Asosiy menu

Yurtimizda non va makaron mahsulotlari qanday talablar asosida ishlab chiqariladi?

Mamlakatimizda inson hayoti, sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek non va makaron maxsulotlarini qo‘llashda xavfsizlik talablarining bajarilishi borasida iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldini olish maqsadida “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan «Non va makaron mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida» gi maxsus texnik reglament ishlab chiqilgan.
Mazkur hujjatda belgilangan tartib respublikamiz hududida muomalaga chiqariladigan 13 turdagi non-bulka mahsulotlari, 3 turdagi yarim tayyor non-bulka mahsulotlari, talqon, kuruq non kvasi va 2 turdagi makaron mahsulotlariga talluqli.
Reglament asosida yurtimizda non va makaron mahsulotlarini ishlab chiqarishda yagona va majburiy xavfsizlik talablari qo‘llanilib, respublikamiz hududida muomalaga chiqariladigan non va makaron maxsulotlarining ishlab chikarish, saqlash, tashish, tamg‘alash, muomalaga chiqarish va utilizatsiya qilish jarayonlarida amal qilinishi lozim bo‘lgan tartib va talablar o‘rnatiladi. Jumladan, non va makaron mahsulotlari tarkibidagi namlik, nordonlik, toksik elementlar, mikotoksinlar, pestitsidlar, radionuklidlar, metallomagnit aralashmalar, mikrobiologik ko‘rsatkichlarning darajalari belgilab berilgan. Bundan tashqari, ushbu mahsulotlarini tashuvchi transport vositalari, yuk konstruksiyalari va bo‘limlarida rioya etish lozim bo‘lgan talablar joriy etilgan.
Belgilangan tartib yordamida non va makaron mahsulotlarini ishlab chiqarishda:
-iste’molchilar ishonchi va mahsulot barqarorligini ta’minlash maqsadida xavfsizlik darajasini oshirishda yangi zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, mahsulot sifatini baholash usullarini joriy etishni jadallashtirish;
-non va makaron mahsulotlari tamg‘alash va qadoqlashga bo‘lgan muayyan talablarni o‘rnatish hisobiga iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarni oldini olish;
-savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishga yordam berish va bozorga xavfli non va makaron mahsulotlarining chiqishini oldini olishga xizmat kiladi.
Maxsus texnik reglament 2018 yil 1 sentabrdan amalga joriy etilgan bo‘lib, shu kundan e’tiboran non va makaron mahsulotlarga majburiy talablarni o‘rnatuvchi 75 ta standart qo‘llanib kelinmoqda.