Asosiy menu

Inson huquqlarini ta’minlashning ma’naviy jihatlari

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
 23 yilligiga bag‘ishlanadi

Inson hayotga kelibdiki, o‘zini anglay boshlabdiki faqat bir narsaga intiladi. Bu erkinlik. Erkinlik aslida juda ko‘plab bilim sohalari, birinchi navbatda huquqshunoslik va deyarli barcha ijtimoiy-gumanitar fanlar tomonidan ishlatiladigan falsafiy tushuncha hisoblanadi. Boshqa ma’noda erkinlik tushunchasi insonning o‘z hoxish-istagi, mayllari, ehtiyoji bo‘yicha faoliyat yuritishga undaydigan holatdir.
Odatda erkinlik u yoki bu jamiyatning huquqiy xujjatlarida, birinchi navbatda o‘sha mamlakatning Konstitutsiyasi qoidalari bilan ta’minlanadi. Shuningdek, shaxs erkinligi va inson huquqlari tushunchalari ham bir-biri bilan juda uyg‘un. Inson huquqlari -kishilarning insonlik shanu-sharafiga munosib tarzda yashashi va faoliyat olib borishi lozim bo‘ladigan haq-huquqlar majmuini ifoda etadigan tushuncha. Bu huquqlar tabiiy huquqlar va davlat tomonidan qonuniy asosda kafolatlanadigan huquqlarga bo‘linadi. Tabiiy huquqqa yashash huquqini misol qilib keltirish mumkin. Davlat tomonidan kafolatlanadigan huquqlarga saylov huquqi, bilan olish huquqi, nafaqa olish huquqi kabi insoniy huquqlar kiradi. (Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar izohli lug‘ati.-Toshkent, 2009-208-bet).
Bu yuqorida ta’kidlagan inson huquqlari va shaxs erkinligini ta’minlaydigan eng oliy xujjat-konstitutsiya hisoblanadi. 1992 yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tom ma’noda inson huquqlarini, shaxs erkinligini ta’minlaydigan, uni kafolatlaydigan bosh Qonun sifatida qisqa tarixiy davr sinovidan muvaffaqiyatli ravishda o‘tdi. Konstitutsiyamizning «Muqaddima» qismida mamlakatimizda barpo etilayotgan jamiyat insonparvar demokratik huquqiy davlat ekanligi aloxida ifodalangan. Demak, O‘zbekiston Konstitutsiyasining asosiy, bosh maqsadi- mamalakatimizda demokratiya tartibotini o‘rnatish, jamiyatda Bosh qomusimiz va qonunning ustuvorligi ta’minlash, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari, burchlarini belgilab berish kabilardan iborat.
Shubhasiz, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlashda, fuqarolarda konstitutsiyaga nisbatan hurmatni shakllantirishda katta yutuqlarga erishildi. Kishilarimiz demokratik o‘zgarishlarni, ularning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini nafaqat anglab yetmoqda. Ayni paytda ushbu jarayonda faol ishtirok etmoqdalar. Buning natijasi o‘laroq fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshib bormoqda, ular mamlakat amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, evolyutsion o‘zgarishlarning ham ob’yekti ham sub’yektiga aylanmoqdalar.
Biz bugun, mustaqilligimizning qariyb chorak asri davrida demokratiyaning tom ma’nodagi mazmun-mohiyatini, uning inson huquqlarini kafolatlaydigan muhim omil ekanligini ongli ravishda anglab yetdik. Shu bilan birga inson huquqlarini «Himoya qilish» bahonasida O‘zbekistonga «demokratik o‘yinlar»ni tiqishtirishga bo‘lgan xarakatlarni, xalq manfaatlarini niqob qilib olib qandaydir sohta siyosiy o‘yinlar tashkil etmoqchi bo‘lganlarni ham ko‘rdik. Ammo demokratiyani, inson huquqlarini milliy-mahalliy sharoitlar, xalq mintaliteti, uning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olmasdan, uni umumiy qoida sifatida ataylab tiqishtirish mutlaqo noto‘g‘ri ekanligini ham Yurtboshimiz bot-bot takrorlaydi.«Biz,-deydi mamlakat rahbari I.Karimov,-shuni yaxshi anglashimiz kerakki, demokratiya hech qachon bir hil shakl yoki mazmunda bo‘lmaydi. Demokratiya degani-bu hamisha o‘zgarib turadigan hayot tarzi, jamiyat tizimining rivoji bilan uzviy bog‘liq.
