Asosiy menu

G‘ALLAKORLAR SHAYLANMOQDA

Oxirgi yillarda elni sifatli don va un bilan ta'minlash dehqonlarimiz zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklamoqda. Shu bois, har yili unumdor va serhosil sug‘oriladigan maydonlarda g‘allaning tezpishar va serhosil navlari urug‘i ekilib, yuksak agrotexnika talablari asosida parvarishlanayapti.

O‘tgan yilning kuzida ham dehqonlarimiz 98 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarda “Kroshka“, “Krasnodar-98“, “Ummanka“ kabi bug‘doyning serhosil navlari urug‘ini ekishgandi. Tadbirkorlik bilan ish yuritgan dehqonlarimiz g‘allazorlarda mo‘l hosil to‘planishiga erishdilar. Dehqon mehri, quyosh qatidan bahra olayotgan boshoqlar peshma-pesh donga to‘layapti.

G‘allakorlar parvarishni susaytirmagan holda o‘rim-yig‘im mavsumiga ham puxta hozirlik ko‘rishayapti. Ayni paytda MTP va MMTPlardagi, shuningdek, peshqadam fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi “Keys“ hamda “Klass“ kombaynlari sifatli ta'mirlanib, ishga soz holga keltirildi. “Surxondaryodonmahsulotlari“ va “SHo‘rchidonmahsulotlari“ aksionerlik jamiyatlari hamda tumanlardagi don tayyorlash idoralari don qabul qilishga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rishayapti.

Manba: zaryasurxana.uz