Asosiy menu

Tadbirkorlar manfaati doimiy himoyada

Farg‘onada “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” mavzuida konferensiya-seminar bo‘lib o‘tdi.

Huquqni muhofaza qilish idoralari, nazorat qiluvchi va sud organlari vakillari, viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan tadbirkor hamda fermerlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimizning shu yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash mexanizmlari muhokama etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va bugungi kunda o‘zining yuksak samaralarini berayotgan O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li – “o‘zbek modeli” xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Taraqqiy etgan davlatlar tajribasi hamda xalqimizning ishbilarmonlik, hunarmandlik fazilatlarini hisobga olgan holda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Shunga monand iqtisodiyotda nodavlat sektorning ulushi yildan-yil ortib borayotir. Asosiysi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik odamlarga o‘z bilim va malakasidan, tadbirkorlik qobiliyatidan kelib chiqqan holda erkin mehnat qilish, uning mahsulidan o‘zi, oilasi va jamiyat a’zolarini bahramand etish, mulkka egalik qilish, barqaror daromad manbalari yaratishning eng muhim omiliga aylandi.

Xususiy sektorga keng erkinlik berish, turli g‘ovlarni bartaraf etishga oid bir qator muhim hujjatlarning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida ruxsat berish tartib-taomillari keskin qisqartirildi. Barcha darajadagi davlat boshqaruvi idoralari bilan o‘zaro munosabatlarda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi prinsipi joriy qilindi. Bu amalda ana shu idoralarning tadbirkor manfaatini ta’minlash yo‘lida xizmat qilishiga keng yo‘l ochdi. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun aybdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirildi.

Mamlakatimizda xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularga bundan-da ko‘proq erkinlik berish, duch kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni olib tashlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sohaning me’yoriy-huquqiy bazasi tubdan qayta ko‘rib chiqilib, to‘liq yangilanishi tufayli keyingi yillarda xususiy mulkning rolini oshirish hamda himoyasini kuchaytirishga doir 15 dan ortiq qonun qabul qilindi. Oxirgi to‘rt yilda 167 ruxsat berish, 19 litsenziyalanadigan faoliyat turi bekor qilindi. Ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni rasmiylashtirishdagi yig‘imlar 2 barobar kamaydi. 65 statistik, 6 turdagi soliq hisoboti amaliyotdan chiqarildi.

Olib borilayotgan bunday ishlar natijasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiyotdagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Farg‘ona viloyatida joriy yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 7,1 foizga o‘sdi. Qishloq xo‘jaligida 6,2, chakana savdo aylanmasida 14,2, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishda 10,7, jami xizmatlarda 18 va pullik xizmatlar ko‘rsatishda 13,8 foiz o‘sishga erishildi. Kichik biznes va xususiy sektorning yalpi hududiy mahsulot tarkibidagi ulushi ortib, 51,2 foizga yetdi, umumiy bandlikdagi ulushi esa 79,2 foizni tashkil etmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 440,7 milliard so‘m miqdorida tijorat banklari kreditlari ajratilib, bu ko‘rsatkich 2014-yilning shu davriga nisbatan 1,3-martaga ortdi. Tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan sharoitlarning yaxshilanayotgani ularga mahsulot ishlab chiqarish hamda eksport hajmini ko‘paytirish imkoniyatini yaratmoqda. Ular tomonidan 93,2 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Kichik biznes subyektlarining sanoatdagi ulushi o‘tgan yilgi 26,5 foizdan 30 foizga, qurilishda 81,3 foizdan 82,5 foizga, aholiga ko‘rsatilayotgan pullik xizmatlarda 47,6 foizdan 48,2 foizga ko‘tarildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, viloyat prokurori B.Po‘latov va boshqalar xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotimizdagi o‘rnini mustahkamlash, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarga barham berish, soha vakillarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini izchil oshirib borish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit hamda rag‘batlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyati xususida so‘z yuritdi. Tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi ishlar tahlil etildi. Tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar oldi.

– Prezidentimizning joriy yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlik faoliyatining barcha qirralarini qamrab olgan, – deydi Farg‘ona shahridagi “Far antikor invest” xususiy korxonasi rahbari Abduqunduz Yunusov. – Bundan 15-yillar avval korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun haftalab vaqt sarflanardi. Bugunga kelib tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tish, soliq va statistika hisobotlarini topshirish elektron shaklda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Prezidentimiz farmonida shahar va tuman hokimliklari huzuridagi “bir darcha” faoliyatini takomillashtirish yuzasidan belgilab berilgan chora-tadbirlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi vakillarini turli ruxsat berish xarakteridagi hujjatlar, litsenziyalarni olish bilan bog‘liq tashvishlardan xalos etadi. Ayni kunlarda korxonamizda o‘ndan ortiq turdagi mahsulotlar tayyorlanmoqda. Berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar bizni yangi loyihalar ustida ishlashga undamoqda.

UzA