Asosiy menu

Buxoroda soya o‘simligi yetishtirilmoqda

Buxoro viloyatidagi «Qorako‘ldonmahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan Qorako‘l, Olot, Jondor va Romitan tumanlarida 1 ming 200 gektar maydonga soya o‘simligi ekib dehqonchilik qilinmoqda.

Shu kecha kunduzda olib borilayotgan monitoring natijalariga ko‘ra, Buxoro dehqonchiligida yangilik sifatida kattaroq maydonlarga ekilgan soya o‘simligining o‘sish va rivojlanishi me’yor darajasida bo‘lib, bugun ularda tuganaklar hosil qilish jarayoni boshlandi.

– Soya o‘simligi hosilini barakali bo‘lishida biz ko‘proq fermerlar kuchiga va ilmiga tayanamiz, – deydi «Qorako‘ldonmahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati bosh mutaxassisi Nuriddin Avezov. – Qolaversa, «O‘zagroinspeksiya» viloyat boshqarmasi mutaxassislarining ham ko‘magi bizga ancha qo‘l keldi. 

O‘tgan yillar kichik maydonlarda olib borilgan tajribalar shuni ko‘rsatmoqdaki, issiqsevar o‘simliklar tarkibiga kiruvchi soya o‘zini o‘zi changlaydi va noqulay ob-havo sharoitiga chidamlidir. Shu jihatdan olib qaraganda, Jondor tumanida ham bu borada qo‘yilayotgan qadamlar qutlug‘ kelmoqda.

Buxoroda barcha imkoniyatlar ishga solinishi natijasida to‘liq gektarlardagi soya maysalari baravj rivojlantirildi. Mo‘l va sifatli hosil uchun mustahkam poydevor yaratilmoqda. Bu esa o‘simlik yog‘i tanqisligini oldini olishga va bozorlar arzonligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.