Asosiy menu

Buxoro viloyati gʻallakorlari katta xirmon koʻtardi

Iqlim noqulayliklariga qaramay, joriy yilda Buxoro viloyati gʻallakorlari katta xirmon koʻtardi. Gʻallakorlar 61,6 ming gektar maydondan jami 375 ming tonnadan ziyod don yigʻishtirib oldi. Oʻrtacha hosildorlik 60 sentnerni tashkil etdi.

Yetishtirilgan hosilning 190 ming tonnasi davlatga sotilib, bu boradagi shartnomaviy reja oshirib bajarildi.

Bu haqda voha gʻallakorlarini sharaflashga bagʻishlab Buxoro madaniy markazidagi «Koʻhna va boqiy Buxoro» monumentiga tutash maydonda oʻtkazilgan bayram tadbirida taʼkidlandi.

Taʼkidlash kerakki, erishilgan muvaffaqiyatda viloyatdagi 3,1 mingdan ziyod fermer xoʻjaliklarining munosib hissasi bor.

Joriy yilda ular olgan sof foyda 154,6 milliard soʻmdan ziyod boʻldi. Sohaning rentabellilik darajasi 44 foizga yetdi.

Tadbirda don yetishtirish va uni oʻrib-yigʻishdagi katta tashkilotchiligi uchun tuman hokimlarining qishloq va suv xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlariga Prezident sovgʻasi – «Kobalt» avtomashinalari topshirildi.

2 nafar kombayn operatori, hudud rahbarlarining 2 nafari esa « Damas» yengil avtomashinasi bilan mukofotlandi.

Tadbirda viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev soʻzga chiqdi.





OʻzA