Asosiy menu

Hosil mo‘l, daromad zo‘r bo‘ladi

Surxondaryo viloyatida yetishtirilgan g‘allani qisqa muddatlarda o‘rib-yig‘ib olish, ekindan bo‘shagan maydonlarni sifatli shudgorlash va keyingi hosilga tayyorlash ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Joriy yilda viloyat g‘allakorlari 98 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos “Krasnodar-99”, “Polovchanka”, “Tanya”, “Kroshka” kabi ertapishar va serhosil boshoqli don ekinlarini parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi.

Prezidentimiz rahnamoligida agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar fermerlik harakatini rivojlantirib, qishloq xo‘jaligini serdaromad sohaga aylantirdi. Bahor injiq kelgan joriy yilda viloyat fermerlari g‘allani ilg‘or agrotexnik usullar asosida parvarishlab, mo‘l hosil to‘plagani bunga yaqqol misol. Ayni paytda yetishtirilgan hosilni tez va sifatli o‘rib-yig‘ib olish, g‘alladan bo‘shagan maydonlarni somondan tozalash, shudgorlash, somon yoqilishining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, o‘rim-yig‘imni uyushqoqlik bilan tez kunlarda yakunlash uchun 141 otryad tashkil etilib, ularga malakali mutaxassislar biriktirilgan. O‘rim kombaynlari, g‘alla tashiydigan mashina va boshqa texnika vositalari mavsumga puxta hozirlanib, yetarli miqdorda ehtiyot qismlar zaxirasi yaratilgan. O‘rim-yig‘im uchun 302 yuqori unumli zamonaviy kombayn jalb etilgan.

Mavsumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hosildan bo‘shagan dalalarni somondan tozalashning ahamiyati, somonni yoqib yuborishning salbiy oqibatlari haqida targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib bordi. Don qabul qilish shoxobchalari, korxonalar va aholi gavjum joylarga g‘alla maydonlarida somonni yoqib yuborish hamda don mahsulotlarini tashish jarayonida yong‘inning oldini olishga qaratilgan panno va plakatlar o‘rnatildi.

Mutaxassislarning fikricha, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda qolgan poyalarni yoqib yuborish yer unumdorligining keskin pasayib ketishiga sabab bo‘ladi. Somonni yoqish tuproqning hosil uchun foydali o‘g‘itlarga boy yuqori qatlamini qotiradi, mavjud mikroorganizmlar va foydali hasharotlar nobud bo‘ladi. Shuningdek, hosildan bo‘shagan maydon vaqtida shudgor qilinmasa, jazirama ta’sirida tuproq namligi tez ko‘tarilib, yerni qotirib tashlaydi. Natijada ekin maydonini kelgusi hosilga hozirlash yumushlarida xarajat ko‘payib, ortiqcha mehnat va qo‘shimcha yonilg‘i talab etiladi.

– G‘allachilikning serdaromad tarmoqqa aylangani fermerlarda ekin maydonlaridan samarali foydalanish ko‘nikmasini shakllantirmoqda, – deydi viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bahodir O‘rinov. – Endilikda g‘allakorlar hosildan bo‘shagan maydonlarni zudlik bilan somondan tozalash, erta shudgorlashning ahamiyati hamda somon yoqilishining salbiy holatlarini to‘g‘ri anglab, bu ishga katta mas’uliyat bilan yondashmoqda. O‘rim tugayotgan maydonlarning somoni uyushqoqlik bilan yig‘ib olinib, chorva uchun to‘yimli ozuqa jamg‘arilayotir. O‘z vaqtida shudgorlanib, kelgusi hosil uchun puxta zamin yaratilmoqda.

Qumqo‘rg‘on tumani fermerlari bu yil sakkiz ming gektardan ortiq maydonda g‘alla parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi.

– Don – rizq-ro‘zimiz manbai, non – dasturxonimiz ko‘rki, – deydi Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Chorvador” fermer xo‘jaligi rahbari Rahmiddin Sharopov. – Xo‘jaligimiz 50 gektardan ziyod maydonda ertapishar va serhosil g‘alla parvarishladi. O‘tgan yili har gektar maydondan o‘rtacha 50 sentnerdan don yig‘ib olgan edik. Bu yil hosildorlikni yanada oshirishni mo‘ljallayapmiz. Shuningdek, xo‘jaligimizda parvarishlanayotgan qoramollar uchun to‘yimli ozuqa – g‘alla poyalari isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda. Doni yig‘ib olinayotgan maydonlarni somondan tozalab, uni peshma-pesh chorvachilik kompleksimizga tashib keltirayapmiz.

Viloyatning Termiz, Angor, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod tumanlarida ham g‘alladan bo‘shagan maydonlarni somondan tozalash, shudgorlash ishlarini tez kunlarda yakunlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Manba: UzA