18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

Yer yuzida ikki yuzdan ortiq davlat, va albatta, har bir davlatning o‘z ramzlari, bayrog‘i bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrog‘imiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatib turadi.
Mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasi o‘laroq, xalqaro miqyosda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, turli sport musobaqalarida g‘oliblikka erishgan yigit-qizlarimiz sharafiga yurt bayrog‘i baland ko‘tarilmoqda. Ana shunday lahzalarda qalblarimizda Vatan tuyg‘usi yanada kuchliroq jo‘sh uradi, xalqimizning salohiyati, kelajagimizga ishonch yanada mustahkamlanadi.
Davlatimiz bayrog‘idagi har bir rang, har bir belgi chuqur ramziy ma’noga ega.
Undagi moviy rang tiriklik manbai bo‘lgan obihayotni, musaffo osmonimizni, kuch-qudratimizni, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni aks ettiradi.
Oq rang – tinchlik, xotirjamlik, yorug‘lik ramzi. Shuningdek, bu rang o‘zida poklik, beg‘uborlik, botiniy go‘zallikni ifodalab kelgan. Demak, bayrog‘imizdagi oq rang xalqimizning pokiza orzu-umidlarini, yorug‘likka, ezgulikka eshligini o‘zida namoyon etadi.
Yashil – yasharish va yangilanish, navqironlik va shodumonlik ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz timsolidir. Qizil chiziqlar esa, tomirimizda jo‘shib oqayotgan ajdodlar qoni – hayotiy qudrat va davomiylik nishonasidir. Shuningdek, bunda Istiqlol, Ozodlik uchun qon to‘kkan erksevar ota-bobolarimizning orzu-armonlari mujassam.
Bayrog‘imizdagi yarim oy va yulduzlar tasviri tarixiy qadriyatlarimiz, umrboqiy an’analarimiz, ma’naviy kuch-qudratimiz bilan bog‘liq. Hilol qo‘lga kiritilgan mustaqillik, ozodlikni ifodalaydi.
Davlatimiz bayrog‘i – o‘tmish, bugun va kelajagimizning yorqin timsoli. Qonunda belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar bayrog‘imizni hurmat qilishlari shart. Zero, unda ruhiyatimiz, g‘urur va iftixorimiz, Vatanimiz va xalqimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatimiz, kelajakka ishonchimiz mujassamdir.
Бошка Mamlakat yangiliklari
- O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi
- Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha axborot berildi
- Xususiylashtirish dasturi bo‘yicha axborot berildi
- O‘zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi
- Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida