Asosiy menu

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi: asosiy o‘zgarishlar nimalardan iborat?

Ma’lumki yurtimizda 2020 yil 1 yanvardan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi kuchga kirdi. Aytib o‘tish joizki, mazkur hujjat soliq qonunchiligini maksimal darajada soddalashtirishga yo‘naltirilgan konseptual o‘zgartirishlardan iborat va uning asosiy maqsadi - insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Ushbu hujjatga asosan, davlat soliq xizmati organlari va soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi munosabatlar shakllari hamda mexanizmlarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahririda hisobvaraq-fakturalar qoida tariqasida elektron ko‘rinishda rasmiylashtirilishi belgilangan. 2020 yil 1 yanvardan boshlab tovarlarni (xizmatlarni) sotishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda taqdim etishi va qabul qilishi shart. Soliq to‘lovchilar elektron hisobvaraq-fakturalar operatorini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlashlari mumkin. Shu bilan birga, elektron hisobvaraq-fakturalarning alohida operatorlari 2020 yil boshida o‘z xizmatlarini bepul taqdim etadilar. Ko‘p sonli soliq to‘lovchilarni elektron hisob operatorlariga ulash zarurati tufayli, 2020 yil 1 iyulga qadar soliq organlari belgilangan tartibni buzganlik uchun javobgarlik choralarini qo‘llamaydilar. Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishning, shu jumladan ularni qog‘ozda rasmiylashtirish mumkin bo‘lgan holatlarni hisobga olgan holda, yangi tartibi yetkaziladi. Hisobvaraq-fakturalarni taqdim etish tartibi huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganiga qadar soliq to‘lovchilar 2019 yilda amalda bo‘lgan tartibni qo‘llashlari kerak (ro‘yxat raqami 3126, 2019 yil 21 yanvar). Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqish va to‘lash bo‘yicha o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda 2020 yil 1 yanvardan quyidagilar bekor qilinadi: a) QQSni hisoblab chiqish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi. Bunda, soliq to‘lovchilar QQSni hisoblab chiqish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibidan umumbelgilangan tartibga o‘tganda, ular 2020 yil 1 yanvar holatidagi tovar-moddiy zaxira qoldiqlari bo‘yicha QQS so‘mmasini hisobga olishi mumkin. Masalan, 2019 yilda soddalashtirilgan tartibda QQSni to‘lovchi korxona 2020 yilda 15 foizlik stavkada to‘lovchi bo‘ladi. 2020 yilning 1 yanvar holatiga korxonaning balansida qo‘yidagilar mavjud: QQS bilan sotib olingan 100 mln.so‘mlik tovar-moddiy zaxiralari, shu jumladan, oxirgi 12 oyda sotib olingan tovar-moddiy zaxiralari, ya’ni 2019 yilning 1 yanvaridan 31 dekabrigacha 80 mln.so‘mni tashkil etadi; QQS bilan sotib olingan qoldiq qiymati 200 mln. so‘mlik asosiy vositalar, shu jumladan, 2019 yilda sotib olingan asosiy vositalar qoldiq qiymati 50 mln. so‘mni tashkil etadi; 300 mln.so‘mlik qurilishi tugallanmagan obyekt, shu jumladan 2019 yilda mazkur qiymatga kiritilgan QQS bilan sotib olingan tovar va xizmatlar 150 mln.so‘mni tashkil etadi. 2020 yil 1 yanvar holatiga korxona 80 mln. so‘mlik tovar-moddiy zaxiralari qoldiqlari, 50 mln. so‘mlik qoldiq qiymat bilan asosiy vositalari va 150 mln.so‘mlik qurilishi tugallanmagan obyekt qiymatiga kiritilgan tovar va xizmatlariga to‘g‘ri keladigan QQS so‘mmasini hisobga olishi mumkin: Bunda QQS so‘mmasi tovar-moddiy boyliklar va xizmatlar sotib olinganda mol yetkazib beruchilar tomonidan ko‘rsatilgan stavkaga muvofiq ular qiymatini kamaytiradi. b) aylanmadan soliq to‘lovchilarning QQSni ixtiyoriy ravishda to‘lash imkoniyati. Quyidagilar tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan daromad miqdori ko‘rsatkichidan qat’iy nazar QQS to‘laydilar: O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tuvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar; aksiz osti tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqaruvchi va (yoki) foydali qazilmalarni