Asosiy menu

Aksiyadorlar tajriba almashdi

O‘zbekiston iqtisodiyot vazirligi tomonidan oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlarning bugungi natijalari va istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlolning ilk yillaridan iqtisodiy mustaqillikka erishish, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va arzonligini ta’minlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani qayd etildi. 

Buning samarasida mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi har yili o‘rtacha 10-15 foiz o‘smoqda. Xususan, so‘nggi besh yilda meva-sabzavot va uzum yetishtirish 1,27 baravarga, go‘sht mahsulotlari 1,24, sut mahsulotlari 1,33 baravarga oshdi. Bozorlarimizda uch yuzga yaqin yangi mahsulot paydo bo‘ldi. 

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 5-martdagi 2016-2020-yillarda oziq-ovqat mahsulotlari xomashyo bazasini, meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlangan dasturda soha istiqbollari belgilab berilgan. 

Unga muvofiq, 2016-2020-yillarda qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat xomashyosi ishlab chiqarish o‘rtacha 1,3 baravarga ko‘payadi. Mahsulotlar yetishtirish hajmining o‘sishi oziq-ovqat sanoati korxonalarini jadal rivojlantirishda qo‘l keladi. Misol uchun, meva-sabzavotlarni qayta ishlashni 17 foizdan 25 foizga, go‘sht-sut mahsulotlarini qayta ishlashni 12 foizdan 23 foizga oshirish mo‘ljallanmoqda. 

– Oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozori talablari darajasida tayyorlash uchun korxonalarga zamonaviy texnologiyalar, sifatni boshqarishning yangi standartlari joriy etiladi, – deydi Iqtisodiyot vazirligining qayta ishlash sanoati va oziq-ovqat mahsulotlari bo‘limi boshlig‘i Shahobiddin Ortiqov. – Yillik quvvati 60 ming tonna bo‘lgan savdo logistika markazlari tashkil etish rejalashtirilmoqda. Yarim tayyor va tayyor mahsulotlar, idishlar, qadoqlash materiallari ishlab chiqaruvchi yangi korxonalar tashkil etish uchun 180 dan ortiq manzilli investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini vakuum usulida halqaro talablar darajasidagi shisha idishlarda qadoqlash usuli kengaytiriladi. 

Anjumanda investorlar bilan hamkorlikda zamonaviy agrotexnologiyalarni jalb qilish, meva-sabzavot va uzum hosildorligini oshirish, ichki bozorni yil davomida meva-sabzavot bilan barqaror ta’minlash, eksport ko‘lamini kengaytirish borasidagi chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 

UzA