Asosiy menu

«Nol» qiymati imkoniyati

Mamlakatimizda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, sohaga davlat aralashuvini kamaytirish iqtisodiyotni rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashning muhim sharti etib belgilangan. Davlat tasarrufidagi zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalar, bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan binolarni «nol» xarid qiymatida sotishning joriy etilishi xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, xorij investitsiyasini jalb etish, tadbirkorlarga moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirmoqda.

Davlatimiz rahbari 2014-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida bu jarayonga alohida e’tibor qaratib, iqtisodiyotda davlat ishtirokini har tomonlama tanqidiy tahlil qilish, bunda zarar ko‘rib ishlayotgan, past rentabelli va iqtisodiy nochor, mahsulotlariga talab yo‘qligi sababli to‘la quvvat bilan ishlamayotgan davlat korxonalarini investorlarga «nol» qiymatida sotish birlamchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Prezidentimizning shu yil 28-apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa tashkilotlarga qarashli 512 obyekt investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan shunday tartibda oshkora savdolarga chiqarilishi belgilandi.

– Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining 2015-yil 25-maydagi qaroriga asosan, investorlarga bepul beriladigan korxona va obyektlarni tanlov savdolarida sotish shartlari, jumladan, kiritilishi belgilangan investitsiya miqdori, muddati va yaratiladigan ish o‘rinlarining eng kam soni belgilandi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Karim Mamatov. – Unga muvofiq mazkur obyektlarda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish, modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan kamida 1 trillion so‘mdan ziyod investitsiya kiritilishi hamda 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallanayotir.

Joriy yilning 1-noyabr holatiga kelib xususiylashtirilgan obyektlar 498 taga yetdi. Ular 957 milliard 311 million so‘m va 36 million 720 ming dollar miqdorida investitsiya kiritish hamda 21 ming 577 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan investorlarga bepul berilgan. Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida savdoga chiqarilgan obyektlar to‘liq xususiylashtirilgan.

Davlat mulkini xususiylashtirishda berilayotgan bunday imtiyozlar mamlakatimizga chet el investitsiyalarining ortishiga xizmat qilmoqda. Sirdaryo viloyatidagi ulgurji bozorning bo‘sh turgan binosi tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun 500 million so‘m va 6 million dollar investitsiya kiritish sharti bilan xitoylik investorlar tomonidan ta’sis etilgan «Gulistan Bingeu Textile» xorijiy korxonasiga sotildi. Ikki yarim yilga mo‘ljallangan ushbu loyiha samarasida 100 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidan «nol» xarid qiymatida savdoga chiqarilgan ulgurji savdo bazasining eski binosi janubiy koreyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikdagi «Eastern Root Andijon» qo‘shma korxonasi faoliyatini boshlashda qo‘l keldi. Ikki yil muddatda 1 milliard so‘m investitsiya kiritish va 150 ish o‘rni yaratishni zimmasiga olgan korxonaga xorijlik hamkorlar tomonidan 125 ming dollarlik zamonaviy dastgohlar keltirib o‘rnatildi va shirinmiya o‘simligining ildizini qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi. Korxona to‘liq quvvatda ishga tushishi har oyda 200-250 ming dollarlik mahsulotni eksport qilish imkonini yaratadi.

Mamlakatimizga xorijlik ishbilarmonlar tomonidan qiziqish ortib borishi turizm infratuzilmasining taraqqiy etishiga xizmat qilmoqda. Shundan kelib chiqib, «Turkiston» ishlab chiqarish tijorat firmasi Navoiy shahridagi «Navoiy» mehmonxonasini mazkur obyekt faoliyatini zamonaviy talablarga mos tarzda tashkil qilishga 5 milliard so‘m investitsiya kiritish, 40 yangi ish o‘rni tashkil etish sharti bilan bepul o‘z tasarrufiga oldi.

Ayrim yirik obyektlarning qismlarga bo‘lingan holda berilayotgani ham tadbirkorlarga qulaylik yaratmoqda. Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Konizar qishlog‘ida joylashgan gepatitga qarshi kurash bo‘limining sobiq binosi «Baraka Jahon» ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi, «Muhtaram Bekovna» hamda «Sarmed Nevro» xususiy korxonalariga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish uchun bo‘lib berildi. Ular tomonidan bir yarim yil mobaynida kiritiladigan 1 milliard so‘mdan ziyod investitsiya samarasida 31 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Samarqand viloyati Narpay tumani Oqtosh shahridagi sobiq 60-umumta’lim maktabining bo‘sh turgan binosi ham shu tartibda xususiylashtirildi. Tanlov natijalariga ko‘ra, obyektning bir qismi 856,4 million so‘mlik investitsiya kiritib, tikuvchilik sexi tashkil etish bo‘yicha biznes-reja taqdim etgan «Davlatbek-Diyorbek servis» oilaviy korxonasiga, ikkinchi qismi 750 million so‘mlik investitsiya kiritish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash omborxonasini qurish taklifi bilan chiqqan «Narpay Xolod» xususiy korxonasiga berildi.

Qarorga ko‘ra, ijara shartnomasi bo‘yicha o‘zlarining majburiyatlarini tegishli ravishda bajarib kelayotgan davlat mulki obyektlarining ijarachilari ijaraga olingan ishlab chiqarish maydonlarini xarid qilishda, jumladan, tasdiqlangan shartlarda "nol" qiymatida sotib olishda ustun huquqqa ega bo‘ladi.

Muxtasar aytganda, davlat mulki obyektlarining xususiy sektor vakillariga bepul berilishi mulkdorlar safini kengaytirish, ishlab chiqarishga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni yanada keng jalb etish, pirovardida aholi bandligi va farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

UzA