Demokratiya – inson, jamiyat, davlat degan uch sub’yekt o‘zaro bir- birini to‘ldiradigan, bir- birini boyitib, kerak bo‘lsa, nazorat qilib turadigan tizim demakdir. Bu har qaysi insonning jamiyat bilan, jamiyatning esa davlat bilan munosabatini,ular o‘rtasidagi muvozanatni anglatadi «(Karimov I. Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng buyuk saodatdir. – Toshkent, 2015. – 103 – bet).
Demak, muayyan darajada demokratiya boshbodoqlik, hokimiyatsizlik,insonning ko‘ngliga kelgan narsani amalga oshirishga turtki beradigan narsa emas. Demokratiya inson va jamiyat hayotini tartibga soluvchi, nazorat qiluvchi, mamlakatdagi barcha sog‘lom kuchlarni birlashtirgan holda fuqarolarning tinch – totuv, farovon yashashiga yordam beruvchi, ularning haq – huquqlarini himoya qiluvchi fenomen hodisadir.
Ushbu satrlarni yoza turib hayolimga o‘z – o‘zidan o‘tgan asrning 80 – yillari ikkinchi yarmi, mustaqillikning ilk kunlari yodimga tushadi. «Demokratiya», «oshkoralik» shiori ostida ba’zi mansabparast va manfaatparast kuchlarning o‘z g‘arazli maqsadlariga erishish uchun olib borgan «kurashlari», siyosiy kurash tajribasiga ega bo‘lmagan ayrim yurtdoshlarimizning adashishlari jamiyatda ma’lum darajada muvozanatning buzilishiga olib keldi.
Soxta demokratlarning»urchib ko‘payishi», ularda mamlakatning istiqboldagi rivojlanishi bo‘yicha ilmiy jihatdan chuqur, puxta ishlab chiqilgan rejalarining mavjud emasligi, bularning ustiga jamiyat fuqarolarida ijtimoiy kayfiyatning tushib ketishi o‘sha yillarda mamlakat va millat taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Ayni paytda, kishilarda vatanparvarlik ruhini ko‘tarish, ma’naviy – ijtimoiy buhrondan chiqish,fuqarolarning mustabid tuzum davrida toptalangan haq – huquqlarini tiklash, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish o‘ta muhim vazifa edi.
Boshqacha so‘z bilan aytganda qurilishi lozim bo‘lgan jamiyatning mazmun – mohiyatini, uning maqsad – muddaolarini aniqlash o‘ta muhim vazifa sifatida ko‘ndalang turardi. Ana shunday sharoitda jamiyat a’zolarining demokratik jamiyat to‘g‘risidagi tasavvurlarini kengaytirish, ularning siyosiy bilim saviyasini oshirish, ijtimoiy faolligini ko‘tarish zarur edi. Yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, kishilarda demokratiya jarayonida yashash ko‘nikmasini shakllantirish lozim edi.
Shu o‘rinda mamlakat rahbarining 1991 yil «Rabochaya Tribuna» gazetasi muhbiri savollariga bergan javobida bildirgan quyidagi fikrlarini, mana, oradan chorak asr o‘tganiga qaramasdan, o‘ta dolzarbligini yo‘qotmagan, deb bilamiz: «Men faqat bir narsani – xalqlarning boshiga azob-uqubat keltiradigan va qon to‘kilishiga sabab bo‘ladigan boshboshdoqlik, hokimiyatsizlik va adovat bo‘lishini istamayman. Demokratiyani hamma narsani qilish mumkin deb, o‘zboshimchalik bilan talqin etish ana shunga olib keladi. Men demokratik jamiyatni, eng avvalo qonunga quloq solish deb bilaman. Shaxsning haq-huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini belgilab beradigan yozilmagan qonunlar, ma’naviy qoidalar to‘plami zarur, odam jamiyatdagi mezonlar doirasida o‘ziga erkinlik va cheklashlar darajasini belgilab oladi «(Karimov I. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. – Toshkent, 2011. – 346- 347 – betlar).
