Asosiy menu

Kooperatsiya aloqalari kengaymoqda

Buxoroda o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida 250 dan ortiq korxona o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishdamuhim ahamiyat kasb etuvchi mazkur yarmarkaning nufuzi yildan-yilga oshib borayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3-martdagi 2016-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan yarmarka neftni qayta ishlash, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, mebel, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati salohiyatining o‘ziga xos namoyishiga aylandi.

Yarmarkada to‘qimachilik korxonalari mahsulotlari eksponati alohida o‘rin egalladi. Unda ip-kalava va ulardan tayyorlangan mahsulotlarning keng assortimenti namoyish etildi.

– Ip-kalava ishlab chiqaruvchi “Buyuk istiqlol sari” korxonasi bilan hamkorlik aloqalarimiz rivojlanib bormoqda, – deydi Peshku tumanidagi “Peshku ravon trans” korxonasi rahbari To‘lqin Toshev. – Kooperatsiya birjasi bunda qo‘l kelmoqda. Bugun imzolangan shartnomaga muvofiq, korxona bizga 1,4 milliard so‘mlik xomashyo yetkazib beradi. Ip-kalavadan tayyorlaydigan bo‘z mahsulotimizning bir qismini xorijga chiqaramiz. Kooperatsiya birjasida tuzilgan shartnomaning o‘ziga xos imtiyozi bor. Mahsulotni hamkorimizdan birja savdolarisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri olamiz. Bu ma’lum miqdorda mablag‘ va vaqtni tejab qolish imkonini beradi.

Qorovulbozor tumanidagi “Buxoro rezina texnika” mas’uliyati cheklangan jamiyatini neft-gaz sanoati majmuasidagi korxonalar o‘zining yaqin hamkori, deb biladi va bu yerda tayyorlanayotgan ehtiyot qismlar, materiallarning asosiy buyurtmachisi hisoblanadi. Kooperatsiya birjasi doirasida mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan yirik korxonalar o‘rtasida 1,2 milliard so‘mlikdan ziyod shartnoma tuzildi.

Viloyatda mahalliylashtirilgan mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallarning yangi turlari o‘zlashtirilmoqda. Ular orasida sport tovarlari, kosmetika va kir yuvish vositalari ham bor.

– Turli mahsulotlarimiz, ayniqsa, kir yuvish kukunlariga talab katta, – deydi Vobkent tumanidagi “Bahor plastiks” korxonasi ijrochi direktori Solih Latipov. – Bugungi yarmarkada savdo tashkilotlari bilan qariyb 4 milliard so‘mlik shartnoma imzoladik.

Yarmarkada jami 47,4 milliard so‘mlik va 7,9 million dollarlik shartnoma imzolandi.


UzA