarini yangi bosqichga koʻtarish talab etiladi.

Joriy yilda ushbu yoʻnalishda koʻpgina ishlar qilindi.

Jumladan, soha xodimlari uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish maqsadida profilaktika inspektorlari uchun 6 yarim mingdan ziyod xizmat uylari, 1 ming 100 ta shaxsiy uy-joy, 7 mingta shaxsiy avtomobil berildi.

Shu bilan birga, Milliy gvardiya xodimlari uchun ham 1 ming 800 ta uy-joy quriladi.

2018 yilda 3 ming 205 ta mahallada bironta ham jinoyat sodir etilmagani ham shu ishlarimiz natijasi, desak, toʻgʻri boʻladi. Lekin xotirjamlikka berilishga hali erta.

Odamlar tinch yashashi uchun butun mamlakatimizda jinoyatdan xoli muhit yaratishimiz shart.

Biz Ichki ishlar vazirligi tizimida vakolat va funksiyalarni quyi boʻgʻinga tushirib, uni chinakam xalqchil tizimga aylantirishimiz zarur.

Bu borada ilmiy yondashuv va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etamiz.

Har bir jinoyat yoki huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha har qaysi hudud oʻz tajribasini yaratishi kerak.

Bu boradagi ishlar samarasini oshirish uchun ichki ishlar vaziri, Milliy gvardiya qoʻmondoni va Bosh prokuror respublika hududlariga shaxsan masʼul etib belgilanadi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashda, birinchi navbatda, ijobiy natijaga erishgan profilaktika inspektorlari va mahalla faollarini ragʻbatlantirishni kuchaytirish zarur.

Vazifasini sidqidildan bajargan xodimlarga yangi tuzilgan Maxsus jamgʻarma hisobidan ustama haq toʻlanadi va ularning mehnatlari qoʻshimcha ragʻbatlantiriladi.

Bugungi kunda nomiga faoliyat koʻrsatayotgan «Mahalla posboni» lavozimini tugatish vaqti keldi.

Uning oʻrniga profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi lavozimi joriy etiladi.

Bu lavozimga joylarda malakali huquqshunos, masalaga qonun nuqtai nazaridan yondashadigan fidoyi kadrlar ishga olinadi.

Biz qanchalik qiyin boʻlmasin, chekka-chekka hududlarda ham «Jinoyat haqiqati va adolati» tamoyilini albatta joriy etishimiz kerak. Yaʼni, jinoyat soʻzsiz fosh etilishi va aybdor jazolanishi shart.

Bu masalaga faqat huquq-tartibot organlarining vazifasi, deb qaramasdan, butun jamiyatimiz birlashib, qattiq kurash olib borishi zarur.

Uchinchidan, jinoyat qonunchiligini yanada takomillashtirish va liberallashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirish lozim.

Nega deganda, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari qariyb 25 yil oldin qabul qilingan. Oʻtgan davrda jamiyatdagi munosabatlar, odamlarning yashash tarzi, ongi, dunyoqarashi oʻzgardi.

Shu sababli bu kodekslar bugungi davr talablariga javob bermay qoldi.

Maʼlumki, qonunchilikda jazoni ogʻirlashtirish yoki yengillashtirishga oid moddalar bor.

Lekin ular tergovchi yoki sudyaning ixtiyoriga, yaʼni, inson omiliga toʻliq bogʻliq boʻlib qolmasligi kerak.

Aks holda biz uchun muqaddas boʻlgan adolat mezoni buziladi.

Shuning uchun jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni tubdan qayta koʻrib chiqish zarur.

Shu maqsadda Bosh prokuror rahbarligidagi idoralararo komissiya 2019 yil 1 iyulga qadar Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslarining yangi loyihalarini tayyorlashi lozim.

Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

Mamlakatimizning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini turli tahdidlardan himoya qilish, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash – barcha yutuqlarimizning bosh garovidir.

Bu borada quyidagi vazifalar dolzarb ahamiyatga ega.

Birinchidan, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini, Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini oshirish, milliy mudofaa sanoati kompleksini shakllantirish, har qanday xavf-xatarga qarshi doimo shay turishimiz lozim.

Mamlakat mudofaasini harbiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha boshlangan islohotlarni mantiqiy yakuniga yetkazish kerak.

Mudofaa vazirligi ikki oy muddatda mudofaa sanoati kompleksiga kiradigan korxonalarni rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin.

Yana bir muhim masala. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanib, davlatimiz chegara xavfsizligini kuchaytirish va nazorat sifatini oshirish lozim.

Qurolli Kuchlarimizda jangovar ruhni yuksaltirish, askar va ofitserlarimizni jismoniy va maʼnaviy jihatdan barkamol etib tarbiyalashga eʼtiborni yanada kuchaytirishimiz kerak.

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimini har tomonlama takomillashtirish muhim vazifalarimizdan biri boʻlishi lozim.

Ikkinchidan, ekologik xavfsizlik, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish eʼtiborimiz markazida turishi zarur.

