Asosiy menu

Insonga naf keltirish – oliy baxt

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan mustaqillikning dastlabki yillarida ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni bo‘lmoqda. Bugun xalqaro miqyosda e’tirof etilgan va ko‘plab davlatlar namuna olayotgan mazkur modelning besh tamoyilidan biri – kuchli ijtimoiy himoya siyosatidir.

Bosqichma-bosqich amalga oshirilgan bozor islohotlari jarayonida aholining barcha qatlamini ijtimoiy muhofaza qilishga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu vazifa davlat organlari bilan birga, jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirokida bajarilmoqda.

– Mamlakatimizda har yili yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha dastur qabul qilinib, hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda, – deydi Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi M.Boboyorov. – Ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ta’lim va tibbiyot muassasalari, madaniyat maskanlari, sport inshootlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bu joylarda zamon talablariga mos sharoit yaratish borasida aniq dasturlar asosida ish olib borilmoqda.

O‘tgan yillar davomida aholi yalpi daromadi 12,2-martaga oshdi. Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi.

Insonga naf keltirish – oliy baxt, degan yuksak maqsad yo‘lida ish olib borayotgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari faoliyatida ham mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib ish va dam olish sharoiti yaratish, oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu borada davlat va jamoat tashkilotlari bilan imzolangan kelishuvlar asosida faoliyat yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining VII qurultoyida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan har bir tuman, shaharda kasaba uyushmalari ko‘magida xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari, kichik korxonalar tashkil etish, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati orqali kollej bitiruvchilari bandligini ta’minlash maqsadida 25 tadan yangi ish o‘rni yaratish tashabbusi ilgari surilgan edi.

Ushbu tashabbus asosida Samarqand viloyatida ham yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqilib, tarmoqlar kesimida 409 yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirildi. Hozirgacha tuman va shaharlarda loyihalar amalga oshirilib, 275 yangi ish o‘rni yaratildi.

Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Urgut tumani kengashi tashabbusi bilan Qoratepa qishlog‘ida ish boshlagan qandolatchilik sexida 4 nafar yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

– Kasaba uyushmalari tomonidan taqdim etilgan 3 million so‘m kredit evaziga yangi sex tashkil etdik, – deydi tadbirkor Umida Rajabova. – Seximizda tayyorlangan mahsulotlar hududdagi savdo do‘konlariga chiqarilmoqda. Buyurtma asosida turli pishiriqlar tayyorlamoqdamiz. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirish, yangi turdagi qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan ham viloyatdagi kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida jamoa shartnomalari va kelishuvlar orqali barcha manbalar hisobidan ishchi-xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy himoyalash maqsadida 366 million so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Kam ta’minlangan oilalar vakillariga 49,4 million so‘m moddiy yordam berildi. Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning 152 farzandiga o‘quv qurollari, darsliklar xarid qilish uchun 4,3 million so‘m ajratildi.

Mehnatkashlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida har bir tashkilotda sport musobaqalari o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Paxtachi tumanida havaskor velosportchilar o‘rtasida “Kasaba-tur” velomarafoni va Qo‘shrabot tumanidagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar o‘rtasida yugurish bo‘yicha marafon o‘tkazildi.

“Kasaba uyushmalari – bolalarga”, “Kasaba uyushmalari – harbiylarga”, “Kasaba uyushmalari – xotin-qizlarga”, “Kasaba uyushmalari – faxriylarga” aksiyalari doirasida ijtimoiy muhofazaga doir turkum tadbirlar o‘tkazildi. Bu tadbirlar davomida 200 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisiga pul mukofotlari, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalariga sovg‘alar topshirildi.

Yozgi ta’til kunlarida viloyatdagi 80 ga yaqin doimiy va kunduzgi oromgohda 22 ming 700 bola ta’tilni maroqli o‘tkazmoqda. Ushbu muassasalarda kasaba uyushmalari tomonidan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

Bugun viloyatdagi barcha kasaba uyushmalari tashkilotlari o‘z maqsad va vazifalari asosida faoliyat olib borish bilan birga, Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligini har bir korxona va tashkilotda munosib kutib olish hamda nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.

UzA