Asosiy menu

Beruniylik g‘allakorlar rejani birinchi bajardi

Beruniy tumani g‘allakorlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida birinchi bo‘lib davlatga don sotish rejasini bajardi.

Joriy yilning hosili uchun tumanda 194 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 3 ming 350 gektar maydonda g‘alla yetishtirilib, davlatimiz xirmoniga 7369,4 tonna don topshirildi.

Yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib olish maqsadida 27 ta kombayn safarbar qilinib, har biriga 3 tadan yuk avtomashinasi biriktirildi. Tumandagi Abay nomidagi, «Do‘stlik», Beruniy nomidagi, «Biybozor», «Shimom», Navoiy nomidagi va «Qizilqal’a» ovul fuqarolar yig‘ini hududlaridagi fermer xo‘jaliklari yuqori hosildorlikka erishdi.
–Joriy yilda 78,1 tonna o‘rniga 140.4 tonna don yig‘ib olinib, shartnomaviy rejani tumanda birinchilardan bo‘lib bajardik, – deydi «Shimom» ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi «Usta Ibragim» fermer xo‘jaligi rahbari Muso Bobojonov.– Hosildorlik har gektardan 61,2 sentnerdan to‘g‘ri keldi. Fermer xo‘jaligimiz g‘allachilikning o‘zidan 80 million so‘m sof foyda olishni rejalashtirmoqda.

Tuman fermer xo‘jaliklari rejaga qo‘shimcha yana 2700 tonnaga yaqin g‘alla yig‘ib olish bo‘yicha o‘rim-yig‘im ishlarini davom ettirmoqda.


O‘zA