Asosiy menu

Yosh fermerning dadil odimlari

Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Jonobod chorvasi” fermer xo‘jaligi 2015-yilni 157 million so‘m sof foyda bilan yakunladi.

Yosh fermer Azizbek Daminov rahbarlik qilayotgan xo‘jalikda o‘tgan yili mavjud 19 gektar maydondagi g‘alladan 70 sentnerdan hosil olindi. Xo‘jalik qoshida tashkil etilgan qo‘shimcha tarmoqlar bu muvaffaqiyatlarda muhim omil bo‘layotir.

Ayni paytda xo‘jalikda xorijdan keltirilgan 157 bosh zotli qoramol parvarishlanmoqda. Sutni qayta ishlash sexida qadoqlangan sut, qatiq, qaymoq, tvorog singari o‘nga yaqin turdagi mahsulotlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘layotir.

– Prezidentimiz rahnamoligida fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor bizni doimiy izlanish, faoliyatimizni kengaytirish, yangi tarmoqlarni tashkil etishga undamoqda, – deydi xo‘jalik rahbari Azizbek Daminov. – Biz yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, faoliyatimizni kengaytirdik. Xo‘jaligimiz qoshida tashkil etilgan sexda kuniga 4 tonna sut qayta ishlanmoqda. Uzumchilik, asalarichilikdan yaxshigina daromad olayotirmiz.

2015-yilda xo‘jalikning aylanma mablag‘lari hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Andijon viloyati bo‘limidan olingan 225 million so‘m kredit hisobiga sutni qayta ishlash sexi modernizatsiya qilindi. Natijada viloyatda birinchi bo‘lib mevali va shokoladli tvorog ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ishlab chiqarish hajmi, mahsulot turi ortdi, sifati yanada yaxshilandi. Sex mahsulotlari Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi savdo do‘konlariga yetkazib berilmoqda.

Yosh fermer Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus” tanlovining tuman, viloyat bosqichlarida bir necha bor g‘olib va sovrindor bo‘lgan. 2015-yilda kasaba uyushmalari tizimida o‘tkazilgan “Eng faol yosh mutaxassis” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Eng faol yosh fermer” nominatsiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan “Yosh fermer” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida g‘olib, deb topildi.

Erishilayotgan muvaffaqiyatlarda ishni tashkil etishda ilg‘or usullarni qo‘llash, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, faoliyatga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xo‘jalik a’zolarini munosib rag‘batlantirish ham muhim omil bo‘lmoqda. Qirqqa yaqin a’zosi bo‘lgan xo‘jalikda samarali ishlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Yosh fermerning kelgusidagi rejalari ulkan. Pishloq va yogurt ishlab chiqarish hamda asal qadoqlashni yo‘lga qo‘yish, xorijga mahsulot eksport qilish, umuman, qo‘shimcha tarmoqlarni yanada kengaytirish hisobidan 50 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni mo‘ljallamoqda.

UzA