Asosiy menu

Elektron savdo maydonchasi ishga tushirildi

Internetda www.agrosale.uz veb-sayti ish boshladi. Mazkur elektron savdo maydonchasi mamlakatimiz fermer xo‘jaliklari mahsulotlari eksport salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining «Markaziy Osiyoda mintaqaviy savdoni qo‘llab-quvvatlash» dasturi hamkorligida o‘tkazilgan anjuman mamlakatimizda qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportini qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarga bag‘ishlandi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar samarasida joriy yil boshidan boshlab oldin o‘z mahsulotlarini eksport qilmagan 583 yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, 95 turdagi yangi mahsulotni eksport qilish o‘zlashtirildi.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 16-martdagi «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori kichik biznes, xususiy tadbirkorlik subyektlari hamda fermer xo‘jaliklari salohiyatini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Unga ko‘ra, Jamg‘arma ustav kapitali uch barobarga oshirilib, tadbirkorlik subyektlari tomonidan to‘lanadigan komissiya to‘lovlari 3 foizdan 1 foizgacha tushirildi.

2016-yilning yanvar-fevral oylarida Jamg‘arma tomonidan 496 tadbirkorlik subyektining eksportga chiqishiga, jumladan, 272 korxonaga tashqi bozorlarni o‘rganish hamda xorijdan ishonchli hamkorlar topish yuzasidan ko‘maklashilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan «TECLOT» MChJ xorijiy korxonasi hamkorligida ishlab chiqilgan www.agrosale.uz elektron savdo maydonchasining taqdimoti ham o‘tkazildi. «Biznes-biznesga» qoidasida faoliyat ko‘rsatadigan portal qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining internet segmentidan mustahkam o‘rin egallashini ta’minlaydi.

Endilikda fermer xo‘jaliklari ushbu elektron savdo maydonchasi yordamida ulgurji xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishi, mahsulotni nafaqat mamlakatimizdagi, balki xorijdagi iste’molchilarga ham yetkazib berish yuzasidan savdo amaliyotlarini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Portal o‘zbek, ingliz, rus va xitoy tillarida faoliyat ko‘rsatadi.

– G‘allachilik, sabzavotchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanamiz, – deydi Toshkent viloyati Parkent tumanidagi «Rixsizar Marjon» fermer xo‘jaligi rahbari Jahongir Turopov. – Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, qurg‘oqchil yerlarni o‘zlashtirdik va uzum yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik. O‘ylaymanki, yangi elektron portal sarxil mahsulotlarimizni nainki yurtdoshlarimiz, balki xorijliklar dasturxoniga ham yetkazib berishda qulay vosita bo‘ladi.


UzA