Shuni alohida qayd etish lozimki, mamlakat Prezidentining ushbu fikrlarida bugungi dunyo, jumladan, O‘zbekiston uchun zarur bo‘lgan ilmiy jihatdan asoslangan qator xulosalar mavjud. Birinchidan, demokratiya o‘zi bo‘larchilik, boshboshdoqlik emas. Erkinlik, demokratiya niqobi ostida ish yuritadiganlarning asl aft – basharasi ularning faoliyatida darhol ko‘zga tashlanib qolmoqda. Har qanday demokratiya jamiyat a’zolari tomonidan hissiyot bilan emas, aql bilan ongli anglangandan so‘nggina muayyan natija berishi mumkin.
Ikkinchidan, demokratiya ushbu jamiyat tomonidan qabul qilingan barcha qonunlarga qat’iy amal qilishni talab qiladi. Jamiyat tomonidan qabul qilingan qonunlarga amal qilmaslik esa fuqarolar siyosiy – huquqiy madaniyatining pastligidan, demakki, ushbu mamlakatning hali demokratik islohatlarni amalga oshirishga tayyor emasligidan dalolatdir. Taraqiyotning «O‘zbek modeli» da qonun ustuvorligi tamoyiliga e’tibor qaratilganligining asosiy sababi ham shundan – ya’ni, biz demokratik islohatlarni amalga oshirar ekanmiz, eng avvalo qonun ustuvorligiga erishishimiz lozim.
Uchinchidan, mamlakatimizda barcha sohadagi islohotlar islohot uchun emas, balki inson, uning manfaatlari yo‘lida amalga oshiriladi.Inson manfaatlarining qondirilishi esa uning haq – huquqlarini ta’minlash asosidagini ro‘yobga chiqishi mumkin. Shu ma’noda O‘zbekiston Konstitutsiyasini inson haq – huquqlarini himoya qilishning mukammal andozasi sifatida qabul qilish lozim. Asosiy qomusimizning ikkinchi bo‘limi «Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari», deb nomlanadi. Bo‘limda 7ta bob bo‘lib, inson huquqlari, erkinliklari va burchlari 35ta moddada o‘z aksini topgan.
Mazkur moddalar jamiyat a’zolarining mavjud mezonlar doirasida o‘ziga erkinlik va cheklashlar darajasini belgilab olishga yordam beradi. Bu yerda biz qiziq holatga duch kelyapmiz:insondagi erkinlik va cheklashlar! To‘g‘ri, inson har doim juda keng erkinliklar egasi bo‘lishining tarafdori. Chunki, u tabiatan ozodlik, erk sari doimo odimlaydi. Ammo, insonning o‘z erkinligini cheklash deganda nimani tushunish mumkin? Hamma gap shundaki, insonning eng zo‘ri, shaxsning eng mukammal darajasiga erishgani – bu o‘z erkinligini cheklay olish qobiliyati va ko‘nikmasiga ega bo‘lganidir. Bu esa faqat va faqat o‘z shaxsiy manfaati va jamiyat manfaatini uyg‘unlashtira olgan hamda yuksak ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan kishilardagina yuz berishi mumkin. Boshqacha so‘z bilan aytganda inson qachonki qonunlar bilan birga ma’naviy qoidalar, mazkur millat tomonidan ming yillar davomida shakllangan axloqiy normalar asosida shakllanar ekan, u,shubhasiz o‘z chegarasini anglay oladi.
Masalaning yana bir nozik jihati mavjud. Gap shundaki, inson huquqlarini ta’minlashda jamiyat tomonidan to‘g‘ri tanlangan g‘oya va maqsad hamda ularning ma’naviy omillar bilan ustunligi alohida ahamiyatga ega. Milliy mafkuramizning bosh g‘oyasi bo‘lmish ozod va obod vatan, erkin va faravon hayot, turmushni barpo etish shaxsiy manfaatlar bilan uyg‘unlashtirmasdan amalga oshirish mumkin emas. O‘zbekistonda jamiyat bosh g‘oyasining milliy va shaxs manfaatlari uyg‘unligi asosida amal qilishi bizning yutug‘imizdir.
