Asosiy menu

Hashar uyushqoqlikda davom etmoqda

Hashar – xalqimizning betakror qadriyati. U atrof-muhitni yanada obod, pokiza bo‘lishida alohida ahamiyat kasb etishi bilan birga, odamlarda yakdillik, o‘zgalarga ko‘mak qo‘lini uzatish, hamjihatlik, ahillik kabi fazilatlarning yanada kuchayishiga, mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan hashar bu yil o‘zgacha ruhda o‘tmoqda.
Navro‘z bayrami arafasida hamda ozodalik va poklik oyi bo‘lgan muborak Ramazon oyida bo‘layotgan mazkur hashar xayrli ishlarga poydevor bo‘ladi.
Yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani kabi kompaniya va tizim korxonalarida ham umumxalq xayriya hashari «Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki» shiori ostida tashkil etildi. Xalqimizga xos bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlikni o‘zida mujassam etgan ushbu tadbirda korxonalar va ularning hududlarida obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yer maydonlariga gul, manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.
Obod yurtning fayzi, tarovati o‘zgacha bo‘ladi. Zotan, ozodalik, poklik, sarishtalik yurtimizning yanada ko‘rkamlashuviga zamin hozirlaydi. Bunda elimizning asrlar davomida shakllangan ezgu qadriyati – hashar alohida ahamiyatga ega.
Har yili Navro‘z bayrami arafasida ayyomni munosib kutib olish va nishonlash maqsadida hashar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.