Suv xoʻjaligi vazirligi 2019 yil davomida mintaqadagi davlatlar ekspertlari bilan birgalikda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishi lozim.

Hozirgi vaqtda Orol fojiasi tufayli 5,5 million gektardan ortiq maydonda Orolqum sahrosi paydo boʻldi.

Har yili 100 million tonna qum va tuz havoga koʻtarilmoqda. Bu esa Orol halokati global muammo ekanini yana bir bor isbotlamoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida «Trast fondi»ning tuzilishi oʻzbek diplomatiyasining katta yutugʻi boʻldi.

Biz Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi janob Antoniu Guterrish hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlaridan, hamkor davlatlardan minnatdormiz.

Biz Orol dengizining suvsiz qolgan hududida yashil oʻrmonlar barpo etishga alohida eʼtibor bermoqdamiz.

Agar mustaqillik yillarida Oʻzbekiston boʻyicha 1 million 220 ming gektarga yaqin oʻrmonzor yaratilgan boʻlsa, shundan 400 ming gektardan ortigʻi aynan Orolboʻyi hududida barpo etilgan.

Bu masalada qabul qilinayotgan maxsus dasturga koʻra, Orol dengizining suvsiz hududida kelgusi yilda yana 500 ming gektar oʻrmonzor barpo etiladi.

Aholining hayot sharoitini yaxshilash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va qishloqlarida yangi qurilishlar amalga oshiriladi.

Xususan, Moʻynoq tumanida barcha zarur infratuzilmalarga ega boʻlgan zamonaviy shaharcha bunyod etiladi.

Uchinchidan, ochiqlik, oʻzaro teng va manfaatli hamkorlikka asoslangan tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimizni davom ettirish va uning samaradorligini yanada oshirish choralarini koʻrishimiz zarur.

Siyosiy-iqtisodiy munosabatlar doirasini kengaytirish uchun chet davlatlarda Oʻzbekistonning yangi vakolatxonalarini ochish, xodimlar sonini koʻpaytirish kerak.

Xalqaro maydonda mamlakatimiz siyosiy-iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish uchun davlatimizning tashqi iqtisodiy va siyosiy faoliyatiga doir qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish lozim.

Vazirlar Mahkamasi va Xavfsizlik kengashi apparatiga ushbu masalaga doir qonun loyihasini 1 aprelgacha ishlab chiqish topshiriladi.

Biz kelgusi yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar, birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi bilan, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Koreya Respublikasi va Yaponiya bilan munosabatlarimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan faol tashqi siyosat olib boramiz.

Bizni oʻzaro mushtarak tarixiy-madaniy va maʼnaviy qadriyatlar bilan bogʻlab keladigan musulmon dunyosi mamlakatlari bilan hamkorlikni bundan buyon ham mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratamiz.

Ayni shu maqsadlardan kelib chiqqan holda, biz xorijiy sheriklarimiz bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni barcha sohalarda amaliy mazmun bilan yanada boyitish tarafdorimiz.

Biz oʻz tashqi siyosatimizda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan aniq va ravshan strategiyaga tayanamiz.

Bu borada Oʻzbekiston mintaqadagi qoʻshni davlatlar bilan, shuningdek, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Eron bilan amaliy va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishni muhim vazifa, deb biladi.

Ushbu strategiyani amalga oshirishda qoʻshni Afgʻoniston alohida oʻrin egallaydi.

Biz xalqaro hamjamiyatni Afgʻoniston hukumati rahbarligida tinchlik muzokaralarini boshlash zaruratini qoʻllab-quvvatlashga daʼvat etdik.

Shu munosabat bilan, 2018 yilning mart oyida Afgʻoniston boʻyicha oʻtkazilgan yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi zamonaviy Afgʻoniston tarixida xalqaro miqyosdagi eng qamrovli anjuman boʻlganini taʼkidlash lozim.

Konferensiya yakuni boʻyicha qabul qilingan, uning barcha qatnashchilarining yakdil pozitsiyasi ifoda etilgan «Toshkent deklaratsiyasi» Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish boʻyicha oʻziga xos Dastur boʻldi.

Aynan ushbu konferensiyadan soʻng Afgʻonistondagi barcha siyosiy kuchlar, jumladan, «Tolibon» harakati ishtirokida muzokaralar jarayonini boshlashga qaratilgan xalqaro harakatlar yanada faollashdi.

Oʻzbekiston Afgʻoniston rahbariyati va mamlakatning yetakchi siyosiy kuchlari, jumladan, «Tolibon» harakati vakillari bilan bir qator muhim muzokaralar oʻtkazdi.

Ushbu siyosiy kuchlar afgʻon muammosini hal qilishda Oʻzbekiston samarali vositachi boʻla olishi mumkinligini eʼtirof etdilar.

Maʼlumki, Afgʻonistondagi vaziyatni barqaror etishning muhim sharti – mamlakatni iqtisodiy jihatdan tiklashdan iborat.