Bu o‘z navbatida shaxsning ijtimoiylashuvi, siyosiy-huquqiy madaniyatining oshishi, kishilarda o‘zi mansub bo‘lgan millat va mamlakatga nisbatan mehr-muhabbatining yanada ko‘tarilishini talab etadi. Mustaqillik yillarida ana shu qadriyatlarga ega bo‘lganligimiz juda qadrlidir. Fikrimiz asosli bo‘lishi uchun yaqinda «Ijtimoiy fikr»jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalaridan ayrim misollar keltiramiz. Ijtimoiy so‘rovda O‘zbekistonda fuqarolar haq-huquqlarining himoyalanishi, kishilarning o‘z yurtidan qay darajada fahrlanishi kabi o‘ta muhim masalalar tahlil etilgan. «O‘zbekiston fuqarosi ekaningizdan qalbingizda qanday tuyg‘ular kechadi?» degan savolga respondentlarning aksariyati «Fahrlanish»; deb javob qaytargani ana shundan dalolat beradi. Ushbu ko‘rsatkich yildan-yilga o‘sib borayotir. Xususan, 2010 yilda so‘rovda qatnashganlarning 76,8, 2015 yilda 89,5 foizi shu fikrni bildirgan. Barcha yosh guruhi vakillari O‘zbekiston fuqarosi ekanliklaridan qalblarida iftixor tuyishlarini alohida ta’kidlaganlar. O‘rganish natijasiga ko‘ra o‘zbekistonliklar uchun osoyishtalik, barqarorlik, millatlararo hamda fuqarolararo hamjihatlik istiqlolning eng muhim yutuqlaridandir.1999 yilda respondentlarning 97,1, 2013 yilda 98,6 foizi, 2015yilda esa 99,6 foizi ana shunday fikrni qayd etgan. Yurtdoshlarimiz davlat tomonidan fuqarolarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani, ijtimoiy – siyosiy va iqtisodiy sohalardagi o‘zgarishlar, etnik va diniy bag‘rikenglikni millatlararo va fuqarolar totuvligining muhim omillari,deb biladi.
Mazkur so‘rovnomada mamlakat fuqarolari haq-huquqlarining himoyalanishi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va mavjud qonunchilik bilan kafolatlanganligini alohida qayd etganlar. Respondentlarning mutloq katta qismi – 98,5 foizi fuqarolarning O‘zbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlangan huquq va erkinliklari ta’minlanayotganini yuksak baholaydi. («Xalq so‘zi», 2015, 27 oktyabr).
Biz yuqorida shaxs haq – huquqlari xalqaro andozalar bo‘yicha u yoki bu mamlakatda qabul qilingan Konstitutsiya va mavjud qonunchilik asosida kafolatlanishi bo‘yicha fikrlashgan edik. Mazkur masalaning O‘zbekistondagi yechimida o‘ziga xoslik bo‘lib, bu narsa inson haq – huquqlari faqat qonunlar bilangina emas, ayni paytda shu jamiyatdagi ma’naviy omillar, yozilmagan qonunlar bilan ham amalga oshirilishida o‘z ifodasini topadi.
Mazkur masalani O‘zbekiston Konstitutsiyasining «Oila» bobidagi 63 -, 64 – , 65, – 66 – moddalari misolida ko‘rishimiz mumkin. Xususan, 63 – moddada oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi, uning jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga egaligi alohida ko‘rsatib berilgan. Haqiqatdan ham, o‘zbek millati uchun oila, uning sofligi buyuk qadriyat hisoblanadi. Oilaning tinchligi, xotirjamligi jamiyatning tinchligi va xotirjamligi bilan uyg‘unligi bekorga ta’kidlanmaydi.
64 – moddada ota – onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi, davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota – onalarining vosiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlashi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantirishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Ushbu qoida aslida oilani,jamiyatni mustahkamlash,ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Qolaversa, ota – onalarning farzand oldidagi majburiyati aslida milliy qadriyat hisoblanadi. Qadimdan urf bo‘lib kelgan ushbu qadriyat,afsuski, so‘nggi yillarda biroz darz keta boshladi. Buning sababi bir tamondan dunyoning tobora globallashuvi, «ommaviy madaniyat»ning turli ko‘rinishlarda yurtimizga kirib kelishi bo‘lsa,boshqa tomondan, ayrim ota – onalar, ayniqsa yosh ota – onalarning oila, farzand masalalaridagi bilim, tajribaning kamligi, shuningdek, ularning mas’uliyatsizligi natijasidir.