qazib oluvchi yuridik shaxslar; qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar – ularda 50 gektar va undan ko‘p bo‘lgan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud bo‘lganda; benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni realizatsiya qiluvchi yuridik shaxslar; lotereyani tashkil etish faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar; oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshiriladigan faoliyat bo‘yicha – oddiy shirkatning ishlarini yuritish vazifasi zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxs – oddiy shirkatning ishtirokchisi; vakolatli organning xulosasi chiqarilgan tugallanmagan ishlab chiqarish obyektlari va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlari bo‘lgan yuridik shaxslar; markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarni qurilishini (joriy va mukammal ta’mirlashdan tashqari) bajaruvchi yuridik shaxslar. Uzoq muddatli aktivlar bo‘yicha bir martalik hisobga olish, ya’ni xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uzoq muddatli aktivlar bo‘yicha ularni sotib olishda QQSni aylanma mablag‘lardan foydalanishni cheklovchi 12 va 36 oylik davrlarga ajratmasdan, to‘liq hisobga olishi mumkin. Bunda, sotib olingan uzoq muddatli aktivlar bo‘yicha hisobga olinmagan va 2020 yil 1 yanvardan 4410 “Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha avans to‘lovlari (turlari bo‘yicha)” debeti bo‘yicha QQS so‘mmasi 6410 “Budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlar (turlar bo‘yicha)” debetiga to‘liq hisobga olinadi. Ushbu qoida faqat 2019 yilda sotib olingan uzoq muddatli aktivlarga nisbatan qo‘llaniladi (QQS bo‘yicha hisobga olish huquqi 2019 yil 1 yanvardan keyin berilgan). Foyda solig‘i bo‘yicha ham o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra endilikda zararlarni taqsimlab ko‘chirish muddati 5 yildan 10 yilga, zararlarni taqsimlab ko‘chirish chegaraviy miqdori soliq solinadigan bazaning 50 foizdan 60 foizgacha o‘sgan. Shu bilan birga, 2020 yil 1 yanvarga qadar soliq to‘lovchi ko‘rilgan zararlarni ushbu zarar ko‘rilgan soliq davridan keyingi besh yil ichida kelgusiga taqsimlab o‘tkazishni amalga oshirishga haqlidir. Taqsimlab o‘tkazilayotgan zararning har bir navbatdagi soliq davrida hisobga olinadigan jami summasi joriy soliq davrining hisoblab chiqarilgan soliq solinadigan foydaning 50 foizidan oshmasligi kerak. Qayd etish lozimki, Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha quyidagi o‘zgarishlar kiritildi: Jismoniy shaxslarning alohida toifalarining (yakka tartibdagi tadbirkorlar, hunarmandlar, oilaviy tadbirkorlik sub’yektlari a’zolari) qat’iy belgilangan soliqni to‘lash o‘rniga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, ularga yillik daromad deklaratsiyasi asosida soliq to‘lashni tanlash huquqini berish rejalashtirilgan. Bunda “Hunarmand” uyushmasi a’zosi bo‘lgan va hozirda qat’iy belgilangan soliqni to‘lashda imtiyozlarga ega bo‘lgan hunarmandlar uchun, hunarmandchilik mahsulotlarini (tovarlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilishni nazarda tutadigan imtiyozli soliq tartibi amal qiladi. Jismoniy shaxslarning jami daromadlarini aniqlash tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, hozirgi vaqtda jismoniy shaxsning jami daromadiga kiritilgan va keyinchalik soliq solinadigan bazani aniqlashda chegirilgan (pensiya, stipendiya, ijtimoiy nafaqa, aliment va boshqalar) daromadlarning ayrim turlari, 2020 yil 1 yanvardan boshlab soliq to‘lovchining jami daromadlariga kiritilmaydi. Bundan tashqari, jismoniy shaxsning bank hisobvarag‘iga o‘tkazilgan pul mablag‘lari va naqd pul ko‘rinishidagi daromadlar va (yoki) tashkilotning sodiqlik dasturida jismoniy shaxsning ishtirok etishi natijasida olingan tashkilot tomonidan tovarlar va (yoki) xizmatlarning to‘liq yoki qisman to‘lanadigan daromadlar soliq to‘lovchining daromadi hisoblanmaydi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni quyidagi