Asosiy menu

Yangi loyihalar amalga oshirilmoqda

Yurtimizda ishlab chiqarish hajmini oshirish evaziga aholi turmush darajasini oshirish hamda bandligini ta'minlash maqsadida ko‘plab yangi loyihalar hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Bu borada «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina 2016 yilning I choragida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2016 yilgi investitsiya dasturi to‘g‘risida» 2015 yil 25 dekabrdagi PQ-2458-sonli qaroriga asosan «Navoiydonmahsulotlari» AJ tegirmoni Turkiyaning «Makinas enerji» kompaniyasi texnologiyasi asosida, «Buxorodonmahsulotlari» AJ tegirmoni «Alapala» kompaniyasi texnologiyasi asosida modernizatsiya qilindi.
Shu bilan bir qatorda, «Jizzaxdonmahsulotlari» AJ Dashtobod tumanida, «Asaka don mahsulotlari» AJ Asaka shahrida, «Jomboy don mahsulotlari» AJ Samarqand tumanida, «Don xalk rizqi» AJ Shahrisabz shahrida Germaniyaning «Wachtel» kompaniyasi texnologiyasiga asoslangan har biri kuniga 3 tonna non va non mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan yangi non sexlari qurib, ishga tushirdi. Natijada hududlarda 68 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligi, eng avvalo kollej bitiruvchilari ish bilan ta'minlandi. 
Bugungi kunda kichik biznes sub'yektlari uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar va aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi ortishi evaziga ko‘payib borayotgan baliqchilik va parrandachilik xo‘jaliklarini ozuqa mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 7 avgustdagi 233-sonli qaroriga asosan Sirdaryo viloyati Guliston shahrida «Xovosdonmahsulotlari» AJ tomonidan Rossiya texnologiyasi asosida granullangan omuxta-yem ishlab chiqarish sexi tashkil etildi.
Qayd etish joizki, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tizim korxonalari tomonidan ishga tushirilgan mazkur loyihalar uchun jami
16 mlrd.so‘mga yaqin mablag‘ sarf etildi. Ishlab chiqarish sohasida amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar yuqori sifatli un navlari, omixta yem, shuningdek non-bulka va qandalotchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni hamda iqtisodiyot tarmoqlari va respublika aholisini ular bilan ta'minlashni tashkil etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.


Matbuot xizmati.