Asosiy menu

Veb-saytlar ommalashmoqda

Poytaxtimizdagi Aloqa tarixi muzeyida davlat organlari rasmiy veb-saytlarini va elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, davlat organlari veb-saytlari va axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etdi.

Parlament quyi palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari A.Fayzullayev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida fuqarolarning so‘z va axborot olish erkinligi, axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda yaratilgan mustahkam qonunchilik asoslari jamiyat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan islohotlardan xalqimizni o‘z vaqtida xabardor etib borish, jismoniy va yuridik shaxslarning axborotdan foydalanishini, ayniqsa, davlat organlari faoliyatidan aholining xabardorligini ta’minlash imkonini bermoqda. Bugungi kunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining 114 ta veb-sayti mavjud bo‘lib, ularning 90 tasi foydalanishda qulaylik yaratish va zamonaviy texnologik talablarni inobatga olgan holda o‘zlarining mobil shakllarini joriy etgan.

Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, ko‘rsatilayotgan xizmatlar tezkorligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosi “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlab qo‘yilgan. Tadbirda yaqinda kuchga kiradigan mazkur qonunni amaliyotda qo‘llash, uning normalariga muvofiq veb-saytlar faoliyatini yanada takomillashtirish, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatishni tartibga solish masalalariga e’tibor qaratildi.

Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlarining soni ayni paytda 1244 taga yetgan. Seminarda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish, ortiqcha ma’muriyatchilikni bartaraf etish, davlat organlari bilan kelishish jarayoni va arizachi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish, idoralararo elektron shakldagi o‘zaro hamkorlikni optimallashtirish masalalari to‘g‘risida fikrlashildi.

UzA