yo‘llar bilan optimallashtirish rejalashtirilgan: a) O‘zbekiston Respublikasida hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish, shuningdek ipoteka kreditlari va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lash uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga sug‘urta mukofotlarini to‘lash uchun ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha imtiyozlar berish tartibini qayta ko‘rib chiqish (soliq davri davomida soliq chegirmalarining maksimal miqdori belgilanadi); b) ta’lim to‘lovlari uchun ajratilgan mablag‘ (o‘zi yoki uning yigirma olti yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun), shuningdek, yigirma olti yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘i uchun to‘lovlar bo‘yicha taqsimlanishi; v) xususiy korxona egasi, oilaviy korxona a’zosi va fermer xo‘jaligi rahbari ixtiyorida qolgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan keyingi foyda miqdori, mehnat shartnomasi bekor qilinganda eng kam ish haqining o‘n ikki baravari miqdorida to‘lanadigan ta’til nafaqasi, ixtiyoriy ravishda tugatilgan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt - yuridik shaxsga o‘z majburiyatlarini bajarish uchun yo‘naltirilgan yuridik shaxs ta’sischilari (qatnashchilari) daromadlarining miqdori va aksiyadorlik jamiyatlarining chet ellik ishchilarining boshqaruv kadrlari sifatidagi faoliyatidan olgan daromadlari uchun qo‘llaniladigan soliq to‘lashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozlarning bekor qilinishi Ijtimoiy soliq bo‘yicha kiritilgan o‘zgarishlar sirasiga ijtimoiy soliq stavkasi davlat korxonalariga, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga, shuningdek ustav fondida 50 yoki undan ortiq foiz davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslarga va ularning tarkibiy bo‘linmalariga nisbatan 25 foizdan 12 foizgacha pasaytirilganligi kiradi. Yangi tahrirdagi soliq kodeksiga asosan yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq stavkasi 2 foiz miqdorida saqlab qolinmoqda, qurilishi normativ muddatda tugallanmagan obyektlarga nisbatan soliq stavkasi 4 foiz miqdorida belgilanmoqda. Bunda bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, noturar-joy binolar, shuningdek qurilishi tugallanmagan obyektlar bo‘yicha qonun hujjatlarida oshirilgan soliq stavkalarini belgilash orqali choralar qo‘llanilishi mumkin va mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlari ularga nisbatan tatbiq qilinmaydi. Quyidagi ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan ilgari berilgan imtiyozlar o‘rniga 0,2% miqdorida pasaytirilgan soliq stavkasi joriy etilmoqda: umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar, magistral quvurlar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, shuningdek ushbu obyektlarning ajralmas texnologik qismi bo‘lgan inshootlar; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining konservatsiya qilish to‘g‘risida qarori qabul qilingan ko‘chmas mulk va qurilishi tugallanmagan obyektlar. O‘z vaqtida ishga tushirilmagan uskunalar soliq solish obyektidan chiqarib tashlanmoqda. Qurilish tashkilotlarining yoki quruvchilarning balansida ularni keyinchalik sotish uchun hisobida turgan ko‘chmas mulk obyektlari ushbu obyektlar foydalanishga topshirilgandan boshlab olti oy o‘tgandan so‘ng soliq solish obyektiga kiritilmoqda. Ular bo‘yicha soliq bazasi ushbu obyektlarning o‘rtacha yillik qiymatidan (realizatsiya qilinmagan qismidan) kelib chiqib aniqlanadi. To‘liq amortizatsiya qilingan binolarga har uch yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan qayta baholangan (bozor) qiymatidan kelib chiqib mol-mulk solig‘i solinishi belgilanmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va saqlash uchun ishlatiladigan, qishloq xo‘jaligi korxonalari balansidagi mol-mulkning o‘rtacha yillik qoldiq qiymatiga soliq solinadigan bazani kamaytirish ko‘rinishida mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyoz joriy etilmoqda.