Ushbu moddada davlatning yetim bolalar ustidan qiladigan g‘amxo‘rligi alohida e’tiborli holatdir. Aslida yetim- yesirlarga yaxshilik qilish milliy madaniyatimiz, xarakterimiz mazmun- mohiyatidan kelib chiqadi.Said Ibn Musayyab Umar Ibn Xattob (r.a.) Payg‘ambardan (s.a.v.) aytadi:»Agar yetim urilsa, uning yig‘isi bilan arsh titrab ketadi. So‘ngra alloh taolo aytadi:»Ey farishtalarim, otasi tuproqqa yashirilgan yetimni kim yig‘latdi? Holbuki, Allohning o‘zi buni biluvchiroq. Farishtalar:»Ey Parvardigor, bizda ilm yo‘q,bilmaymiz», deyishadi. Alloh:»Bas, Men sizlarga guvohlik beramanki, kim Mening yo‘limda yetimni rozi qilsa, Men uni qiyomat kunida o‘zim huzurimda rozi qilaman» deydi. Payg‘ambar (s. a. v.) yana aytadi:»Ey Jabroil, kim yetimni yig‘latgan bo‘lsa, unga do‘zaxdan joyni keng qil, Men uni u yerda yig‘lataman. Kim yetimni kuldirgan bo‘lsa, unga jannatdagi o‘rnini keng qil, Men uni u yerda kuldiraman»(Al – Faqih Abu Lays As- Samarqandiy.Tanbihul G‘ofilin. – Toshkent, 2013. – 306 – 307- betlar).
Asosiy qonunning 66-moddasida voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota- onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilab qo‘yilgan. Darhaqiqat, hozirgi kunda global ziddiyatlar avj olayotgan, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qadriyatlarning qadrsizlanishi yuz berayotgan bir sharoitda farzand va ota- ona munosabatlari o‘ta dolzarb ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Ming afsuslar bilan tan olishimiz lozimki, hozirgi kunda O‘zbekistonda ham ota- ona va farzandlar o‘rtasida ruhiy- ma’naviy kelishmovchiliklar sodir bo‘layotganligini ko‘rish mumkin.
Ammo voyaga yetgan farzandning o‘z ota-onasi oldidagi mas’uliyati, g‘amxo‘rligining qonun darajasida hal etishga e’tibor qaratilishi mamlakatimizda ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirishda o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lmoqda. Bir kishi kelib Payg‘ambar (s.a.v.) ga »Yo Rasulloh, onam mening oldimda esi yarimta bo‘lib qoldi, men qo‘lim bilan uni ovqatlantiraman, suv ichiraman, tahorat qildiraman, yelkamda ko‘taraman. Uning haqqini ado qila oldimmi?.» Payg‘ambar (s. a. v.) aytdilar:»Yo‘q, yuztadan bittasini ham ado qilganing yo‘q! Lekin sen yaxshi kilyapsan, Allohga qasamki, ozgina narsaga ko‘p savob olgaysan.»Yana aytiladi:»Agar Allohning ilmida ota-onaga «uf» deyishdan ham ko‘ra hurmatsizlik bo‘lganida edi, Alloh o‘shandan qaytargan bo‘lardi. Ota-onaga oq bo‘lgan kimsa xohlaganicha amal qilsin, zinhor jannatga kirmaydi. Ota-onaga yaxshilik qilgan odam xohlagancha amal qilsin, hech ham do‘zaxga kirmaydi». (Al-Faqih Abu Lays Al-Samarqandiy. Tanbihul G‘ofilin. – Toshkent, 2013. – 115-116- betlar).
O‘zbekistonda inson haq-huquqlarini himoya qilishning kafolatlanishi tasodifiy hal emas. Bu narsa o‘zbek milliy qadriyatlari, milliy-madaniy merosida allaqachonlar o‘z o‘rnini topgan. Bizning shaxs haq-huquqlarini himoya qilishda jamiyat tomonidan qabul qilingan qonunlar bilan birga ma’naviy omillarning ham o‘z ahamiyati bor deganda, shubhasiz yuqoridagi holatni nazarda tutganmiz.
