Asosiy menu

2015-2019-yillarda 150 investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 9,8 milliard dollar mablag‘ o‘zlashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida mamlakatimizda 2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturining amaliy ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda transport kommunikatsiyalari, zamonaviy telekommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, muhandislik-infratuzilma obyektlarini barpo etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish hisobiga mamlakatimiz sanoat salohiyati samaradorligi yanada oshmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 6-martdagi qaroriga muvofiq qabul qilingan2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturining ijrosi mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning uzviy davomi bo‘ladi. Mazkur dastur avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, temir yo‘l va havo transportini yanada rivojlantirish, elektr va suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiyalash, iqtisodiyot tarmoqlariga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish kabi keng ko‘lamli maqsad va vazifalarni qamrab olgan.

Dastur doirasida 2015-2019 yillarda 150 investitsiya loyihasi bo‘yicha 9,8 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. 2015-yilda va 2016-yilning o‘n oyida 1,3 milliard AQSh dollariga yaqin mablag‘ turli loyihalarga yo‘naltirildi. Jumladan, Maroqand – Qarshi va Samarqand – Buxoro temir yo‘l uchastkalari elektrlashtirilib, mazkur yo‘nalishlarda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududlaridagi 376 kilometr avtomobil yo‘llari qayta ta’mirlandi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tizimida ham qator ishlar amalga oshirildi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi uchun «Boeing 787-800» rusumli samolyot va «Mi-8 MTV-1» rusumidagi vertolyot xarid qilinib, foydalanishga topshirildi. Poytaxtimizda yangi «Toshkent-4» xalqaro yo‘lovchi terminalini barpo etish, kompaniya aviaparkini zamonaviy avialaynerlar bilan yangilash va boyitish loyihalari shular jumlasidandir.

– Dasturda hududlar kesimida elektr energiyasini taqsimlash tizimini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan, – deydi Iqtisodiyot vazirligi boshqarma boshlig‘i Rustam Narimov. – Unga muvofiq 2015-2019 yillarda 25 ming kilometrdan ziyod elektr ta’minoti tarmoqlari hamda 5 mingta transformator punktini qurish va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Milliy mobil aloqa operatori tarmog‘i rivojlantirilib, 12 ming kilometr optik tolali aloqa tarmog‘i qurilishi rejalashtirilgan. Bu yo‘nalishda kommutatsiya markazlari modernizatsiya qilinib, raqamli televideniye tarmog‘ini kengaytirish orqali mamlakatimizning eng chekka hududlarida joylashgan aholi punktlari ham qamrab olinadi.

Aholi turmush darajasini yuksaltirish maqsadida ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va yangilash bo‘yicha ham muayyan ishlar belgilangan. Jumladan, 8 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi, 350 kilometrdan ziyod sanitar tozalash tarmoqlarini modernizatsiya qilish mo‘ljallangan.

2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi pirovard natijada mamlakatimiz sanoat salohiyati va aholi farovonligini yanada oshiradi. Zamonaviy yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining barpo etilishi iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va texnologik yangilashga keng sharoit yaratadi, jadal rivojlanishga turtki bo‘ladi. Buning samarasida tashkil etiladigan yangi ish o‘rinlari yoshlar bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.

UzA