Asosiy menu

Qorovulbozorlik g‘allakorlar respublikada birinchilardan bo‘lib zafar quchdi


Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumani  joriy yil mavsumida g‘alladan barakali hosil yetishtirib shartnomaviy rejani birinchilardan bo‘lib uddalashdi.

Tuman dehqonlari o‘tgan yili kuzda 5 ming 525 gektarda g‘alla urug‘larini ekib, bug‘doy parvarishi agrotexnik talab darajasida olib borildi. 

«Jarqoq», «Navbahor», «Bo‘zachi» MFYlarida faoliyat olib borayotgan jami 154 ta fermer xo‘jaligida asosan «Starshina» navi bilan bir qatorda «Asr», «Grom», «Krasnodarskaya-99» kabi istiqbolli navlari sinovdan o‘tkazildi. 

7 ta mahalliy kombayn otryadiga boshqa tumanlardan ko‘makka yetib kelgan 47 ta yuqori unumli kombayn jamoasi o‘rim-yig‘imda alohida jonbozlik ko‘rsatdi. 

Ularning har biri bilan bir kunda 15 gektar atrofida bug‘doy hosili terildi. Bu xirmonga yana cho‘lquvarlar tumanida alohida g‘alla maydoniga ega Vobkent tumanining «Yangi hayot» suv iste’molchilari uyushmasi tasarrufidagi 37 ta fermer xo‘jaligining umumiy 2 ming 898 gektarli bug‘doyzori hosilini qo‘shsak, xirmon salmog‘ini yaqqol tasavvur etish mumkin.  

Qorovulbozorlik mirishkor fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qoladigan hosildan tashqari, davlat shartnoma rejasida belgilangan 10 ming 638 tonna g‘alla xirmoni bunyod etildi.  Mirishkorlar elimiz rizq-nasibasini butun qilish yo‘lida dastlabki «dovon»ni zabt etishdi.  Hududda g‘allazor o‘rilib saranjomlangan maydondan ikki barobardan ortig‘i mavjud. Tez kunda hududdagi «Qorovulbozor» hamda «Jarqoq» don qabul qilish maskanlarida yuksalayotgan g‘alla xirmoni 24 ming 370 tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.  

G‘alla o‘rimiga kirishilganidan roppa-rosa bir hafta o‘tib, tumanda davlat shartnoma rejasi oshig‘i bilan uddalangan bo‘lsa, hududdagi fermer xo‘jaliklarining deyarli barchasi mehnat muvaffaqiyatiga erishdi.

«Navbahor» MFYda faoliyat yuritayotgan «Istiqlol», «Fazo BZSH», «Bo‘zachi» «Bo‘zachi» MFY dagi «Axtam Davron», «Samandar Arab», «Mels Lazizbek» , «Zamir Amon» , «Jarqoq» MFY da «Istam Safar zamini», «Sardor Obloqulov», «Sardor Qorovulbozor» kabi fermer xo‘jaliklarida shartnoma rejasi 110 foizdan oshirib bajarildi.

Joriy mavsumda o‘rtacha 1 gektar maydonda yetishtirilgan sara don sarf-xarajati 8 million so‘mdan oshgan. Qo‘lga kiritilayotgan foyda esa gektariga 11 million so‘mdan kam emas. Bundan ko‘rinadiki, o‘rim-yig‘im davrida har gektaridan o‘rtacha 50 sentner hosil ko‘tarilgan taqdirda, tuman yalpi g‘allazoridan qo‘lga kiritilishi kutilayotgan sof foyda 21 milliard  so‘mga yetkaziladi. Asosiysi, hududda hali o‘rim-yig‘im qizg‘in davom etmoqda. Mirishkorlar mavsum oxirigacha gektarlar hosildorligini 55 sentnerga yetkazish maqsadida g‘ayrat-shijoat ko‘rsatmoqdalar.

Tumanda g‘alla hosilidan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin ekish ishlari boshlab yuborilgan. Bu borada maxsus ishchi guruhlari tomonidan kam ta’minlangan, moddiy madadga muhtoj oilalar, ishsiz yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, ularga dalada mehnat qilib, daromad topishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Xususan, fermerlar tomonidan yerni ekishga tayyorlash, urug‘lik olib berish, agrotexnik tadbirlarni bajarish jarayonlarida yordam ko‘rsatilmoqda.




uza.uz