Bu borada biz Afgʻonistonda transport va logistika, energetika, savdo va taʼlim sohalarida yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kirishdik.

Oʻzbekiston tomonidan qurilayotgan Surxon – Puli Xumri elektr uzatish liniyasi, Termiz shahrida afgʻon fuqarolarini oʻqitish uchun ochilgan Taʼlim markazi, bojxona terminaliga ham ega boʻlgan «Termiz-kargo» logistika markazi, Mozori Sharif – Hirot va Mozori Sharif – Kobul – Peshavor temir yoʻl liniyasi loyihalari ishlab chiqilayotgani shundan dalolat beradi.

Oʻzbekiston afgʻon muammosini yechish uchun bundan buyon ham har tomonlama yordam koʻrsatadi.

Biz uchun eng muhim pirovard natija – Afgʻonistonda tinchlik muzokaralarini boshlash va milliy yarashuvga erishishdan iborat.

Hurmatli doʻstlar!

Oʻzbekiston millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik sohasida oʻz anʼanalariga doimo sodiq boʻlib, bu yoʻldan hech qachon ogʻishmasdan ilgari boradi.

Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat, doʻstlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali eʼtibor qaratiladi.

Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir.

Xabaringiz bor, yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yalpi majlisi tomonidan muhim bir hujjat – «Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik» rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Ushbu rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi 2017 yil sentyabr oyida Bosh Assambleyaning 72-sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan edi.

Bizning taklifimizni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlgan 193 ta davlat keng qoʻllab-quvvatlagani jahon hamjamiyati tomonidan Oʻzbekistonning saʼy-harakatlariga berilgan yuksak baho va eʼtirof sifatida barchamizga katta mamnuniyat va gʻurur-iftixor bagʻishlaydi.

Ushbu imkoniyatdan foydalanib, bugungi anjumanimizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga samimiy minnatdorlik bildirishga ruxsat etgaysiz.

Aziz vatandoshlar!

Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida har bir yil ulkan dastur va loyihalarni amalga oshirish, yurtimizni ravnaq toptirish boʻyicha yangi-yangi yutuqlar, bilim va tajribalar davri boʻlib qolmoqda.

Biz yangi yildan boshlab siyosiy hayotimizda yana bir amaliyotni joriy etamiz. Kirib kelayotgan yilning bosh hujjati boʻlgan Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yoʻnalish boʻyicha Bosh vazir va hukumat aʼzolari amalga oshirilgan ishlar haqida Senat va Qonunchilik palatasi oldida har chorakda hisobot berib boradi.

Bu jarayon ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishi lozim.

Shu tariqa fuqarolar Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalarni bajarish boʻyicha hukumat qanday ish olib borayotganidan xabardor boʻladi.

Yaʼni, hukumat faoliyatiga xalqning oʻzi baho beradi.

Hammamiz bir haqiqatni yaxshi tushunamiz, 2019 yil uchun belgilab olgan reja va dasturlarimizni amalga oshirish, albatta oson boʻlmaydi.

Hali faqat qogʻozda boʻlgan bu reja va dasturlarni amaliy ishlarga, real natijaga aylantirish uchun barchamiz birgalikda qattiq mehnat qilishimiz kerak.

Bu yoʻlda bizga ishonch va ilhom, gʻayrat va shijoat beradigan beqiyos bir kuch-qudrat borki, biz unga tayanib, oʻz maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Bu – hayot sinovlarida toblangan, soʻzida qatʼiy turadigan, ishning koʻzini biladigan, mehnatkash, mard va matonatli xalqimizdir.

Biz bugun koʻp millatli xalqimizga, barchamizning umidimiz va suyanchimiz boʻlgan yoshlarimizga ishonib, marrani katta olmoqdamiz.

Aziz farzandlarimiz, nabiralarimiz baxtini, kamolini oʻylab, el-yurtimizning, xalqimizning yorugʻ kelajagini koʻzlab, oldimizga ulkan vazifalar qoʻymoqdamiz.

Niyati ulugʻ xalqning – ishi ham ulugʻ, hayoti yorugʻ va kelajagi farovon boʻladi.

Biz demokratik islohotlar yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Qanchalik qiyin boʻlmasin, faqat oldinga – yangi, yuksak marralar sari boramiz.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga hissa qoʻshish – Yaratganning oʻzi bizga bergan tarixiy imkoniyat, desak, toʻgʻri boʻladi.

Barchamiz buni chuqur anglashimiz, qadriga yetishimiz zarur.

Jonajon Vatanimiz oldidagi farzandlik burchini sharaf bilan bajarish hammamizga nasib etsin!

Fursatdan foydalanib, sizlarni, butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan yangi – 2019 yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, ishlaringizda omad va muvaffaqiyatlar tilayman.

Ezgu orzu-niyatlarimizni, rejalarimizni amalga oshirishda Yaratganning oʻzi barchamizga madadkor boʻlsin.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.




UzA