Asosiy menu

Toshkentda hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ish boshladi

«O‘zko‘rgazmasavdo» markazida Toshkent shahar hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi boshlandi.

Unda elektrotexnika, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish materiallari, dori-darmon, tibbiyot, yengil sanoat, charm-poyabzal, kimyo, mebel, chinni, bosma mahsulotlar ishlab chiqarish tarmoqlari va boshqa korxonalar ishtirok etmoqda.

Korxonalar stendlarida poytaxtimiz sanoati salohiyati, xususan, mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘zlashtirilgan mahsulotlar, ilg‘or innovatsion texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan tovarlar hamda xalq iste’moli mollari namoyish etilmoqda.

Tarmoq sanoat yarmarkalari va kooperatsiya birjalari iqtisodiyotimizni jadal va barqaror rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy va samarali texnologiyalarni joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2016-yilgi Toshkent shahar hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi doirasida 68 milliard so‘mlik shartnomalar imzolangan. Bundan tashqari, ishtirokchilar o‘z mahsulotlarini eksportga sotish uchun 65 million dollarlik kelishuvlarga erishgan edi.

– Ishlab chiqarishni 1997-yilda oshxona dudbo‘ronlarini ishlab chiqarish bilan boshlagan edik, – deydi «Statura» xususiy korxonasi savdo bo‘limi boshlig‘i Husan Muhamedov. – Mamlakatimizda ishbilarmonlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli faoliyatimiz yil sayin kengaymoqda. Bugungi kunda korxonamizda «Vitech» brendi ostida ishlab chiqarilayotgan uy radiatorlari, gaz qozonlari, elektr isitkichlar singari o‘ttizdan ziyod tayyor mahsulotlar nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni mamlakatlarda ham iste’molchilarga manzur bo‘lmoqda. Yarmarkada ana shunday xaridorgir mahsulotlarimiz bilan ishtirok etmoqdamiz.

«Chirchiq Expo Clean» korxonasi tomonidan taklif etilayotgan avtomatlashtirilgan sanoat kir yuvish va quritish uskunalari, qadoqlash va dazmollash dastgohlari tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

– Bir necha yildan beri zamonaviy ko‘rinishga ega, energiya tejamkor mahsulotlar ishlab chiqarib kelmoqdamiz, – deydi korxona rahbari Ilhomjon Hamidjonov. – Bu mamlakatimizdagi ijtimoiy soha obyektlarining mazkur dastgohlarga bo‘lgan talabini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan qondirish imkonini bermoqda.

Toshkent shahrida 11 ming 500 dan ziyod sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2016-yil yakuniga ko‘ra, shahar korxonalarining sanoat ishlab chiqarish hajmi 22 trillion 600 milliard so‘mni tashkil qilib, bunda hududiy korxonalarning ulushi qariyb 70 foizga yetgan.

Mahsulotlar turlari ko‘payib, ishlab chiqarish diversifikatsiyasi ortayotgani korxonalar o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasining kengayishiga xizmat qilmoqda. Buni o‘tkazilayotgan Toshkent shahar hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ishtirokchilari sonining oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Bu yilgi ko‘rgazmada qariyb 250 korxona ishlab chiqarishning deyarli barcha tarmoqlari bo‘yicha mahsulotlarini namoyish etayotgani poytaxt sanoat imkoniyatlarining ortib borayotganidan dalolat beradi. Tadbir tashkilotchilarining bildirishicha, ko‘rgazmada 80 milliard so‘mlik va 70 million dollarlik eksport shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari takomillashib borayotgani faoliyatimizni rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi «Turon Energiya Komplekt» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Murodjon Nazarov. – Korxonamizda mijozlar talabiga ko‘ra yuqori va quyi kuchlanishga ega elektr podstansiyalari ishlab chiqarilmoqda. 2016-yilgi yarmarkada Andijon hududiy elektr tarmoqlari bilan 1 milliard 395 million so‘mlik shartnoma tuzgan edik. Bu yil mo‘ljalimiz yanada yuqori.

Yarmarkada ilgari xorijdan keltirilgan, endilikda mahalliy korxonalar tomonidan o‘zlashtirilgan mahsulotlar, jumladan, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yangi rusumdagi yengil va yuk avtomobillari uchun butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, kimyoviy mahsulotlar, muqobil energiya manbalari, energiya tejovchi uskunalarga kommunal soha, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash singari tarmoqlar qiziqish bildirmoqda.

UzA