Asosiy menu

Korporativ boshqaruv sohasida tajriba almashildi

Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazida “Katta ekspertlar xizmati – korporativ boshqaruvni qo‘llab-quvvatlashda” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizdagi aksiyadorlik jamiyatlari, kompaniyalar, korxonalar rahbar va vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari S.G‘afforov, Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi direktori B.G‘anixo‘jayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib, biznesni boshqarishning zamonaviy usullari amaliyotga keng joriy etilayotgani, xususiy sektorni izchil rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish, ularning korporativ boshqaruv tizimi, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash va tashqi bozorga chiqarish jarayonlarida faol ishtirok etishi uchun qulay sharoit yaratish, aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aktivlari va ulushlarini qisqartirish orqali davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yuqori bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi talablarini inobatga olgan holda lavozim va kasblarning yangi klassifikatori ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Bu rahbarlik lavozimlariga puxta bilimga ega bo‘lgan, zamonaviy menejment va marketing usullarini amalda qo‘llay oladigan yosh mutaxassislar tayinlanishiga zamin yaratmoqda.

Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini tubdan isloh etish maqsadida joriy yilning birinchi choragida Korporativ boshqaruv kodeksi tasdiqlandi, 244 aksiyadorlik jamiyati tomonidan zamonaviy korporativ boshqaruv talablariga muvofiq ustavlar va boshqa ichki korporativ hujjatlar qabul qilindi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 600 dan ziyod aksiyadorlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga 90 ga yaqin xorijiy menejerlar jalb etilgan. Bu borada, ayniqsa, “GM-Uzbekistan”, “UzBAT”, “Ammofos Maksam” singari qo‘shma korxonalarda katta tajriba to‘plangan.

Tadbirda O‘zbekistonda korporativ boshqaruv usullarini joriy etishda rivojlangan davlatlar, xususan, Germaniya tajribasi keng o‘rganilayotgani, yetakchi xorijiy kompaniyalar, mutaxassislar hamda ekspertlar ishtirokida korporativ boshqaruvning tashkiliy shakllari va zamonaviy uslublarini joriy qilishni metodik ta’minlash, aksiyadorlik jamiyatlari boshqaruv xodimlarini xalqaro standartlar darajasida tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Germaniyaning yetakchi kompaniyalari tashabbusi bilan asos solingan Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi bilan hamkorlik bu borada muhim rol o‘ynamoqda.

2015-yili mazkur maktab bilan faol hamkorlik samarasida tashkil etilgan Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi tinglovchilari xo‘jalik boshqaruvi organlari, aksiyadorlik jamiyatlari va tadbirkorlik subyektlari, xorijiy kompaniya va ta’lim muassasalariga malaka oshirishga yuborilmoqda. Ushbu markaz aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini keng joriy etish, ularning faoliyati samaradorligini oshirishda soha mutaxassislarining malaka va mahoratini yuksaltirish, bu borada xalqaro amaliyotni o‘rganish va tatbiq etish, o‘zaro tajriba almashish, professional boshqaruvchilarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Seminarda mamlakatimizda korporativ boshqaruv tizimidagi tamoyil va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish, ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiya jarayonlariga korporativ menejmentning zamonaviy standartlarini joriy etish borasida yuksak samarali ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini izchil joriy etish, xususiylashtirishni jadallashtirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, jamiyat faoliyatini rag‘batlantirish, ish jarayonining ochiqligini ta’minlash soha rivojining asosi ekani ta’kidlandi.

Anjumanda mamlakatimiz aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo‘yicha iqtisodiy jamg‘armasi – Katta ekspertlar xizmati (SES) faoliyati bilan tanishtirildi. 1983-yilda tashkil topgan mazkur jamg‘arma ma’lumotlar bazasida o‘n mingdan ortiq katta ekspertlar ro‘yxatdan o‘tgan. Iqtisodiyotning ellikdan ortiq sohasida ish yurituvchi bu mutaxassislar tomonidan shu kungacha dunyoning 160 mamlakatida 25 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilgan.

– O‘zbekistonda o‘z faoliyatini 1993-yildan buyon yuritayotgan tashkilotimiz iqtisodiyotning turli sohalarida ish yurituvchi aksiyadorlik jamiyatlari, yirik kompaniyalar rahbar va mutaxassislarining malakasini oshirish, zamonaviy texnika va texnologiyalardan samarali foydalanish, yangi tizimlarni loyihalashtirish, ishni to‘g‘ri tashkil etish kabi qator masalalar borasida ko‘mak ko‘rsatish, bu borada o‘quv kurslarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi, – dedi SES jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi vakili Karina Ayvazova. – Shu kungacha O‘zbekistonda 545 shunday loyiha amalga oshirildi. Bu kabi tadbirlar korporativ boshqaruv sohasida o‘zaro tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish, hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tadbirda SES jamg‘armasi bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

UzA