Jumladan, jamiyatda ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlarda eng avvalo ularning bunday aloqalaridagi bir-biri oldidagi mas’uliyati, ma’naviy majburiyati, ushbu omillarning vorisiylik tamoyiliga egaligi inobatga olinadi. O‘zbek xalqi, umuman, sharq xalqlari milliy-madaniy merosida, uning qaysi tarixiy davr bo‘lishidan qat’iy nazar ushbu tamoyilga sodiqlikni ko‘rishimiz mumkin. Shu o‘rinda mutafakkir olim va adib buyuk axloq muallimi Husayn Voiz Koshifiy (1442/46 -1505) ning «Futuvvatnomai sultoniy yohud Javonmardlik tariqati» asaridagi quyidagi iqtibosni juda o‘rinli,deb bilamiz. «Agar ota va onaga nisbatan odob necha xil bo‘ladi, deb so‘rasalar, o‘n ikki xil, deb ayt. Birinchidan, kerakli darajada ularning hurmatini saqlash. Ikkinchidan, ulardan dunyo molini ayamaslik. Uchinchidan, qilgan yaxshiliklarni minnat qilmaslik. To‘rtinchidan, ota-ona yuziga tik qaramaslik. Beshinchidan, agar ota va ona chaqirsalar, zudlik bilan huzurlariga kelish. Oltinchidan, ota va ona bilan muloqatda yuzini teskari burmaslik. Yettinchidan,agar gunohga sabab bo‘lmasa, nimaiki buyursalar, bajarish. Sakkizinchidan, ota-ona bilan suhbatda yoki ular huzurida boshqalar bilan gapirganda ovozni ko‘tarmaslik, baqirmaslik. To‘qqizinchidan, ota-ona roziligisiz duosisiz safarga chiqmaslik. O‘ninchidan, har doim ota-ona xursandligini ta’minlash payida bo‘lish. O‘nbirinchidan, ota-onaga marhamatni ibodat deb bilish, ya’niki «jannat onalar qadamining ostida» ekanligini unutmaslik «(Xusayn Vois Koshifiy. Futuvvatnomai sultoniy. Axloqiy muhsiniy.- Toshkent, 2011. – 65- bet).
Yuqorida keltirilgan iqtibos farzandning ota-ona oldidagi burchini mukammal darajada aniqlashtirib berganligi bilan ham muhimdir. Sharq falsafasida doimo ota-ona uchun jonini fido qilishga tayyor turish, imkoni boricha ularning hurmatini joyiga qo‘yish, ularga yaxshilik qilishni oxirating obod bo‘lishini ta’minlovchi omil, deb bilish talab etilgan.
Mavridi kelganda yana shuni ham eslab o‘tish lozimki, shaxs haq-huquqlarini himoya qilishda Markaziy Osiyoda tarkib topib, shakllanib, rivojlangan fiqh ilmining ahamiyati ham katta bo‘lgan. Fiqh- musulmonlarning xulq-atvor qoidalari to‘g‘risidagi islom huquqshunosligi, islom ijtimoiy me’yorlari majmuasi hisoblanadi. Azaldan Buxoro, Samarqand, Marg‘ilon, shuningdek, Nasaf shaharlarida fiqh ilmi kuchli rivojlanish bosqichini boshidan o‘tkazgan.
Manbalarda ta’kidlanishicha, qoraxoniylar davlati hukmdorlari, ayniqsa Ibrohim Mahmud Tamg‘ochxon diyonatli kishi bo‘lib, faqihlar fatvosini olmaguncha hech bir jinoyatchini jazolamas, molu mulkini musodara qilmas edi. U diniy olimlarga izzat va hurmat ko‘rsatib, islom qonun-qoidalariga jiddiy rioya qilar ekan.Ta’kidlanishicha, mazkur hukmdor xalq tinchligini saqlash, molu mulklarning dahlsizligini himoya qilishga katta e’tibor qaratib, jinoatchilarni shavqatsizlik bilan jazolar ekan. Tadqiqotchilar xulosalariga ko‘ra o‘sha davrlarda 300ga yaqin faqih (shariat hukmlarini mukammal bilgan, fiqh fani bilan shug‘ullanuvchi olim) mavjud bo‘lib, 150 dan ortiq fiqhiy (huquqiy) asarlar, 20ta fatovo(fatvolar majmualari) yozilib, ulardan 98 foizi Hanafiy mazhabiga tegishli bo‘lgan ekan.(Abdulhakim Shar’iy Jo‘zjoniy. Islom huquqshunosligi.- Toshkent,2002. -180- bet).
Keltirilgan misoldan shunday xulosa qilish mumkinki, Markaziy Osiyoda inson, uning haq-huquqlarini himoya qilishga har doim ustuvor ahamiyat berilgan.Ta’bir joiz bo‘lsa aytish lozimki, yurtimizda qadimdan shaxs haq-huquqlarini himoya qilishni kafolatlovchi tizim mavjud bo‘lgan. Ushbu tizim doimo rivojlantirib, takomillashtirib kelingan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida, uning har bir moddasida inson, uning huquqlari, manfaatlari himoya qilinganligini ko‘rishimiz mumkin. Ayni paytda o‘zbeklar uchun o‘ta qadriyatli masalalarda yana biri – bu ular haq-huquqlarini himoya qilishda ma’naviy omillarning alohida ahamiyatga ega ekanligidir. Shaxs huquqini himoya qilishning ma’naviy omillariga boy, o‘ta ko‘hna milliy-madaniy merosimiz, jumladan, odob-axloq qoidalari, kishilar o‘rtasidagi, shuningdek, alohida olingan shaxs va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni kiritish mumkin.
