Asosiy menu

Modernizatsiya – yuksak samaradorlik omili

Prezidentimiz rahnamoligida sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Navoiy viloyatida iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar yuksak samaralar bermoqda. 2015-yilda o‘zlashtirilgan 1,7 trillion so‘m kapital qo‘yilmalarning 49 milliard so‘mi xorijiy investitsiyalardir. Ularning 67,3 foizi ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirishga yo‘naltirildi. Bu esa umumiy qiymati 1,2 trillion so‘mlik 53 yirik ishlab chiqarish obyektini barpo etish imkonini berdi.

“Qiziltepa un zavodi” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari ish unumini oshirdi – 785 ming dollardan ziyod mablag‘ evaziga xorijdan keltirilgan zamonaviy un tegirmoni kuniga 50 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega korxona imkoniyatini 90 tonnaga yetkazdi.

– Mikroelementlar bilan boyitilgan un mahsuloti ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Qiziltepa un zavodi” aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish bo‘yicha direktori Navro‘z Qambarov. – O‘tgan yili 12 ming 580 tonna boyitilgan birinchi nav un ishlab chiqarildi. Non mahsulotlari tayyorlashda boyitilgan undan foydalanilayotgani aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, boyitilgan bug‘doy unida temir, rux kabi inson organizmi uchun g‘oyat foydali birikmalar bo‘lib, bu kamqonlikning oldini olish, turli kasalliklarni bartaraf etishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 14-maydagi “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarori asosida mamlakatimizda birinchi nav bug‘doy uni va osh tuzi mikronutriyentlar bilan boyitilgan holda ishlab chiqarilmoqda.

– Yuzdan ortiq ishchi mehnat qilayotgan korxonamizda tegirmonlarga uzatilayotgan bug‘doy hamda tayyorlanayotgan un sifati doimiy nazoratdan o‘tkaziladi, – deydi maxsus laboratoriya mudiri Shuhrat Muqimov. – Zamonaviy uskunalar yordamida birinchi nav boyitilgan unga qo‘yiladigan asosiy me’yoriy talab o‘rganib boriladi. Natijada aholiga sifatli mahsulot yetib borishi ta’minlanadi.

Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, xalqimiz dasturxonini mamlakatimizda yetishtirilgan sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, oilalarda to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillarini targ‘ib etishga qaratilayotgan ishlar aholi salomatligini asrash va turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

UzA