Asosiy menu

"Infolib – 2016" V Milliy axborot-kutubxona haftaligida ilg‘or tajribalar o‘rganilmoqda

Buvayda Boymatova Angren shahridagi tibbiyot kollejida axborot-resurs markazining rahbari bo‘lib ishlaydi. Kutubxona ishiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda "Infolib – 2016" V Milliy axborot-kutubxona haftaligida olgan bilimlari unga g‘oyat asqotmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida davom etayotgan ushbu tadbir Buvayda opa singari ko‘plab kutubxona mutaxassislarining e’tibori va qiziqishini o‘ziga jalb etmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 20 martdagi “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kutubxona tuzilmasi yangilandi. Uning bo‘limlari va xizmat ko‘rsatish ishi takomillashtirilib, vazifalar ko‘lami kengaytirildi. Bu zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda aholi, ayniqsa, yoshlarning bilim olishi, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy ehtiyojlarini har tomonlama qondirishiga yordam bermoqda.

Ma’rifat maskanida foydalanuvchilarga jahon andozalari darajasida xizmat ko‘rsatish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, 800 o‘rinli 13 o‘quv zaliga zamonaviy asbob-uskunalar va texnik vositalar o‘rnatilib, Wi-Fi tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

“O‘zbekiston”, “Adolat”, “Istiqbol”, “Jahon”, “Tafakkur” o‘quv zallarida tashkil qilingan ochiq fondlar kitobxonlar uchun yaratilgan eng qulay sharoitlardandir. Fondning ochiq tarzda joylashuvi o‘quvchilarga o‘ziga zarur bo‘lgan kitoblarni bemalol izlash va buyurtma berish, shuningdek, kutubxona fondiga yangi olingan kitoblar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Foydalanuvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida bir qator texnik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, interaktiv onlayn xizmati, “Nodir nashr va qo‘lyozmalar ma’lumot bazasini yaratish, saqlash va aniq taqdim qilish jarayonini avtomatlashtirish”, “Milliy kutubxonaning yagona bazasi asosida kitob va jurnallarning statistik hisobotini avtomatlashtirish”, “Dissertatsiya va ilmiy ishlarning yagona bazasi”, “Shaxsiy kabinet”, “Imij katalog” dasturlari shular jumlasidandir.

Bugun Milliy kutubxona mamlakatimizdagi barcha axborot-kutubxona muassasalari uchun muvofiqlashtiruvchi va uslubiy markaz vazifasini o‘tamoqda. Kutubxona huzurida tashkil etilgan Respublika uslubiy kengashi kutubxonalar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, alohida kutubxonalar uchun namunali nizomlar, uslubiy-bibliografik qo‘llanmalar va boshqa maqsadli hujjatlarni yanada keng joriy etishga doir tavsiyalarni ishlab chiqmoqda.

– Yangi texnologiyalar axborot-kutubxona maskanlari uchun ulkan imkoniyatlarni ochib bermoqda, – deydi Toshkent shahridagi 94-maktabning axborot-resurs markazi rahbari Muhabbat Temirova. – Ilg‘or texnologiyalar imkoniyatlaridan yanada keng va unumli foydalanish, ziyo maskanlariga yoshlarni tobora kengroq jalb etish, ular uchun turli qiziqarli ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishni yanada puxta o‘zlashtirishda mazkur haftalikning ahamiyati g‘oyat katta bo‘lmoqda.

Ҳафталик doirasida tashkil etilgan o‘quv-seminarlarda axborot-kutubxona muassasalarining rivojlanishi, kitoblarni saqlashda axborot-kutubxona markazlarining roli, turli vazirlik va idoralar, o‘quv dargohlari axborot-kutubxona maskanlarining o‘zaro hamkorligi kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.

UzA