Asosiy menu

Qishloq xo‘jaligi sohasi fidoyilariga ko‘krak nishoni topshirildi

Ma’lumki, 2017 yildan boshlab Prezidentimiz tashabbusi bilan dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib belgilangan. Yurtimiz bo‘ylab nishonlanayotgan ushbu sana ham "Hosil bayrami" tadbirlari bilan uyg‘unlashgan holda o‘tmoqda.
Joriy yilda ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 dekabrdagi "Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni "Hosil bayrami"ni nishonlashga tayyorgarlik va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi majlis bayoniga asosan yil davomida soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan xodimlar moddiy va ma’naviy rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilgan.
Shu munosabat bilan Toshkent davlat agrar universitetida qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosibati bilan yil davomida soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan fidoyi insonlarni taqdirlash va ularning zahmatli mehnatini rag‘batlantirish maqsadida tadbir tashkil etildi. Anjumanda sohaga doir bir qator vazirlik idora va tashkilotlarning faol va shijoatkor vakillari “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
"O‘zdonmahsulot" kompaniyasi tarkibidagi “Bag‘dod don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati Qishloq xo‘jaligi bo‘limi yetakchi mutaxassisi Qosimov Tursun O‘ktamovichga ham “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
T. Qosimov “Bag‘dod don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatida 15 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq yillar mobaynida orttirgan tajribasi va malakasi yordamida u korxona taraqqiyotiga hissa qo‘shish bilan bir qatorda sohaga endigina qadam qo‘ygan yoshlarga ustozlik qilib, o‘z tajribasi va bilimlarini o‘rgatib, o‘z kasbini sevish va unga munosib bo‘lish borasida namuna bo‘lib kelmoqda.
Mehnatsevarligi, bilimi va talabchanligi bilan mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan “O‘zbekiston Pespublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni sohiblarini sohaga aloqador barcha yurtdoshlarimizni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni hamda Hosil bayrami bilan samimiy tabriklaymiz!
Fidoyi mehnatlaringiz natijasida qad ko‘tarilgan xirmonlaringiz kabi martabangiz ham baland, yuzingiz doimo yorug‘ bo‘lsin!