Bir paytlar hozirgi Farg‘ona vodiysi Chin davlatiga qaram bo‘lib turganda imperator vodiy hukmdoridan o‘g‘lini o‘z ixtiyoriga yuborishni talab etadi. Vodiy hukmdori esa o‘zi vassal bo‘lishiga qaramasdan Chin imperatoriga quyidagi mazmunda xat yuboradi:»Men talabingga binoan o‘z o‘g‘limni ixtiyoringga yubormoqdaman. Ammo men sendan o‘g‘limning turmaklangan sochini yoyib yurishga, tilini o‘zgartirishga majbur qilmasligingni, urf-odatlariga rioya qilishga to‘sqinlik qilmasligingni talab qilaman». Mazkur xat tom ma’noda ajdodlarimizning azaldan o‘z qadr-qimmatini bilgan, haq-huquqlarini tanigan xalq ekanligidan dalolatdir.
Shaxs haq-huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaydigan muhim omil-ma’naviy omildir . Bu to‘g‘rida yuqorida ham fikrlashgan edik. O‘zbek uchun o‘zi tomonidan qilingan aybi, gunohi uchun mahalladan, qo‘ni-qo‘shnilardan, quda-andalardan uyalishdan ham kuchliroq jazo yo‘q. Chunki uning uchun eng muhimi-o‘zining qadr-qimmati, hamiyati. O‘z qadr-qimmatining kamsitilishi, buning uchun birovdan dakki, e’tiroz eshitish uning uchun o‘limdan battar.
Ayni paytda bu borada muayyan yo‘qotishlar ham yuz berayotganligini ham eslash lozim. Umuman, o‘zbek xalqi uchun qonundan ham jamiyat va shaxslar oldidagi ma’naviy mas’uliyat ustuvoroq ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, biror -bir masalada insonning fikr-o‘yi buzilib, noto‘g‘ri yo‘lga kirmoqchi bo‘lsa qonun moddasidan ham avvalroq «mening bu qilig‘imga mahalla, qo‘ni -qo‘shnim, quda-andalarim qanday baho berar ekan», degan savol ko‘ngliga keladi. O‘zbek uchun or-nomus saqlashdan ham muhimroq narsa yo‘q. O‘zbekiston Konstitutsiyasini qabul qilish chog‘ida aynan o‘sha narsalar-o‘zbek mentaliteti, uning ma’naviyati, tabiati eng muhim omillar sifatida e’tiborga olingan. Konstitutsiyamizning yuqorida ta’kidlaganimiz kabi, boshqa mamlakatlar konstitutsiyalaridan farq qiladigan jihati ham shunda-u demokratik jamiyatni barpo etishga yordam beradigan huquqiy asoslar bilan inson haq-huquqlarini himoya qilishga kafolatlaydigan ma’naviy omillar uyg‘unligidir.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishda muayyan yutuqlarga erishildi.Fuqarolarda siyosiy-huquqiy madaniyat saviyasi muttasil ravishda oshib bormoqda. Eng muhimi-odamlarimizning ijtimoiy faolligi ko‘tarilmoqda. Ular davlat va jamoat ishlarida tobora faolroq ishtirok etmoqdalar, o‘zlarining shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy huquqlari, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini ongli ravishda anglab yetmoqdalar. O‘z huquqlarini qonun doirasida himoya qilishning kafolati sifatida O‘zbekiston Konstitutsiyasi, mavjud qonunchilik qoidalariga amal qilmoqdalar. Erishgan yutuqlarimizning markazida esa fuqarolarimizda demokratik jamiyatda yashash ko‘nikmasining shakllanayotganligi turadi. Qolaversa, bu jarayonga, shubhasiz, ma’naviy omillar juda kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Qonunlar saltanati bilan ma’naviyat saltanatining uyg‘unligi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga kuch bahsh etmoqda.

mgm.uz