Asosiy menu

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqda koopreratsiya aloqalarini jadallashtirish

3 oktabr kuni «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqda koopreratsiya aloqalarini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Unda kompaniya rahbariyati va mutaxassislari, kompaniya tarkibidagi 44 ta tizim korxonalarining ishlab chiqarish bo‘yicha direktorlari, non va makaron mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslangan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.
Seminarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 avgustdagi PQ4426-sonli qaroriga asosan, yurtimizda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha yagona tizim yaratish, tarmoq va hududlarda ushbu sohani mahalliylashtirish, quvvatlardan to‘liq va samarali foydalanish orqali butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, shuningdek, import hajmini optimallashtirish yuzasidan belgilangan topshiriqlarni tizim korxonalariga joriy etishdan iborat.
Faol investitsiya siyosati – barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishishning eng muhim shartlaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yil mamlakatimizda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e’lon qilingan. Investitsiya iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchidir. Mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilib, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga xorijiy investitsiyalar jalb etilishi natijasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019 yilgi Investitsiya dasturi doirasida «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tizim korxonalari tomonidan umumiy qiymati 16,4 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan 12 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha jadal ish olib borilmoqda. Bu loyihalarning barchasi ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan bo‘lib asosiy maqsad resurs tejamkorligiga erishish, mahsulot sifatini oshirishga qaratilgan.
Ma’lumki, bugungi kunda «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi 44 ta korxonalarda:
109 ta non ishlab chiqaruvchi sexlar;
67 ta urug‘lik sexi;
52 ta tegirmon sexi;
46 ta omuxta yem sexi;
42 ta makaron sexi;
16 ta yorma ishlab chiqaruvchi sexlar mavjud.
Tarmoqda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni samarali tashkil etishda ko‘maklashibgina qolmay, korxonalarda elektr energiya sarfini 20-25 foizga qisqartirishga yordam bermoqda. Bundan tashqari, mahsulot sifati oshib, ishchi-xodimlarning mehnat sharoitlari yaxshilanishiga erishilmoqda. Yana bir muhim jihat shundan iboratki, kompaniya tarkibidagi korxonalarda sanoat xavfsizligi ta’minlanmoqda. Sohaga yangi va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda Germaniya, Turkiya, Rossiya, Ukraina va Xitoy davlatlarining ilg‘or kompaniyalari bilan xamkorlik aloqalari o‘rnatib kelinmoqda.
«O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan bu kabi islohotlar g‘allakor dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan bug‘doyni qayta ishlab xalqmizni sifati kafolatlangan mahalliy un va un mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.